Ha, so‘nggi «uik-end» oqshomlari futbol muxlislariga keskinlik ruhida o‘tayotgan unutilmas uchrashuvlarni tortiq etdi.
«Chelsi» ta’qibchilarga imkoniyat yaratdi
Yaqindagina «ko‘klar»ning joriy mavsumdagi g‘olibliklari hal bo‘lgan masaladek tuyulayotgandi. Hordiq kunlari bo‘lib o‘tgan bellashuvlardan keyin APLning yakuniy bosqichi endi boshlanayotgani oydinlashib qoldi. So‘nggi turda yo‘l qo‘yilgan arzimas xato butun mavsum davomida qilingan harakatlarni puchga chiqarishi hech gap emas.
«Old Trafford»dagi turning markaziy uchrashuviga «Chelsi» o‘zining asosiy darvozabonisiz yo‘l oldi -yaqinda jarohat olgan Tibo Kurtua o‘rnini Asmir Begovich egalladi. Mavsumda bir marta ham maydonga tushirilmagan posbon Kontening ishonchini oqlay olmadi.
Ander Erreraning qanotdan uzatgan to‘pini darvozaga yo‘llagan Markus Rashford 7-daqiqadayoq hisobni ochdi. To‘pni Begovich o‘tkazib yubordi, lekin «Chelsi»ning boshqa o‘yinchilari ham talab darajasida o‘ynay olishmadi. Aftidan, Mourinyo o‘z shogirdlarini sobiq jamoasining kuchli va zaif jihatlaridan mukammal darajada xabardor qilgan. Ularga o‘yin bermaslik rejasini puxta ishlab chiqqan ko‘rinadi. Chunki mehmonlar uchrashuvni faqat himoyalanish bilan o‘tkazishdi. «Avtobus» uslubi samara bermadi - vaqti-vaqti bilan «Chelsi» darvozasi oldida xavfli vaziyatlar yuzaga keldi. O‘z navbatida, David de Xea butun o‘yin davomida ishsiz qoldi - «Chelsi» loaqal bitta aniq zarba bilan xotirjamlikni buza olmadi.
Ikkinchi bo‘limning dastlabki daqiqalarida esa Errera Begovichni ikkinchi marta o‘z darvozasidan to‘p olib chiqishga majbur etdi. Shu yo‘sinda o‘yin taqdiri uzil-kesil hal bo‘ldi. Peshqadamni Manchesterda ochko yo‘qotishini «Tottenxem» muxlislari intiqlik bilan kutishganiga shubha yo‘q. «Shporlar» bu turda ham yirik g‘alaba(4:0)ni rasmiylashtirishdi. «Chelsi»dan tashqari chempionatning barcha yetakchilari navbatdagi 3 ochkoni o‘z hisoblariga qo‘shib qo‘ydilar. Endi «Tottenxem» yetakchidan 4 ochkoga ortda qolmoqda.
«El klasiko»ga yo‘qotishlarsiz, lekin...
«Klasiko» arafasida «Real» ham, «Barselona» ham muxlislari asablarini sinovdan o‘tkazdi. Xixonga safar qilgan peshqadam Iskoning so‘nggi daqiqadagi aniq zarbasi evaziga irodali g‘alabani rasmiylashtirdi. Vaholanki, «qirollik klubi» o‘yin davomida avvaliga o‘z darvozasidan to‘p olib chiqib, keyinchalik muvozanatni tiklayotgandi.
Kataloniya grandi esa o‘z maydonida «Real Sosyedad»ni qabul qildi. Bellashuvning dastlabki daqiqalari kutilganidek, mezbonlar ustunligida o‘tib, «Kamp Nou» tablosida o‘z aksini topa boshladi. Messining «dubl»i evaziga ikki to‘p farqi bilan oldinga chiqib olgan bir paytda, Yumtiti kutilmaganda o‘z darvozasini ishg‘ol qilib qo‘ydi. Ikki daqiqadan so‘ng Alkaser yana ikkita to‘p ustunligini ta’minladi.
Tanaffusga chiqish arafasida «Sosyedad» vakillari Xabi Priyetoning goli evaziga hisobdagi farqni qisqartirishni uddalashdi. Oqibatda «Barsa» muxlislari ikkinchi bo‘limni jiddiy xavotir bilan o‘tkazishdi. Chunki YEL hududida borayotgan mehmonlar hech bo‘lmaganda bir ochko ilinjida hujumga zo‘r berishdi. Ikkinchi bo‘limda darvozani ishg‘ol etish na ularga, na mezbonlarga nasib etdi.
«Atletiko» Ispaniyaning uchinchi jamoasi ekanligini isbotlash uchun tobora sermahsul o‘yin ko‘rsatmoqda. To‘g‘ri, Diyego Simeone shogirdlari 2ta penaltidan foydalana bilishmadi. Zero, Antuan Grizmannsiz to‘p surgan jamoa baribir, autsayder «Osasuna» ustidan yirik g‘alaba(3:0)ga erishdi.
Sovrinli o‘rin uchun «hindular»ni ta’qib qilayotgan «Sevilya» esa Valensiyada nursiz durang bilan kifoyalandi.
Jimjimador Milan derbisi
Italiya «A» seriyasida oltin medallar taqdiri hal bo‘lgan ko‘rinadi. Amaldagi chempion oxirgi o‘rinni band etib turgan «Peskara»ni qiyinchiliksiz mahv etdi va ochkolari sonini 80taga yetkazib oldi. Ikkinchi o‘rinda borayotgan «Roma» esa o‘z uyida «Atalanta»ni yengolmay, qimmatli ikki ochkoni havoga sovurdi.