Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

«A» seriyada mavsum yakunlari

«A» seriyada mavsum yakunlari

Baho:
+ | -

Qanchalik hayratlanarli tuyulmasin, bu fakt - himoyaviy futboli tufayli «zerikarli» maqomini olgan Italiya «A» seriyasi yakunlangan mavsumda eng sermahsul liga bo‘ldi. Xo‘sh, Yevropaning yetakchi 7ta ligasida asosiy statistik ko‘rsatkichlar qanday ko‘rinish oldi?

Mahsuldorlik

Gohida futbol shunday natijalar taqdim etadiki, ular yillar davomida shakllangan tushuncha-xulosalarni butkul parchalab tashlaydi. Ha, «A» seriyasi mavsum-2016|2017 yakuni bo‘yicha eng sermahsul liga sifatida ko‘rsatilishi mumkinligini kim o‘ylagandi? Axir mavjud tushunchalarga ko‘ra, Italiya jamoalari avvalo, himoya va o‘z darvozalari daxlsizligini saqlashni o‘ylaydi va omadli qarshi hujumlarga umid bog‘laydi. Umuman, italyan futboliga nisbatan «himoyaviy» ta’rifini ishlatish oddiy holatga aylanib ulgurgan. Endi aniq raqamlarga e’tibor qarating: Italiya chempionati doirasidagi jami 380ta o‘yinda 1123ta gol qayd etildi. Ya’ni bir mavsum avvalgi ko‘rsatkichga nisbatan 144ta ko‘p gol urildi. Xullas, o‘rtacha mahsuldorlik 2,58dan 2,96ga oshdi. Oddiy aytganda, «A» seriyasi ixlosmandlari bitta o‘yinda o‘rtacha hisobda deyarli 3tadan gol ko‘rishdi. Yana bir diqqatga sazovor tomoni shuki, kuchli 5ta liga qatoriga kiruvchi qolgan chempionatlarda ham gol masalasida o‘sish kuzatildi. Deylik, Angliya premyer-ligasida o‘rtacha ko‘rsatkich 2,70dan 2,80ta golga oshdi. Boshqa chempionatlardagi o‘sish dinamikasi ham chakki emas: Ispaniya - 2,74ta o‘rniga 2,94ta, Germaniya - 2,83ta o‘rniga 2,87ta, Fransiya - 2,53ta o‘rniga 2,62ta gol. Rossiya premyer-ligasidagi manzara esa mutlaqo teskari: chempionatdagi 240ta o‘yinda 512ta gol qayd etildi va bu mavsum-2015|2016dagidan 76ta kam. Xullas, rus ligasidagi o‘zi ancha past bo‘lgan o‘rtacha mahsuldorlik (1ta o‘yinda o‘rtacha hisobda 2,45ta gol) yanada tushdi. Bitta o‘yinda 2,13ta gol - bu juda ayanchli.

Aytgancha, 31 mart holatiga ko‘ra, 7ta liga doirasidagi 17ta o‘yinda 8tadan ko‘p gol kuzatilgandi. Mavsumning qolgan 1-1,5 oyida bular qatoriga yana naq 13ta o‘ta mahsuldor o‘yin qo‘shildi. Xullas, umumiy hisobda mavsum doirasidagi 30ta o‘yinda muxlislar kamida 8ta gol ko‘rishdi. Ular orasida faqat «Bavariya» va «Gamburg» o‘rtasidagi bahsda gollar bitta jamoa tomonidan urildi. Ya’ni myunxenliklar 8:0 ko‘rinishida g‘alaba qozonishdi. Umumiy hisobda aytsak, Italiya «A» seriyasida 12 (!)ta «jimjimador» natija qayd etildi. Germaniyadagi 7ta, Ispaniyadagi 5ta, Angliyadagi 3ta, Portugaliyadagi 2ta va Fransiyadagi 1ta o‘yinda muxlislar kamida 8ta gol guvohiga aylanishdi. Birgina Rossiya chempionatida bunday samaradorlik kuzatilgani yo‘q. Rus premyer-ligasidagi o‘yinlarda maksimal natija 7ta golni tashkil etdi: «Tom» — «Lokomotiv» - 1:6 va «Terek» — «Ural» - 5:2. Eng qizig‘i, bundan avvalgi mavsum «A» seriyasining biror o‘yinida 8ta yoki ko‘proq gol urilgan emasdi, aksincha, Rossiya elit divizionida naq 3ta uchrashuvda shu darajadagi gollar «jala»si yuz bergandi.

Golsiz duranglar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Rossiya chempionatiga tegishli: jami o‘yinlardan 13,8 foizida muxlislarga gol tortiq etilmadi. Bu boradagi eng past natija Italiyada qayd etildi. E’tibor bering, «A» seriyasining atigi 5,0 foiz uchrashuvi 0:0 hisobida tugadi.

