Yoshlar birinchiligidan o‘rin olgan kichik “vodiy derbi”sida Namanganda mehmon bo‘lgan “Qo‘qon-1912” jamoasi 2:0 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Ushbu uchrashuvda ijobiy natija qayd etish orqali yoshlarimizda musobaqa jadvalida yuqorilash imkoniyati vujudga kelgandi. Ammo, foydalanilmagan imkoniyatlar va ikkinchi bo‘limdagi ikkita xato bunga imkon bermadi.
Uchrashuvning birinchi bo‘limi biroz zerikarliroq o‘tgan bo‘lsada darvozalar oldida bir qator xavfli vaziyatlar kuzatildi. O‘yin boshlarida Ilhom Aliboyev hisobni ochish imkoniga ega bo‘lgandi. Lekin, Aliboyev yakuniy zarbani berishda xatoga yo‘l qo‘ydi. Mehmonlar tez orada Ma’murjon Rahimov ijrosidagi xavfli jarima zarbasi bilan javob qaytarishdi. Rahimovning darvozaga yo‘llagan to‘pini Isroil Obidjonov maydon tashqarisiga chiqarib yubordi. Tanaffusga qadar yoshlarimizda gol urish uchun bir qator imkoniyatlar yuzaga kelishiga qaramay hisobni ochishni imkoni bo‘lmadi. Birgina Ilhom Aliboyev so‘nggi soniyalarda aniqroq harakat qilganida “xet-trik”ni ham nishonlashi mumkin edi. Qo‘qonliklardan esa Ahmadjonovda hisobni o‘zgartirish imkoni yuzaga kelgandi. Obidjonov o‘z postida ishonchli o‘ynab, mehmonlarga gol urish imkoniyatini tuhfa qilmadi.
Ikkinchi bo‘limda ham jamoalar xuddi birinchi bo‘limdagi kabi harakat qilishdi. Oldingisidan farqli o‘laroq hujumlar tashkil etilgan bo‘lsada chin ma’nodagi xavfli vaziyatlar soni u qadar ko‘p bo‘lmadi. 69-daqiqaga kelib, mehmonlar hisobni ochishga erishishdi. Tanaffusdan keyin zaxiradan maydonga tushirilgan Baxtiyor Abdubannonov chap qanotdan boshlangan hujumni samarali yakunlab yaqin masofadan aniq zarba yo‘llay oldi. Goldan keyin futbolchilarimiz vaziyatni o‘nglashga harakat qilishdi. Ana shunday hujumlardan biri hisobni tenglashishiga sababchi bo‘lishi mumkin edi. Biroq, Ilhom Aliboyev Timur Tolipovning oshirib bergan to‘pini darvozaga yo‘llashda xatoga yo‘l qo‘ydi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay esa Muhammadanas Hasanov 19 metrlardan belgilangan jarima zarbasini aniq amalga oshirib, hisobdagi farqni ikkitaga oshirdi. Uchrashuvning qolgan vaqti davomida yoshlarimiz hech bo‘lmaganda javob to‘pini kiritishni ham uddasidan chiqa olishmadi.
Yoshlar ligasi. 10-tur
“Navbahor” – “Qo‘qon-1912” - 0:2 (0:0). 11 may. Namangan. “Markaziy” o‘yingoh. 452 tomoshabin.
Hakamlar: J.Muxtorov – 8,2, R.Odilov – 8,3, M.Nexochin – 8,1, A.Rajabbayev – 8.
Nazoratchi – S.Ermatov.
“Navbahor”: 1. Isroil Obidjonov, 9. Ilhom Boydedayev, 10. Ilhom Aliboyev, 14. Hojiakbar Yunusov, 16. G‘olibbek Karimov, 21. Bilolxon Toshmirzayev (63. Iskandar Siddiqjanov, 81), 26. Javohir Olimjonov, 27. Ravshan Xursanov (51. Akbarali Xoldorov, 34), 35. Alisher Mirzayev (28. Muzaffar Abdullayev, 90), 88. Abdulaziz Nishanbayev (48. Ahmadjon Mamadaliyev, 60), 99. Timur Tolipov.
“Qo‘qon-1912”: 30. Islom Abdullayev, 4. Doniyor Tulashev (70. Muxsinjon Barotov, 90+1), 6. Dilshod Baratov (23. Dadaxon Sulaymonov, 70), 10. Ibrohim Muxtorov (8. Baxtiyor Abdubannonov, 64), 15. Ibrohim Ahmadjonov (7. Ramzbek Isaqov, 82), 18. Ismoil Oxunjonov, 19. Dostonbek Meliqo‘ziyev (11. Ibrohim Usmonov, 82), 22. Muhammadanas Hasanov (26. Avazbek Yusufjonov, 88), 24. Ma’murjon Rahimov, 28. Avazxon Mamatxo‘jayev, 29. Iqboljon Malikjonov.
Gollar: B.Abdubannonov (69), M.Hasanov (82).
Ogohlantirishlar: H.YUnusov (81) - D.Meliqo‘ziyev (13), A.Mamatxo‘jayev (75), I.Abdullayev (77).