Kirish Ro'yxatdan o'tish
28/06 03:00 Panama 2-1 AQSh
28/06 06:00 Urugvay 5-0 Boliviya
28/06 20:00 So‘g‘diyona 4-2 Dinamo
28/06 20:00 Qizilqum 1-0 OKMK
29/06 03:00 Kolumbiya 3-0 Kosta-Rika
29/06 06:00 Paragvay - Braziliya
29/06 21:00 Shveysariya - Italiya
30/06 00:00 Germaniya - Daniya
30/06 05:00 Kanada - Chili
30/06 05:00 Argentina - Peru
30/06 21:00 Angliya - Slovakiya
01/07 00:00 Ispaniya - Gruziya

"Monako"ning yuksalish tarixi

"Monako"ning yuksalish tarixi

Baho:
+ | -

«Monako» mutasaddilari 2014 yili klub taraqqiyot dasturini o‘zgartirib, transferlar byudjetini keskin kamaytirdilar. Ana shu jiddiy islohotdan keyin monegasklarning chempionlikka da’vogarlik qilishlariga hattoki, eng  ashaddiy muxlislar ham ishonmay qo‘yishgandi. Taajjubki, knyazlik klubi joriy mavsum nafaqat ichki musobaqa, balki CHLda ham muvaffaqiyatli to‘p surmoqda. Xususan, jamoa mahsuldorlik bobida Yevropa milliy chempionatlari ishtirokchilari  orasida yetakchi bo‘lib turibdi.

Darhaqiqat, yanada yuksakroq marralarni ko‘zlagan holda, Angliyaga yo‘l olgan Radamel Falkaoning u yerdagi jiddiy jarohat va omadsiz ijara kelishuvlaridan so‘ng hozirda Yevropaning eng sermahsul jamoalaridan biri hujum chizig‘ida bosh rolni o‘z qo‘liga olishini hech kim xayoliga ham keltirmagandi. Boz ustiga, «Monako» qimmatbaho legionerlardan voz kechib, asosiy e’tiborni mahalliy akademiya tarbiyalanuvchilariga qarata boshlagandi. Qarangki, knyazlik klubi shu siyosat samarasi o‘laroq, fantastik statistika qayd etmoqda: 30ta uchrashuvda 87ta gol! «Ko‘hna qit’a»da hech qaysi klub milliy chempionatdagi bunday mahsuldorlik bilan maqtanolmaydi. Diqqatni tortadigan tomoni, oldingi chiziqda Falkaoga mashhur yulduzlar emas, Valer Jermen yoki Kilian Mbappe singari mahalliy tarbiyalanuvchilar yordam berishmoqda. Bu futbolchilar «Monako» akademiyasi - La-Tyurbida tahsil olishgan.

Yana bir dalil shuki, «Monako» chempionatda nafaqat yosh  futbolchilar, balki mutaxassislar masalasida ham boshqa jamoalarga jiddiy raqobat taqdim etyapti. Xususan, Fransiya futbolining martabali arboblaridan biri Bertran Rezo akademiya prezidenti lavozimiga taklif etildi. E’tiborlisi, bu mutaxassis Parijda naq 11 yil aynan shu vazifani bajargandi. Uning xizmatlari samarasini «PSJ»ning ichki arenada chinakamiga hukmron qilganidan ham bilib olish mumkin. Qolaversa, poytaxt klubi CHLda «Barsa»dek grandni ancha uyaltirdi (1|8 finalning birinchi uchrashuvida 4:0 hisobida zafar quchganini eslang) garchi keyingi raundga chiqolmagan bo‘lsada.  To‘g‘ri, Bertranning o‘zi kamtarona fikr bildiradi: «Men kelmasimdan avval ham «Monako»ning ishlari risoladagidek edi». Bayonotning mazmunini to‘liq tushunish uchun yaqin o‘tmish voqealarini yodga olish talab etiladi. Asosan xorijliklar makoni hisoblangan mittigina knyazlik hech qachon klubga yetarli e’tibor qaratmagan. Deylik, aholining 50 foizini o‘z bag‘riga sig‘diradigan 18 ming o‘rinli stadion ko‘pincha huvillab yotardi. Oqibatda jamoa chiptalar sotuvidan olinadigan daromad bo‘yicha antirekordchi bo‘lib qoldi. Taajjubki, sayyoramizning eng so‘lim va qimmatbaho maskanidan makon topgan «Monako» moddiy resurslar yetishmovchiligi tufayli «lift-jamoa» maqomini oldi.

