Bugun Kardiffdagi «Milenium» stadionida Yevropa Chempionlar Ligasining final uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Unda Ispaniyaning «Real» va Italiyaning «Yuventus» klublari o‘zaro bahs olib borishadi. Madridliklar o‘tgan yili finalga chiqib, «Atletiko»ni mag‘lub etishgandi. «Yuve» esa 2015 yilgi finalda «Barselona»ga imkoniyatni boy bergan.
Joriy mavsum musobaqada 78ta jamoa ishtirok etdi. Umuman olganda, turnir 62-marta o‘tkazilmoqda. Chempionlar Ligasi deb atalgandan buyon 25 yil o‘tdi.
Ilk bora turnir 1955-1956 yillar mavsumida o‘tkazilgan. 1990-1991 yillar mavsumiga qadar musobaqa Chempionlar kubogi deb atalgan. UYEFA rasmiy saytidagi ma’lumotlarga tayanadigan bo‘lsak, 1991-1992 yillar mavsumida oxirgi marta Chempionlar Kubogi o‘tkazilgan. O‘shanda turnir formati o‘zgargan va «pley-off» tizimidan guruh tizimiga o‘tilgan. Aynan o‘shanda madhiya va eblema paydo bo‘lgan. Ayrim statistik saytlar aynan o‘sha mavsumdan boshlab turnirni Chempionlar Ligasi deb yuritishadi. 1992-1993 yillar mavsumidan boshlab musobaqa rasman hozirgi nomi bilan ataladi.
Turnirda 22ta klub zafar quchgan. Shundan 12tasi bir martadan ko‘p g‘alaba qozongan. Ispaniya jamoalari musobaqada 16 marta bosh sovrinni ko‘tarishgan. Sovrinlarni yutish borasida «Real» rekordchi hisoblanadi - 11 marta. Chempionlar Ligasi deb atalgan 1992 yildan buyon birorta klub turnirda qatorasiga ikki marta g‘olib bo‘lmagan. Umuman olganda, oxirgi marta «Milan» qatorasiga ikki marta zafar quchgan - 1989 va 1990 yillarda.
Yevropa Chempionlar kubogi 1955 yili Fransiyaning L~Equipe nashri jurnalisti Gabriel Ano tomonidan tashkil etilgan. Angliya matbuoti 1954 yili «Spartak» va «Gonved»ni mag‘lub etgan «Vulverxempton Uonderers»ni qit’aning eng kuchli klubi deb atagan. Aynan o‘shandan so‘ng Anoda mintaqada xalqaro turnir tashkil etish g‘oyasi tug‘ilgan. Jurnalist o‘z gazetasi orqali kuchli klubni aniqlash uchun uy- safar tizimida musobaqa o‘tkazish lozimligini aytgan. Bir kundan so‘ng u turnirning bo‘lajak loyihasini chop etgan. 1955 yilning yanvarida esa dastlabki Yevropa Chempionlar kubogiga start berilgan.
Shu tariqa Chempionlar Kubogi 1992 yilga qadar davom etdi. Oldinlari musobaqada faqat mamlakat chempionlari va turnirning amaldagi g‘olibi ishtirok etardi. 1997-1998 yillar mavsumidan boshlab, ayrim mamlakatlarning ikkinchi o‘rinni olgan jamoalari ham musobaqada qatnasha boshlashdi. Albatta, bunda federasiyaning UYEFA koeffisiyentlar jadvalidagi o‘rniga e’tibor qaratilgan. Ayni paytda esa koeffisiyentlar jadvalining yuqori o‘rinlaridagi mamlakatlarning to‘rttadan jamoalari YECHLda ishtirok etadi.
1960-2004 yillar davomida Chempionlar Ligasida g‘olib chiqqan jamoa Libertadores kubogi egasiga qarshi Qit’alararo kubok uchrashuvida maydonga tushardi. Ayni paytga kelib YECHL g‘olibi klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etadi.
