Kirish Ro'yxatdan o'tish
08/05 00:00 PSJ 0-1 Borussiya D
09/05 00:00 Real Madrid 2-1 Bavariya
10/05 23:45 Frozinone - Inter
11/05 00:00 Nissa - Gavr
11/05 00:00 Brest - Reyms
11/05 00:00 Alaves - Jirona

David Alaba - avstriyalik daho

David Alaba - avstriyalik daho

Baho:
+ | -

David Alaba - bugungi kun chap qanot himoyachilari orasida eng ilg‘orlaridan biri. Qarang, endi 24 yoshini qarshi olgan yigit «Bavariya»dek klubda asosiy o‘yinchilar qatoriga kirib ulgurdi. Avstriyalik himoyachi universallik xususiyati bilan maydonda boshqa ampluadoshlaridan yaqqol ajralib turadi. Qolaversa, uning tezligi chakki emas. Yana bir muhim tomoni, Alabaning jarima maydoni tashqarisidan ajoyib zarba yo‘llash iqtidori tahsinga loyiq.

Faoliyati ibtidosi. Avstriya poytaxti - Venada tug‘ilgan David 9 yoshga to‘lgach, mahalliy «Aspern» klubi akademiyasida tahsil ola boshladi. Bolakay qisqa fursat ichida mamlakatning eng kuchli jamoasi - «Austriya» nazariga tushdi. Yakunda venaliklar iqtidorli yigitchani o‘z tarbiyalanuvchilari safiga qo‘shib olishdi. Shu tariqa 6 yil davomida «Austriya» tizimida shug‘ullangan David o‘yinida sezilarli o‘sish kuzatildi. Tabiiyki, undagi rivojlanish «ko‘hna qit’a»ning sara jamoalari e’tiborini tortmay qolmadi. Shunday e’tibor samarasi o‘laroq, 16 yoshli o‘smir 2008 yili Myunxen «Bavariya»si ko‘rigiga taklif etildi. Germaniyaliklarda ham yaxshi taassurot qoldirgan Alaba shu asnoda futbol tahsilini nemis grandi akademiyasida davom ettirdi. 17 yoshida esa «Bavariya»ning asosiy jamoasidagi debyutini nishonladi. David o‘sha mavsum jami 6ta uchrashuvda maydonga tushdi, ammo asosiy vaqti o‘rinbosarlar safida o‘tdi. Myunxenliklar keyinchalik avs-triyalik iqtidorni «Xoffenxaym»ga yuborishdi - yarim yillik ijara. Uning zinsxaymliklar tarkibida 18ta o‘yinda maydonga tushib, 2ta gol urganini hisobga olsak, amaliyot chakki naf keltirmadi. Umuman, endi 18 yoshni qarshilagan Alaba o‘zini chinakam professional futbolchi sifatida namoyon etdi. Qarangki, «Bavariya» aynan so‘l qanot himoyasida muammo sezayotgandi. Xullas, jahon futbolidagi eng kuchli chap qanot himoyachilaridan birining oyoqqa turishi shu tariqa boshlandi.

«Bavariya» uchun. David Alaba juda yosh bo‘lishiga qaramay, dunyo grandlaridan biri safidan bejiz joy olmaganini birdaniga isbotlashga kirishdi. U qaytishidan ke-yingi ilk mavsumda 47ta uchrashuvda maydonga tushib, 3ta gol urdi. Mana, 5 yildirki, avstriyalik futbolchi «Bavariya» yetakchilari qatorida. Harqalay, klubning qatorasiga 5 marta chempion bo‘lganida Davidning xizmatlari katta. Shuningdek, myunxenliklarning 2013 yili Chempionlar Ligasi g‘olibiga aylanishlarida ham avstriyalik daho bosh rollardan birini bajardi. Umumiy hisobda aytsak, David «Bavariya» libosidagi jami 218ta rasmiy o‘yinda raqiblar darvozasini 19 bora ishg‘ol qildi. Oxirgi mavsumni olsak, qahramonimiz barqaror o‘yini bilan nafaqat «Bavariya», balki butun bundesliganing betakror futbolchilari qatoriga qo‘shildi.

