Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton 0-1 Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton 2-0 Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul 3-1 Lester
28/12 00:30 Brayton - Brentford
28/12 01:15 Arsenal - Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter

Shuhrat Muhammadiyev: “Lokomotiv”ga oldinroq kelishim ham mumkin edi"

Shuhrat Muhammadiyev: “Lokomotiv”ga oldinroq kelishim ham mumkin edi"

Baho:
+ | -

Qadrli futbol ishqibozlari, “Lokomotiv” PFK matbuot xizmati #LOKOMANIA loyihasi doirasida jamoa futbolchi hamda murabbiylari bilan eksklyuziv intervyular tashkil etish orqali siz – aziz muxlislarimizga ularni yanada yaqinroq tanishtirishga harakat qilib kelmoqda. Loyihamizning navbatdagi mehmoni – “temiryo‘lchilar” jamoasi a’zosi – Shuhrat Muhammadiyev.

Mahoratli himoyachi muxlislar tomonidan yuborilgan bir qator savollarga ham javob qaytardi. Quyida Muhammadiyevning ilk katta intervyusini o‘qish imkoniga ega bo‘lasiz hamda u haqdagi hali ko‘pchilik eshitmagan ma’lumotlarni bilib olishingiz mumkin.

– Shuhrat, “Millionlar o‘yini”ga qay tariqa kirib kelgansiz?

– Rostini aytsam, ko‘chada o‘rtoqlarim bilan to‘p tepishni juda xush ko‘rardim. Mahalladagi barcha bolalar to‘planib, tez-tez futbol o‘ynab turardik. Shunday o‘yinlardan birida Otabek aka Hotamov meni o‘z jamoasiga taklif qildi. U kishi olib boradigan mashg‘ulotlarga qatnay boshladim va biroz vaqt o‘tgach meni Shahrisabzning “Hisor” nomli jamoasiga chaqirishdi. Shu tariqa 2-ligada o‘ynay boshladim.

– Demak, bir kun kelib professional futbolchi bo‘laman, deb o‘ylamagansiz…

– Yo‘q! Men shunchaki, ko‘chada to‘p tepishni yoqtirardim, xolos. Lekin “Hisor”da o‘ynay boshlagach, o‘zim ham katta futbolga o‘tishni o‘ylab qoldim. 2007 yilga kelib esa meni “Nasaf”ga taklif etishdi. Shu tariqa katta futbolga kirib keldim. Yil oxiriga kelib xatto asosiy jamoa safida 2 bor maydonga tushishga ham muvaffaq bo‘ldim. Keyinroq 2009 yildan “Mash’al” safiga borib qo‘shildim. U yerdagi faoliyatim ham ancha yaxshi kechdi, ko‘p narsa o‘rgandim va “Nasaf”ga yangi o‘zlashtirgan tajribalarim bilan qaytdim.

– Oilangizdagilar futbolchi bo‘lishingizga qanday munosabat bildirishgan?

– Ular bunga qarshilik qilishmagan. Biroq oilamizda sport bilan, xususan futbol bilan shug‘ullanadigan va uni yoqtiradigan yagona inson menman! Ota-onam esa men katta futbolga o‘tgachgina o‘yinlarni tomosha qila boshlashdi. Shu paytga qadar ular biror marta stadionga ham kelishmagan. Ular asosan men ishtirokimdagi o‘yinlarni televizor orqali tomosha qilishadi.

– Yillar o‘tib, “Lokomotiv” safida paydo bo‘ldingiz…

– Ha. Bilasizmi, “Lokomotiv”ga aslida oldinroq kelishim ham mumkin edi. 2016 yilda ham bu klub men bilan jiddiy tarzda qiziqqandi. Lekin taqdir nasib qilgan ekan, 2017 yilga kelibgina ushbu jamoa a’zosiga aylandim.

– Jamoamizga kelgan ilk kuningiz qanday o‘tdi?

– Har qanday futbolchi ham yangi jamoaga o‘tgach, unda dastlab biroz hayajon bo‘ladi. Lekin “Loko”ga men tez ko‘nikib keta oldim. Bunda jamoaning ahil ekani va unda yaxshi yigitlar yig‘ilgani ham yordam berdi. “Lokomotiv”ga kimdir yangi kelsa, uni qarsaklar va o‘ziga xos “yo‘lakcha” xosil qilgan holda kutib olishar ekan. Shu narsa men uchun o‘ziga xos yangilik bo‘ldi.

– “Loko” safidagi ilk o‘yiningiz qaysi jamoaga qarshi kechgandi?

