Kirish Ro'yxatdan o'tish
28/06 03:00 Panama 2-1 AQSh
28/06 06:00 Urugvay 5-0 Boliviya
28/06 20:00 So‘g‘diyona 4-2 Dinamo
28/06 20:00 Qizilqum 1-0 OKMK
29/06 03:00 Kolumbiya 3-0 Kosta-Rika
29/06 06:00 Paragvay - Braziliya
29/06 21:00 Shveysariya - Italiya
30/06 00:00 Germaniya - Daniya
30/06 05:00 Kanada - Chili
30/06 05:00 Argentina - Peru
30/06 21:00 Angliya - Slovakiya
01/07 00:00 Ispaniya - Gruziya

Timo Verner - buyuk to‘purarlikka munosib yigitcha

Timo Verner - buyuk to‘purarlikka munosib yigitcha

Baho:
+ | -

Yaqinda ro‘y bergan voqea aksariyat ishqibozlarni oz bo‘lsada ranjitdi - Germaniya termasining Konfederasiyalar kubogi uchun e’lon qilingan tarkibiga uch yil avval mundialda g‘olib chiqqan Noyer, Ozil, Kroos va yana ayrim yulduzlar kiritilmadi. Ammo qayg‘urishga hojat yo‘q, bu futbolchilarni kelgusi yozda Rossiya maydonlarida ko‘rishimiz haqiqatga yaqin. Hozircha esa bir necha yildan so‘ng «bundestim»da yetakchi rollarni o‘ynashi kutilayotganlar harakatlaridan bahramand bo‘lamiz. Shunday yuksak iste’dod sohiblaridan biri - bundesliganing navbatdagi mavsumi kashfiyotiga aylangan «Leypsig» klubi vakili Timo Verner.

Rossiya matbuoti u haqida deyarli yozmayapti, vaholanki, «Barselona», «Real» va «Chelsi»dagi taktik o‘zgarishlar qayta-qayta tilga olinmoqda. Umuman, bu g‘alati holat. Verner Yevropaning eng kuchli chempionatlaridan biri hisoblangan bundesligada 21ta gol urdi, «gol}pas» tizimi bo‘yicha to‘rtinchi bo‘ldi, muntazam ravishda termaga chaqirilmoqda. Germaniya futboli afsonalari uning kelajagi porloq ekanini aytishmoqda. «Nemis mashinasi»ning yangi avlodi vakillari orasida yaqqol ajralib turgan o‘yinchi haqida so‘z yuritish uchun bundan ham yaxshiroq sabab topish mumkinmi?

Qayerdan paydo bo‘ldi?

«Ittifoqo, «Leypsig» ishqibozlaridan biri men bilan telefon orqali gaplashmoqchiligini bildirdi, rozi bo‘ldim. Hozir tez-tez qo‘ng‘iroqlashib turamiz yoki u shunchaki, SMS yozadi. Mashhurlar odatda, telefon ekranida qo‘ng‘iroq qilayotgan shaxsning raqami ko‘rinsa, javob berishmaydi. Ammo men bu toifadan emasman. O‘zimni yulduz deb hisoblamayman»,-deydi Verner.

«Shtutgart»ning bolalar jamoasida o‘ynab yurgan kezlari Timoning miyasiga bir qoidani muhrlashgan: qanday maqomda bo‘lishdan qat’iy nazar, hammaga - sheriklar, raqiblar, ishqibozlar, jurnalistlarga hurmat bilan munosabat bildirish shart. Do‘stlari hazil tariqasida uni «hushyor haydovchi» deb atashardi. Verner alkogolga yaqinlashmasdi, turli bazmlardan keyin og‘aynilarini uy-uylariga tarqatardi. Avtomobilni unga otasi shahar chetidagi uzumzorda ko‘maklashgani uchun mukofot tariqasida sotib olib bergandi. Timo tongda gimnaziyaga borar, keyin otasiga yordamlashar, oqshom esa mashg‘ulotlarga shoshardi.

O‘sha kezlari shvablar akademiyasidagi ayrim jihatlar yigitchaga keraksizdek tuyulardi. Ammo bugunga kelib, ushbu ta’lim maskanida olgan bilimlari Germaniya termasiga olib boruvchi yo‘lda asqotmoqda. Har hafta sartaroshxona yoki tatu-salonga borishdan ko‘ra, o‘yin va mashg‘ulotlardan bo‘shagan paytlari Yevropaning eng yaxshi futbolchilari ishtirokidagi uchrashuvlar aks etgan videoyozuvlarni ko‘rib chiqib, yon daftarchasiga qaydlar kiritishni foydaliroq deb biladi.

