El Nacional nashri «Barselona» bosh murabbiyi Xans-Diter Flikning «Rasing»ga qarshi o‘yindan keyingi fikrlari haqida material e’lon qildi. Kataloniyaliklar mazkur uchrashuvda 7:2 hisobida g‘alaba qozongan.
Nashr materiali «Flik buni «Rasing»ga qarshi o‘yinda ko‘rdi: u «Barselona» tarkibida bo‘lsa, jamoa go‘yo kamchilikda o‘ynaydi» degan sarlavha bilan chiqqan.
Mualliflarning ta’kidlashicha, o‘ng markaziy himoyachi pozisiyasida Pau Kubarsi emas, Andreas Kristensen harakat qilganda, «Barselona» bir qator muhim jihatlarni yo‘qotadi. Flik kuchliroq raqiblarga qarshi o‘yinlarda bu holat jamoaga qimmatga tushishi mumkinligini tushunadi, deya yozadi manba.
«Kristensen o‘ng markaziy himoyachi sifatida o‘ynaganda, jamoa agressivlikni, shuningdek, himoyadan hujumga chiqishdagi aniqlikni yo‘qotadi. Flik uni foydali muqobil variant sifatida ko‘radi, ammo klub tarbiyalanuvchisini asosiy tarkibdan siqib chiqara oladigan futbolchi deb hisoblamaydi», — deyiladi materialda.
Manbaga ko‘ra, mazkur uchrashuvdan keyin Flik himoya markazining o‘ng tomonida Kubarsi harakat qilganda «Barselona» yaxshiroq o‘ynaydi, degan fikrida yanada qat’iylashgan.
«Barselona» navbatdagi uchrashuvini 19 oktyabr kuni safarda «Sevilya»ga qarshi o‘tkazadi.