1975 yili «Monako» boshqaruvini qo‘lga olgan Jan-Lui Kampora «Sosho» va «Nant» klublaridan ibrat olish zarurligi va jamoa asosan o‘z akademiyasi tarbiyalanuvchilari hisobiga yuksak marralarga intilishini e’lon qilgandi. Shundan keyin O‘rta Yer dengizi sohilida joylashgan ajoyib bilim dargohi tom ma’noda tagchillikka duch keldi. Gap shundaki, knyazlikdagi o‘ziga xos demografik sharoit (aholisining umumiy soni 35000 kishi) tufayli u yerda bolalar juda oz. Shu bois, La-Tyurbiga 10-13 yoshli iqtidor sohiblarini jalb etish ikoniyati past. Boshqa shaharlardagi bolalarni qabul qilish esa qonun bilan taqiqlab qo‘yilgan. Shu sabab, «Monako» deyarli shakllanib ulgurgan futbolchilarni taklif etishga majbur bo‘lardi. «Ixtiyorimizda bolalar jamoalari yo‘q. Shunday ekan, oldimizda Klerfonten singari boshqa o‘quv maskanlaridan 15 yoshli o‘smirlarni taklif etib, ular saviyasini talab darajasiga olib chiqish bilan shug‘ullanishdan o‘zga chora yo‘q»,-deydi Rezo akademiya ishiga to‘xtalib. Ha, knyazlik mustaqil saltanat maqomida bo‘lsada, klub taraqqiyotdan ortda qolib ketmasligi uchun Fransiyadagi futbol markazlari bilan hamkorlik qilishga majbur. Ayni payt Fransiyada 12ta mashhur futbol markazi faoliyat yuritmoqda. Tyerri Anri, Lilian Tyuram va Emmanuel Peti kabi afsonalar eng samarador akademiya - Klerfontenda tahsil olishgan.

Xullas, La-Tyurbi mutasaddilari bolalar guruhlarining yo‘qligini o‘ziga xos  yo‘l bilan bilintirmayaptilar. Noyob iqtidor sohiblarini saralab olish uchun yetarli vaqt va imkoniyatga ega mutaxassislar eng yaxshi tarbiyalanuvchilarni knyazlik akademiyasiga taklif qiladilar va ularning chinakam professional darajaga ko‘tarilishlari uchun hech narsani ayamaydilar: «Dargohimizga asosan  bolalik va o‘smirlik yillari oilalari davrasida o‘tgan yoshlar kelishadi. Biror iqtidorli yigitni aniqlasak, darhol muzokara jarayonini boshlaymiz. Aniqroq aytsak, 12-13 yoshli paytiyoq bolakayni o‘z tomonimizga og‘dirish harakatiga tushamiz. Muhimi, tarbiyalanuvchilarning maktabimizga ko‘chib o‘tishlari arafasida ularga iloji boricha qulay sharoitlar yaratib beramiz va albatta, muddatga ham alohida e’tibor qaratamiz»,-deydi Rezo. Ortda qolgan 40 yil davomida «Monako»ga qanchadan-qancha prezidentlar, murabbiylar va futbolchilar kelib ketishdi. Ammo noyob iqtidor sohiblarini qidirib topish va tarbiyalash falsafasi hanuzgacha o‘zgargani yo‘q. Chunki u bugungi kunda ham o‘z samarasini bermoqda.

