Vinger Rafinya «Barselona» bilan shartnomasini uzaytirishi mumkin — kataloniyalik klub bu borada allaqachon ish olib bormoqda. Shu bilan birga, braziliyalik yulduz futbolchi faoliyatini davom ettirish uchun boshqa variantlarga ham ega.
El Nacional nashrining Globo Esporte manbasiga tayanib xabar berishicha, «Chelsi», «Arsenal», «Manchester Yunayted» va «Al-Hilol» Rafinyani o‘z safiga qo‘shib olishni istamoqda. Bu klublarning barchasi braziliyalik futbolchiga hozirgi mavsumlik 16 million yevro maoshidan (soliqlardan oldin) ancha yuqori maosh taklif qilmoqda.
Rafinya «Barselona»da o‘zini baxtli his qilmoqda, ammo u o‘z maqomi e’tirof etilishini va moliyaviy shartlar yaxshilanishini xohlamoqda.
Avvalroq «Barselona» yangi shartnoma doirasida Rafinyaning maoshini oshirishga tayyor ekani xabar qilingan edi.