17 yoshida ilk bor bundesliga o‘yinida maydonga tushdi, ikki haftadan so‘ng debyut golini urdi - qadrdon klubning 120 yilligi nishonlanayotgan kunda «Ayntraxt» darvozasini ishg‘ol qildi. «Shtutgart» tarixida yuqori darajali o‘yinda to‘p kiritgan eng yosh futbolchi o‘sha bahs uchun maxsus tayyorlangan retro-libosda tribunalar tomon oshiqdi. Bunda qandaydir ramziy ma’no bor edi. Ertasiga Verner odatdagidek, gimnaziyaga bordi - otasi farzandining ma’lumotli bo‘lishini xohlardi.

Qahramonimiz shu bilan to‘xtab qolmay, «eng yosh futbolchi» sifatida qator rekordlar qayd etdi. Bundesligada: «Shtutgart» safida gol, «dubl», 50ta va 100tadan o‘yin. U juda tezkor, bardoshli, texnikasi yuqori, ziqna emas. 19 yoshida chempionatni 16ta gol bilan yakunladi. Ammo ke-yingi mavsum faoliyatida pasayish kuzatildi. 9 oy mobaynida atigi to‘rtta gol urdi, asosiy tarkibdagi o‘rnini yo‘qotdi, ishqibozlar va matbuotchilar uni yulduzlik kasaliga chalinganlikda ayblab, bosim uyushtirishdi. Mavsum yakuniga ko‘ra, ikkinchi bundesligaga ravona bo‘lgan «Shtutgart» 10 mln. yevro kompensasiya evaziga o‘z tarbiyalanuvchisini «Leypsig»­ga qo‘yib yubordi.

Ehtimol, Timo qaysidir pallada o‘zining noyob iqtidoriga ishona boshlagandir, ammo Leypsigdagi ikki Ralf - Xazenxyuttl va Rangnik osmonda uchib yurgan yigitchani darhol yerga qaytarishdi. Yakuniga yetgan mavsumda Vernerni to‘xtatishning iloji bo‘lmadi - «Bavariya»ga qarshi kechgan bahsda «xet-trik» muallifiga aylandi, Diter Myuller davri (1974|1975 yillar mavsumi)dan buyon ilk bor 21 yoshdan kichik futbolchi sifatida bundesligada 19ta to‘p kiritgan o‘yinchiga aylandi.

Bir kuni Vernerning telefoni jiringladi, ekranda notanish raqam porlab turardi. Javob berish tugmasini bosganda esa go‘shakning narigi tomonidan Yoaxim Lyovning ovozi eshitildi.

- Dastavval, do‘stlarim hazil qilishyapti, deb o‘yladim, axir hozir shunaqa narsalar urfga kirgan-ku, - dedi Verner keyinchalik. - Ammo yakunda hammasi haqiqat bo‘lib chiqdi - ko‘p o‘tmay, milliy jamoada debyutimni nishonladim.

Qanday o‘ynaydi?

Verner «Shtutgart»dagi faoliyatini markaziy hujumchi sifatida boshlagan. 2016|2017 yillar mavsumida ham xuddi shu ampluada ko‘rinish berdi, biroq «Leypsig» bosh murabbiyi Ralf Xazenxyuttl bir nechta uslublarni qo‘llab, Timoni yuksak darajali universalga aylantirdi. Yosh futbolchi hujumning istalgan chizig‘ida binoyidek to‘p sura boshladi. Ko‘pincha Verner chap qanotdan oldinga o‘tib, bo‘sh hududlar topadi va shu tariqa himoyachilarni aldab o‘tib, hujumga keskinlik bag‘ishlaydi. Hozircha buni ajoyib tarz­da uddalamoqda - yakuniga yetgan mavsumda shunday yakkakurashlarning 77 foizi Verner foydasiga hal bo‘ldi.

Tutgan yerini kesadigan va o‘ta faol Vernerning harakatlari «Leyp­sig» uchun ayni muddao - Timo o‘rtacha hisobda 90 daqiqa mobaynida samarali hujumda ishtirok etadi. Endi «buqalar» hujumchisining universalligiga qaytamiz. Odatda, Xazenxyutl biroz tushunarsiz va hozirgi paytda uncha urf bo‘lmagan 4-2-2-2 taktik sxemasiga tayanadi. Demme hamda Keyta tayanch chizig‘ida harakatlanishadi, biroz oldinroqda Forsberg-Zabitser juftligi javlon uradi, so‘ngra Poulsen va Verner joylashishgan.

