Futbol millionlar o‘yini, millionlar o‘yinining rivoji uchun esa millionlar kerak. Eng ommabop sport turi hisoblangan futbol rivojiga albatta ulkan moliyaviy imkoniyatga ega shaxslarning qiziqishi muhim ahamiyat kasb etadi. Buni jahon tajribasi ko‘rsatib turibdi. O‘zbek futboli, milliy birinchilik haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, hali mamlakatimiz klublari Osiyo miqyosida grandlar darajasiga ko‘tarilishganicha yo‘q. Bu borada “Bunyodkor” tomonidan ma’lum darajada ishlar amalga oshirildi. “Paxtakor” Osiyoda o‘z o‘rnini topishga harakat qildi. “Nasaf” ichki imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda sezilarli natijalar qayd etishga intildi. Lekin bularning bari o‘zbek futbolini Osiyoda brend darajasiga olib chiqish uchun yetarli bo‘lmayapti.
Oliy ligadagi kurashlar ham mahalliy doirada qolib ketmoqda. Milliy chempionatning saviyasi albatta O‘zbekiston milliy terma jamoasining natijalarida o‘z aksini topadi. Qachonki, klublarimiz har jihatdan kuchayib, malakali futbolchilarni yetishtirib beruvchi bazaga aylanmas ekan jahon chempionati haqidagi orzularimiz orzuligicha qolishi tabiiy. Shu jihatdan olib qaraganda Oliy liga klublarini kuchaytirish, ularni Osiyoning kuchli klublariga aylantirish orqali futbol fabrikalari tashkil etish muhim ahamiyat kasb etadi.
Buning uchun nima qilish lozim, degan savol tug‘iladi. Buning javobi esa oddiy: yirik ishbilarmon va tadbikorlarni klublarga jalb etish natijasida bunga erishish mumkin. Shu kungacha xorijdagi faoliyati orqali milliardlab dollar mablag‘ jamg‘arishga erishgan vatandoshlarimizning o‘zbek futboli rivojiga hiss qo‘shish uchun jalb etila olinsa, juda katta sakrashga erishiladi. O‘zbekiston oliy ligasi Osiyoda birinchi o‘ringa chiqib oladi. Xatto ulkan moliyaviy imkoniyatlarga ega bo‘lgan Xitoy superligasini ham tezda ortda qoldirish mumkin. Chunki o‘zbek futboli salohiyati, sayqalga muhtoj iqtidorlarning ko‘pligi jihatidan Osiyo mamlakatlaridan anchagina katta imkoniyatlarga ega. Bundan tashqari bizning futbolimiz Yevropa futboliga yaqinroq va Osiyoning ko‘plab mamlakatlaridagi kabi futbol bizga 30 , nari borsa 40 yil avval kirib kelmagan. O‘zbek futboli yaqinda o‘zining 105 yillik yubileyini nishonlaydi.
Yaponiya va Koreyada futbolga 1990 yillardan boshlab e’tibor qaratila boshlandi. Arab davlatlari esa 2000 yillardan e’tiboran sportning bu turiga alohida urg‘u bera boshladilar. Xitoyda esa 2015 yildan buyon futbol “bum”i boshlandi. Xo‘sh shunday ekan, nega biz o‘zbek futboli “bum”ini boshlay olmaymiz!
Xorijdagi o‘zbek milliarderlari O‘zbekistonda o‘z bizneslari yo‘lga qo‘yishni boshlashyapti. Shunday ekan ularning moliyaviy imkoniyatlarini biroz futbolga burishning o‘zi bizga bu imkoniyatni bera oladi.