Mukofot jamg‘armasi
2015-2016 yillar mavsumidan boshlab UYEFA Chempionlar Ligasiga chiqqan har bir jamoa uchun 2 million yevrodan mukofot beriladi. Guruh bosqichida ishtirok etgan jamoalar esa 12 milliondan olishadi. Guruh bosqichidagi har bir g‘alaba uchun 1,5 million, durang uchun esa 500 ming yevro beriladi. 1|8 finalga yo‘l olgan har bir jamoa 5,5, chorak finalga chiqqanlar esa 6 million yevrodan olishadi. Yarim finalchilarga 7 milliondan beriladi. Finalchiga 10,5 million tegsa, g‘olib 15 million yevro oladi.
Mukofot pullari quyidagicha beriladi:
Birinchi saralash raundi: 200 000 yevro
Ikkinchi saralash raundi: 300 000 yevro
Uchinchi saralash raundi: 400 000 yevro
Saralashning final bosqichida mag‘lub bo‘lgan jamoalar: 3 mln. yevro
Saralashning final bosqichida g‘olib bo‘lgan jamoalar: 2 mln. yevro
Guruh bosqichidagi ishtirok uchun: 12 mln. yevro
Guruhdagi har bir g‘alaba uchun: 1,5 mln. yevro
Guruhdagi har bir durang uchun: 500 000 yevro
1|8 final: 5,5 mln. yevro
Chorak final: 6 mln. yevro
Yarim final: 7 mln. yevro
Finalchi: 10,5 mln. yevro
G‘olib: 15 mln. yevro
Homiylar
Liga tashkil etilganda, bir qaror chiqarilgan. Unga ko‘ra, turnir homiylarining soni sakkiztadan oshmaydi. Kelishuvga binoan bu kompaniyalar maydonda 4tadan reklama shitiga ega bo‘lishadi va o‘yinlarning tanaffus paytida reklama vaqtiga ega bo‘lishadi.
Ayni payt quyidagi kompaniyalar YECHLning homiylari hisoblanishadi:
Nissan
Heineken
MasterCard
Adidas
UniCredit
Gazprom
Pepsico
PlayStation
Sovrin
YECHLda g‘olib chiqqan jamoa kubokni o‘z muzeyida 10 oy saqlash huquqiga ega. Shundan so‘ng sovg‘a sifatida kubokning kichraytirilgan nusxasi beriladi. Musobaqada qatorasiga 3 marta yoki umumiy hisobda 5 marta g‘olib chiqqan jamoa kubokni butunlay o‘ziniki qilishi mumkin.
Birinchi Chempionlar kubogi L~Equipe gazetasi tomonidan ishlangan. «Real» dastlabki beshta turnirda g‘alaba qozongani bois kubokni doimiy o‘ziniki qilgan.
Keyingi kubok dizayn jihatidan birinchisidan farq qilgan. Uni bernlik zargar Yurg Shtadelmann yasagan. Kubokning bahosi 10 ming Shveysariya frankini tashkil qilgan. Bo‘yi 62 sm. og‘irligi: 7,5 kg. bo‘lgan. Keyingi kuboklarni tayyorlashda aynan shundan nusxa olingan.
Kubokni butunlay saqlash oltita klubga nasib qilgan. Ular quyidagilar:
«Real» - qatorasiga 5ta g‘alabadan so‘ng (1960)
«Ayaks» - qatorasiga 3ta g‘alabadan so‘ng (1973)
«Bavariya» - qatorasiga 3ta g‘alabadan so‘ng (1976)
«Milan» - 5ta g‘alabadan so‘ng (1994)
«Liverpul» - 5ta g‘alabadan so‘ng (2005)
«Barselona» - 5ta g‘alabadan so‘ng (2015).
Turnir to‘purarlari:
Krishtianu Ronaldu (Portugaliya) 103ta Lionel Messi (Argentina) 94ta Raul (Ispaniya) 71ta Ruud van Nistelroy (Gollandiya) 56ta Karim Benzema (Fransiya) 51ta Tyerri Anri (Fransiya) 50ta Alfredo Di Stefano (Ispaniya) 49ta Andrey Shevchenko (Ukraina) 48ta Zlatan Ibragimovich (SHvesiya) 48ta
Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchilar:
Iker Kasilyas 172 Xavi 151 Raul 149 Rayan Giggz 145 Paolo Maldini 145 Krishtianu Ronaldu 138 Karles Puyol 128 Roberto Karlos 127 Klarens Zeedorf 125 Pol Skoulz 124