Yussuf Poulsen singari futbolchidan har qaysi murabbiy «targetmen» (bo‘yi uzun, bosh bilan yaxshi o‘ynaydigan o‘yinchi) sifatida foydalanishi aniq edi: u yakkakurashlarga chiqib, yuqoridan keladigan to‘plarni tezkor sheriklariga olib beradi. Verner va Forsberg ko‘pincha bunday holatlarda zarba yo‘llaydigan vaziyatga chiqib borishadi. Ularning Tom Shtarke qo‘riqlayotgan darvozaga yaqin holatda to‘pni qabul qilishgani fikrimizga isbot bo‘lishi mumkin.

Oddiy misol. Havodagi kurashda g‘olib chiqqan Poulsenning uzatmasi Forsbergga borib tushadi, u esa Vernerni qulay vaziyatga chiqaradi.

Timo dastlab Boateng, so‘ngra Lamni aldab o‘tib, «Bavariya» darvozasini ishg‘ol qiladi.

Biroq bunday o‘yin uslubi «Leypsig»ga xos emas. Vernerning holatga to‘g‘ri baho berishi, bo‘sh hududlarni topishi jamoaga bama’ni hujumlar uyushtirishda asqotadi. Vaholanki, o‘sha vaziyatda oddiy o‘ynash ham mumkin. Misol uchun, himoyachi Ilzakner uzatma yo‘llaganda Vernerning o‘sha qanotdan oldinga tashlanishini ko‘pchilik kutmaydi...

... So‘ngra markaz tomon intiladi va Poulsenning to‘pni qulay tarzda egallab olib, bo‘sh zonaga pas uzatishini kutadi.

Tezkor hujumlar chog‘i Timo markazni bo‘shatib, qanotga o‘tadi va «ofsayd» chizig‘ini nazorat qilgan holda to‘p suradi. Natijada Poulsen to‘pni Forsbergga uzatadi, u esa o‘z navbatida, himoyachilar ko‘zini shamg‘alat qilishga o‘rgangan Vernerni qulay vaziyatga chiqaradi.

Bu kabi kombinasiyalar qaysidir ma’noda, Forsbergning 18ta samarali uzatma bilan bundesliganing eng yaxshi assistenti bo‘lishini ta’minladi. Verner esa aniq paslar borasida maqtana olmaydi - u asosiy e’tiborni raqibni aldab o‘tish yoki darvozaga zarba yo‘llashga qaratadi. Sheriklariga to‘p uzatish bo‘yicha esa muammolari yo‘q emas.

Vernerga milliy jamoada ham katta umid bildirishmoqda. Miroslav Kloze ketgach, «bundestim» hamon yuqori darajali markaziy hujumchiga ehtiyoj sezmoqda (yoshi o‘tib qolgan Mario Gomesning gohida porlagani hisob emas). Timoning jahon chempionatida universal forvard rolini bajara olishiga ko‘pchilik shubha bilan qaramoqda. «Leypsig» hujumchisining aynan qanday uslubda o‘ynashi hamon noaniqligicha qolyapti. Binobarin, Vernerning o‘zida bu savolga javob bor:

O‘ylashimcha, men - hujumchilarning yangi toifasiga kiraman, - deydi u. - 2010 yilgi jahon chempionatidan so‘ng futbolning qay tariqa rivojlanganiga nazar tashlasangiz, aksariyat jamoalar deyarli klassik markaziy forvarddan voz kechishganiga guvoh bo‘lasiz. Bu ampluada to‘p suradigan yuqori darajali futbolchilardan hozir atigi 20 nafari qoldi, xolos. Katta ehtimol bilan, ikki hujumchi taktikasi yana urfga kiradi, biz hozir «Leypsig»da shu uslubga tayanmoqdamiz. Albatta, Germaniya termasida kreativ yarim himoyachilar bisyorligi tufayli yagona forvard bilan o‘ynash ma’qul ko‘rinadi. Shu bitta joyni egallay olamanmi, yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi».

Bundesliganing yakuniga yetgan mavsumini diqqat bilan kuzatganlar Vernerning nimalarga qodirligini payqagan bo‘lishlari tayin. Mabodo, qaysidir sabablarga ko‘ra, Germaniyaning eng dovyurak klubi o‘yinlarini o‘tkazib yuborgan bo‘lsangiz, ranjishga hojat yo‘q. Shunchaki, Konfederasiyalar kubogi bahs­larini tomosha qilib, «nemis mashinasi» safidagi texnikasi yuqori yosh hujumchining harakatlariga razm soling. U 2018 yilning yozida Tomas Myullerning jasoratini qaytarsa, ajabmas. Shu tariqa nafaqat Lyov qo‘l ostidagi jamoa, balki butun mundialning eng yorqin futbolchilaridan biriga aylanishi mumkin.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 13:09, 06.06.2017.
O'qildi: 3790 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.