Endi so‘nggi paytlarda jiddiy shov-shuvlarga sabab bo‘layotgan Kilian Mbappe xususida. Ha, u chindan ham, o‘tgan yili «Arsenal» taklifini rad etdi, garchi afsonaviy Tyerri Anri izidan borayotgan bo‘lsada. Mazkur o‘xshatish bejiz emas. Zero, har ikkisi Zumrad sohiliga kelishdan avval bitta futbol markazida tahsil olgan. Bertran Rezo bu masalada shunday fikrda: «Futbol akademiyalarining eng sara tarbiyalanuvchilari aynan «Monako»ni tanlaydilar. Chunki bizda yosh futbolchilar muntazam ravishda kamolot cho‘qqisini zabt etayotganlarini ko‘rib turadilar». Kilian Mbappe, Toma Lemar va Tyemue Bakayoko kabi iqtidor sohiblari allaqachon APL grandlari e’tiborini tortgan bo‘lsalarda, «Monako» mutasaddilari bundan umuman tashvish tortmaydilar: «Ularni klubda olib qolish uchun ortiqcha bosh qotirishimizning hojati yo‘q. Bu yigitlarga Angliyaga barvaqt yo‘l olgan fransiyalik yosh futbolchilar qayd etayotgan natijalarni ko‘rsatish kifoya qiladi».

«Monako» akademiyasi: jiddiy e’tiborga munosib yosh tarbiyalanuvchilar (top-5)

Loik Badiashile (darvozabon, Fransiya U-18)

Franko Antonuchchi (vinger, Belgiya U-17)

Adriyen Bonjovanni (vinger, Belgiya U-17)

Irvin Kardona (hujumchi, Fransiya U-20)

Mussa Silla (hujumchi, Fransiya U-18)

«Monako» akademiyasi: 5ta eng muhim xususiyat

Skauting. «Shuni aniq ayta olamanki, men ish boshlagan payt «Monako» eng yaxshi skautlar tarmog‘iga ega bo‘lib, u fransiyalik yoshlar orasidan noyob iqtidor sohiblarini topishga yo‘naltirilgandi. Yuqori malakali mutaxassislar mamlakatning barcha hududlaridagi yosh futbolchilar, hattoki, 11-12 yoshli bolalarni ham jiddiy nazorat ostiga olishgandi»,-deydi klub sport direktori vazifasini bajargan Tor-Kristian Karlsen.

Xilma-xillik. Rezoning fikricha bu juda muhim: «Maqsad - har bir pozisiyaga turlicha fazilatlarga ega bo‘lgan nomzodlarni topish. Shu yo‘l bilan ular o‘rtasidagi keraksiz raqobatga chek qo‘yish mumkin». Sobiq sport direktori esa bunga shunday qo‘shimcha qiladi: «La-Tyurbida iqtidorli o‘yinchilar malakali murabbiylardan saboq olib, mahoratlarini mukammalashtirib boradilar».

Ixtisoslashuv. Akademiyada yosh futbolchilar turli pozisiyalarda o‘z iqtidorlarini sinovdan o‘tkazadilar. U-17 guruhi safiga qo‘shilgunlaricha ularning asosiy amplualari ma’lum bo‘ladi. Ilg‘or tarbiyalanuvchilar to‘rtinchi divizionda ishtirok etayotgan o‘rinbosarlar jamoasi tarkibidan joy oladilar.

Maydon tashqarisidagi xulq-atvor. Tabiiyki, akademiyada tartib-intizomga jiddiy e’tibor qaratiladi. «Odatda beodob va badfe’l tabiatli o‘yinchilarni qabul qilmaymiz, ming iqtidorli bo‘lishsada. Chunki ular maydonda ham hayotdagidek pand berishlari mumkin. Zero, bosh maqsadimiz - avvalo, bolalarni har tomonlama mukammal inson darajasida tarbiyalash. Xullas, ijtimoiy ta’lim-tarbiya samarasi o‘laroq, har bir futbolchi o‘z sherigini oson tushunadigan holatga keladi»,-deydi Rezo bu borada.

Big data. Tor-Kristian Karlsenning aytishicha, akademiyada o‘zgacha ma’lumotlar bazasi yaratilgan: «Barcha klublar futbolchilar haqida bir xil uslubda ma’lumot to‘plashadi. Biz esa bu masalada ham ajralib turishga intilganmiz. Masalan, bolalarga ma’lumotlarni yetkazishda maxsus ilovalardan foydalaniladi. Xullas, o‘yinchilar barchasi bilan smartfondagi tahlil yordamida tanishishlari mumkin».

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 12:34, 01.04.2017.
O'qildi: 7414 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.