– “Lokomotiv” futbolchisi sifatida ilk bor Chempionlar Ligasi doirasida “Al Taavon” jamoasiga qarshi bahsda maydonga chiqqandim. Boshida biroz hayajon bo‘lganini ham aytib o‘tishim kerak.

– “Temiryo‘lchilar” jamoasida kim boshqalardan qaysidir xarakter xususiyati bilan butkul farq qilib turadi?

– Marat Bikmayev! Marat aka – jamoamizdagi eng xushchaqchaq yigit. U kishi barchaning kayfiyatini ko‘tara oladi. Agar biror o‘yinda mag‘lub bo‘lsak, aynan Marat aka hammaning yomon kayfiyatini biroz bo‘lsa-da yaxshilay oladi. Shu sababli ham uni ko‘pchilik xurmat qiladi.

– Mag‘lubiyatlarni qanday qabul qilasiz va ularni qay tariqa yengib o‘tasiz?

– Mabodo biror o‘yinda mag‘lub bo‘lsak, taxminan 1-2 kun o‘sha mag‘lubiyat sabablarini o‘ylab, o‘zim uchun miyamda tahlil qilib yuraman. Keyin esa xuddi o‘sha o‘yinda yo‘l qo‘ygan xatoimni umuman qaytarmaslikka urinaman.

– Odatda futbol o‘yinlariga qay tariqa hozirlik ko‘rasiz?

– Odatda muhim o‘yinlar oldidan butun diqqat-e’tiborimni o‘sha bahsga qarataman va boshqa narsalar haqida umuman o‘ylamaslikka urinaman. Ba’zi futbolchilar ayni qaysidir musiqani eshitishga yoki yana qandaydir odatini qilib, o‘yinga tayyorlanishga urinishadi. Menda esa bunday odatlar yo‘q.

– Jamoadagi eng yaqin do‘stingiz kim?

– Aslida hamma bilan juda yaxshi munosabatdaman. Lekin turli yig‘inlar payti hamda safar o‘yinlarida Sherzod Fayziyev bilan birgalikda bitta xonani band etamiz.

– Jamoa avtobusida muqim o‘rningiz bormi?

– Ha, albatta! Men doimo orqa tarafda chapdagi ikkinchi o‘rindiqda o‘tiraman. Yonimdan esa Sherzod Fayziyev joy egallaydi.

– Nega aynan 28-raqamdagi futbolkada maydonga chiqasiz?

– Ilgari “Nasaf” safida ham 28-raqamda o‘ynardim. Keyinroq 7-raqamni ham oldim. Lekin 7-raqam menga biroz “og‘irlik” qildi shekilli, o‘yinim uncha chiqmadi, o‘z o‘yinimdan ko‘nglim to‘lmadi. “Lokomotiv”ga kelgach esa, Aliboyev 28ni 9-raqamga almashtirdi. Qarasam, 28-raqam bo‘sh ekan, o‘ylab ham o‘tirmay 28-ni ola qoldim.

– Yoshlik paytingiz kumiringiz kim bo‘lgan?

– Yoshligimda menga Rivaldoning o‘yinlari juda yoqardi. Uning o‘yinlarini ko‘rib, futbolga bo‘lgan muhabbatim oshardi. O‘sha paytlarda butun Braziliya terma jamoasi ajoyib tarzda o‘yin namoyish etardi.

– Agar futbolchi bo‘lmaganingizda sizni qaysi sohada ko‘rish mumkin bo‘lar edi?

– Hayronman. Otam savdogarlik bilan shug‘ullanadi. Balki men ham savdo-sotiq bilan mashg‘ul bo‘lsam kerak edi.

– Yoqtirgan taomingiz?

– Palov.

– Yoqtirgan sport brendingiz?

– NIKE.

– Qanday kinolarni tomosha qilishni yoqtirasiz?

– Menga asosan fantastika janridagi kinolar yoqadi. Ba’zida multfilmlar ham tomosha qilib turaman.

– Kimning ashulalarini miriqib tinglaysiz?

– Shahzoda.

– Futboldan tashqari boshqa sport turlarini ham kuzatib borasizmi?

– Vaqti-vaqti bilan boks tomosha qilib turaman.

– Xarakteringizdagi o‘zingizga yoqmaydigan xususiyatingiz qanday?

– Yo‘q, deya olmayman. Agar kimdir nimadir so‘rasa yoki iltimos qilsa, aslo “Yo‘q!”, deb ayta olmayman. Ba’zida shu odatim pand berib qo‘yadi.

Manba: lokomotiv.uz
Kiritildi: 21:11, 17.06.2017.
O'qildi: 4979 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.