Futbolga befarq bo‘lmagan, Angliyaning “Arsenal” va “Everton” klublari aksiyalariga egalik qiluvchi, 12,5 milliard dollarlik moliyaviy imperiyaning egasi namanganlik Alisher Usmonovning “Navbahor”ga jalb etilishi, Namangan futbolini yangi cho‘qqilarni zabt etishiga chorlashi tayin. Bu haqda biz vodiymedia.uzda bir qator maqolalar berdik. Va bu materiallar katta qiziqish bilan o‘qildi. O‘z vaqtida o‘yingohga 60 minglab muxlis yig‘a olgan “Navbahor”ning bu yil namoyish etayotgan o‘yinlari ham muxlislarni xursand etmoqda. Tasavvur qiling, “Navbahor”ga Joze Mourinyo murabbiylik qilsa, unga mahalliy mutaxassislar Anvar Soliyev va Xayrullo Karimovlar yordam berishsa, jamoaga Odil Ahmedov qaytarilsa, maydonda Jahongir Mehmonov va Ilhom Boydedayevlar bilan birga bir qator dunyo miqyosida mahoratli futbolchilar to‘p sursa. Bu albatta o‘sib kelayotgan yoshlar o‘yinini shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Xuddi shunday ehtimolda Qoraqalpog‘istonning bosh jamoasi – Nukusning “Orol”ini yana qayta tiriltirish mumkin. O‘zbek futboliga Berdax Olloniyozov va Ne’matulla Quttiboyev kabi mahoratli futbolchilarni yetkazib bergan klub bir necha yillardan beri Oliy liga tugul birinchi ligada ham qoniqarli o‘yin namoyish eta olmayapti. Bunday paytda Qoraqalpog‘istonda 1,5 milliard dollarlik loyihani amalga oshirishga kirishayotgan buxorolik Iskandar Mahmudovning jamoaga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatishi “Orol”ning avvalgi nufuzini tiklashiga zamin hozirlaydi.
O‘zbekistonda o‘z biznesini boshlash taraddudiga tushgan qozog‘istonlik o‘zbek milliarderi Fattoh Shodiyev ham futbolga begona emas. Bir vaqtning o‘zida Belgiya fuqarosi hisoblangan Shodiyev o‘z paytida qozoq futboli rivojiga katta hissa qo‘shgan va qo‘shib kelmoqda. Uning say’-harakatlari va aralashuvi bilan Belgiyaning “Genk” jamoasi bir qator qozoq klublari bilan hamkorlikni o‘rnatgandi. Buning natijasida bir necha qozoq futbolchilari o‘z mahoratlari Yevropada sinashga muvaffaq bo‘lishgan va malakalarini oshirishgan. Shunday ekan nega 3,7 millard dollarlik moliyaviy mablag‘ga ega bo‘lgan Jizzax viloyatining farzandi mahalliy “So‘g‘diyona” klubiga yordam bermasin! Davron Fayziyev va Jasur Hasanov kabi futbolchilarni o‘zbek futboliga bergan Jizzax futbol maktabi Shodiyevning moliyaviy ko‘magida yangi yulduzlarni kashf etishi, kuchli klub sifatida shakllanishga yetarlicha imkoniyatlari mavjud.
Farg‘onaning “Neftchi” klubining bu yilgi chempionatda qayd etayotgan natijalari muxlislarni xafa qilayotgani tabiiy. Chunki ilk chempionatning dastlabki to‘rt yilida chempionlik shohsupasidan pastga tushmagan klub, atigi ikki ochko bilan turnir jadvalining so‘nggi pog‘onasida bormoqda. Bu esa klubda qandaydir muammolar borligidan dalolat bermoqda. Bu jamoaga ham yordam berishi mumkin bo‘lgan xorijlik o‘zbek milliarderi bor. U ham bo‘lsa, Fattoh Shodiyevning biznes hamkori, Farg‘onada tavallud topgan Alijon Ibragimovdir. Moliyaviy imkoniyatlari 2016 yil yakunlari bo‘yicha Forbs tomonidan 1,8 milliard dollar deya baholangan “Evraziya bank”ining xo‘jayini Qozog‘istonning eng yirik tadbirkorlaridan hisoblanadi.