Chempionat «zichligi»

Mavsum yakuniga ko‘ra, xuddi bir yil oldingidek, Germaniya (2,27) va Fransiya (2,48) chempionatlari «zichlik» bobida alohida ajralib turdi. 3tadan yetakchi va autsayder o‘rtasidagi eng katta farq esa Ispaniya (3,58) va Italiya (3,47) birinchiliklarida kuzatildi. Endi 20ta klubi bor ligalarni o‘zaro taqqoslaymiz: 4ta chempionatda yetakchilar uchligi umumiy hisoblaganda deyarli teng miqdorda ochko to‘pladi ( Angliyada - 257ta, Ispaniyada - 261ta, Italiyada - 264ta va Fransiyada - 260ta). Ammo Fransiya ligasi autsayderlari birgalikda naq 105 ochko olib, bu borada qolgan birinchiliklardagi qismatdoshlarini ancha ortda qoldirishdi. Zero, APLning 3ta autsayderi atigi 86 ochko to‘plagan bo‘lsa, La-ligada 18-20-o‘rinni band etgan ishtirokchilar 73 ochko bilan cheklanishdi. Italiya chempionati autsayderlari hisobiga esa jami 76 ochko yozildi. Rossiya premyer-ligasida yetakchilar va autsayderlar o‘rtasidagi farq 2,49dan 2,74ga oshdi. Bu mavsum-2016|2017 yetakchilari bir yil avvalgi peshqadamlarga nisbatan 5 ochko ko‘p jamg‘arishgani (187ta o‘rniga 192ta) va autsayderlar aksincha 5 ochko kam olishgani (75ta o‘rniga 70ta) bilan bog‘liq.

Penalti masalasi

11 metrli jarima zarbasini muvaffaqiyatli bajarish masalasida Fransiya elit ligasi oldinda - 78,4 foiz aniqlik. Rossiya ligasi vakillari ham penaltini amalga oshirishda chakki emaslar - 76,8 foiz holatda gol urishgan. Bu boradagi eng past natija «A» seriyasiga tegishli - Italiyada futbolchilar 71,5 foiz penaltini gol bilan tugatishgan, xolos. Bundesligada bu ko‘rsatkich 72,4 foizga teng. Umuman, tahlil uchun olingan 7ta chempionatda penaltidan foydalanish foizi o‘rtasida farq u qadar katta emas. Penalti masalasini bir yil oldingi statistika bilan solishtirsak, Fransiya (}7,4 foiz) va Ispaniya (}1,6 foiz)da o‘sish kuzatilgan bo‘lsa, Germaniya (-6,7 foiz) hamda Portugaliya (-6,1 foiz)da sezilarli pasayish qayd etildi. 1ta o‘yinga o‘rtacha hisobda to‘g‘ri keladigan penalti bo‘yicha eng yuqori natija Ispaniya (0,36ta) va Fransiya (0,33ta)da. Angliya (1ta o‘yinda o‘rtacha 0,28ta), Portugaliya va Rossiya (0,29tadan)da esa nisbatan kam penalti belgilandi. Bir yil oldingi holat bilan taqqoslasak, Fransiyada 11 metrli jarima zarbasi soni ko‘paydi (1ta o‘yin uchun o‘rtacha hisobda }0,09ta).

Aytgancha, «Barselona», «Lasio» va «Sporting» (Lissabon) klublari bir yil avval ham o‘z ligasida eng ko‘p penalti tepgan jamoa bo‘lgandi. E’tiborli fakt, 7ta ligadagi jami 132ta klubdan birgina «Rostov» (Rossiya)ga penalti tepish nasib etmadi.

 ------------------------------------------

P.S.: 7ta milliy chempionatga daxldor sariq va qizil kartochkalar, to‘purarlar hamda muxlislar statistik tahlili bilan gazetamizning keyingi sonlarida tanishishingiz mumkin.

31 martdan keyin 8ta yoki ko‘proq gol urilgan o‘yinlar

Angliya: «Xall» — «Tottenxem» - 1:7

Ispaniya: «Barselona» — «Osasuna» — 7:1, «Deportivo» — «Real» — 2:6

Italiya: «Fiorentina» — «Inter» — 5:4, «Lasio» — «Palermo» - 6:2, «Lasio» — «Sampdoriya» — 7:3, «Kyevo» — «Roma» — 3:5, «Sassuolo» — «Kalyari» — 6:2, «Torino» — «Sassuolo» — 5:3

Germaniya: «Xoffenxaym» — «Borussiya» M. — 5:3, «Verder» — «Xoffenxaym» — 3:5, «RB Leypsig» — «Bavariya» — 4:5, «Gerta» — «Bayer» — 2:6

7ta ligada eng ko‘p penalti tepgan jamoalar va «nuqta»ga eng ko‘p ishora qilgan hakamlar

Angliya (38ta o‘yin). «Bornmut» — 10ta (7tasi samarali); M.Oliver - 33ta o‘yinda 13ta penalti

Ispaniya (38ta o‘yin). «Barselona» — 9ta (8tasi samarali); X.M.Martines - 21ta o‘yinda 10ta penalti

Italiya (38ta o‘yin). «Lasio» va «Roma» — 14tadan (12tadan samarali); A.Damato - 17ta o‘yinda 11ta penalti

Germaniya (34ta o‘yin). «Bayer» — 9ta (4tasi samarali); F.Brix - 18ta o‘yinda 11ta penalti

Fransiya (38ta o‘yin). «Lion» — 14ta (12tasi samarali); Y.Amel va F.SHneder - tegishlicha 22 va 23ta o‘yinda 11tadan penalti

Portugaliya (34ta o‘yin). «Sporting» - 13ta (9tasi samarali); B.Payshau va A.Diash tegishlicha 13ta va 18ta o‘yinda 8tadan penalti

Rossiya (30ta o‘yin). «Lokomotiv» — 10ta (8tasi samarali); A.Eskov va S.Ivanov tegishlicha 15 va 13ta o‘yinda 9tadan penalti

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:27, 08.06.2017.
O'qildi: 3392 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.