Avstriya termasi uchun. David Alaba favqulodda yuqori saviya va iqtidor bilan siylangan elit futbolchilar toifasiga mansub. Deylik, hozirda Avstriya milliy jamoasida bosh yetakchi maqomiga ega. Kristian Fuks yaqinda terma jamoadagi faoliyatini  yakunladi hamda sardorlik bog‘ichi o‘z-o‘zidan Alabaga nasib etdi. U mamlakat bosh jamoasida 2009 yilning oktyabrida, endigina 17 yoshga to‘lganida, debyut qilgan edi. Shundan buyon 52ta o‘yin o‘tkazib, 11ta gol urdi. David oxirgi yillarda terma jamoa safida muntazam maydonga tushmoqda. Faqat jiddiy jarohatgina uning 1-2 marta chetda qolishini taqozo etdi. Xususan, futbolchi avstriyaliklarning Yevro-2016 final raundiga yo‘l ochishlarida yetarlicha jasorat ko‘rsatdi. Ekspertlarning ochiq e’tirof etishlaricha, agar David o‘ta ishonchli to‘p surish asnosida jamoadoshlarini o‘z ortidan ergashtirmaganida, avstriyaliklar qit’a chempionatiga chiqolmasdilar.

Hozirgi payt. «Bavariya» bu yil ham Germaniya bundesligasidagi g‘alabani muddatidan avval rasmiylashtirdi. E’tiborlisi, David «Volfsburg»ga qarshi kechgan va chempionlik masalasiga uzil-kesil nuqta qo‘ygan uchrashuvda ham o‘ta faolligi bilan ajralib turdi. Xususan, jarima zarbasini qoyilmaqom darajada bajarib, «Bavariya» g‘alabasiga zamin hozirladi. Alohida aytish kerak, avstriyalik futbolchi aynan «standart»lar masalasida daho. Komil ishonch bilan bemalol tasdiqlash uchun asoslar yetarli - avstriyalik yigit jarima zarbalarini effektli amalga oshirish bo‘yicha zamonamizning eng yaxshi chap qanot himoyachilaridan biridir.

Sovrinlar sanog‘i. Ayni payt David Alaba shaxsiy kolleksiyasida 6ta sovrin bor. Avstriyada yilning eng yaxshi futbolchisini aniqlash uchun o‘tkaziladigan an’anaviy so‘rov esa hozirda shunchaki, rasmiyatchilikka aylanib ulgurdi. Boisi, 24 yoshli universal sayyoramizdagi eng kuchli klublardan biri sharafini munosib himoya qilish barobarida xalqaro o‘yinlarda ham o‘zini ko‘rsatmoqda. Umuman, u  daraja bo‘yicha milliy jamoadagi ko‘plab sheriklaridan bir bosh ustun turadi. Avstriyaning 6 karra eng yaxshi futbolchisi maqomini olgani barchasidan dalolat. Aytgancha, bu shubhasiz, rekord natija sanaladi. David katta arenaga chiqqunga qadar «yil o‘yinchisi» sovrinini yutish bobida Ivisa Vastich yetakchi edi - 4 karra laureat. Vastichning oxirgi yutug‘iga ham 12 yil bo‘libdi. David shuningdek, UYEFA ramziy terma jamoasi tarkibiga ham kiritilgan. Aniqrog‘i, 2013 va 2015 yillar yakunida tuzilgan jamoalarga. Qolaversa, u bundesliga-2015|2016 yakuniga ko‘ra, tuzilgan ramziy termadan ham o‘rin oldi.

Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, ayni payt David Alaba Madridning «Real» jamoasi e’tiborida turibdi. Buning hayratlanadigan tomoni yo‘q. Axir chap qanot himoyachisi o‘z ishini a’lo darajada uddalash asnosida darajasi nafaqat Germaniya va Avstriya, balki butun jahon futboli yulduzlari qatorida turishga tortishini to‘liq isbotlab bo‘ldi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 13:04, 22.06.2017.
O'qildi: 4152 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.