Samarqandda futbol jonlanayotgani yaqqol ko‘rinib turibdi. Ayni paytda Toshkentning “Lokomotiv” klubi bilan musobaqa jadvalida qo‘shpeshqadam bo‘lib turgan “Dinamo” uchun ham ehtimoliy homiy mavjudligi samarqandliklarni xursand etishi tabiiy. Uzoq yillardan beri Ukrainada faoliyat ko‘rsatib, neft magnati darajasiga ko‘tarilgan A’zam Aslanov haqida ham yurtdoshlarimiz juda yaxshi bilishadi. Bunga uning 2011 yil o‘g‘li Amonning to‘yi uchun 15 million dollar sarflagani va to‘yda 1,8 million dollar haq evaziga Jenifer Lopesning “jon kechib” xizmat qilgani haqida xabar va videolar sabab bo‘lgani tayin. Shunday ekan samarqandlik yirik tadbirkorning “Dinamo”ga ko‘mak ko‘rsatishi bu klub ishlarini yanada olg‘a bosishiga turtki bo‘lishi tayin.
Buxorolik Iskandar Mahmudovning “Orol”ga “berib yuborganimiz” uchun “Buxoro” klubi ishqibozlari bizdan ranjishmasin. Chunki, Mahmudovsiz ham Buxoro futboliga ko‘mak berish ehtimoli yuqori bo‘lgan dunyo miqyosidagi milliarderlar talay topiladi. Bundaylar sirasiga isroillik yirik tadbirkor Levi Levayevni qo‘shish mumkin. Bundan tashqari moliyaviy qudrati millard dollardan oshiq bo‘lgan yana o‘nlab biznesmenlar buxoro farzandi hisoblanishadi. Shunday ekan agar bu ishga buxoroliklar “bel bog‘lab” kirishishsa, jamoa yurtimizdagi eng qudratli klublardan biriga aylandi.
Yana bir amalga oshishi ehtimoli juda yuqori bo‘lgan loyiha bu – “Gazprom” kompaniyasi bilan yurtimizning biror klubini, misol uchun “Nasaf”, “Mash’al” yoki “Sho‘rtan”ning sport hamkorligini yo‘lga qo‘yishdir. Ayni paytda “Gazprom” o‘zi faoliyat olib borayotgan mamlakatlarda sportga, ayniqsa futbol rivojiga katta mablag‘ sarf etmoqda. Bir tomondan bu sport rivojini rag‘batlantirsa ikkinchi tarafdan uning o‘sha yurtdagi imidjini yaratishda, reklama qilishda muhim ahamiyat kasb etayotir. Ayni paytda “Gazprom”ning ulkan moliyaviy ko‘magi evaziga Sankt-Peterburgning “Zenit” (Rossiya), Gelzenkirxenning “Shalke-04” (Germaniya), Belgradning “Srvena Zvezda” (Serbiya), Sofiyaning SSKA (Bolgariya) jamoalari muvaqiyatlarga erishib kelishmoqda.
“Lokomotiv”, “Olmaliq”, “Metallurg”, “Andijon”ning yirik donorlari bor. O‘zbekiston temiryo‘llari, AGMK, Bekobod metallurgiya kombinati, “GM-Uzbekistan” - ular bemalol bu klublarning ta’min eta oladilar. “Paxtakor”, “Bunyodkor”, “Obod”ning esa o‘z xo‘jayinlari bor. Ularga poytaxtning iqtisodiy quvvati grand klub bo‘lishlari uchun yetarli bo‘ladi.
O‘zbekiston terma jamoasiga o‘rtamiyona emas, yetakchilik qobiliyatiga ega bo‘lgan haqiqiy yulduzlar - No‘’mon Hasanov, Shuhrat Rahmonqulov, Baxtiyor Ashurmatov, Muhtor Qurbonovlarni yetkazib bergan Qo‘qon futbolini esa qo‘qonlik mahalliy badavlat tadbirkorlar bemalol tasarruf eta oladilar.
Xullas, Alisher Usmonov Namanganning «Navbahor», Iskandar Mahmudov Nukusning “Orol”, Fattoh Shodiyev Jizzaxning “So‘g‘diyona”, Alijon Ibragimov Farg‘onaning “Neftchi”, A’zam Aslanov Samarqandning “Dinamo” klublari xo‘jayiniga aylansa va qolgan jamoalar yuqoridagi reja asosida faoliyat ko‘rsatsalar O‘zbekiston Oliy ligasi Osiyoda birinchi o‘ringa ko‘tariladi!
Anvar IKRAMOV