Berlinning «Union» klubi Bundesliganing 4-turida «Bavariya»dan yirik hisobda mag‘lub bo‘lganidan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda Lamin Yamalga nisbatan hazilomuz munosabat bildirdi.
Uchrashuv 18 sentyabr, juma kuni Myunxenda bo‘lib o‘tdi. Mezbonlar 7:0 hisobida g‘alaba qozondi. Jamal Musiala 18-daqiqada hisobni ochdi, Garri Keyn 39-daqiqada penaltidan gol urdi va 54-daqiqada yana bir bor raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Maykl Olise xet-trik qayd etdi, Ismail Saybari esa bitta gol urdi.
Keyn uchun ushbu uchrashuv yubileyli bo‘ldi: u Bundesligadagi 100-golini urdi. Angliyalik hujumchi bu natijaga 98 ta o‘yinda erishib, Germaniya chempionati rekordini o‘rnatdi.
Uchrashuvdan so‘ng «Union»ning X ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy akkaunti Keyn va Oliseni alohida e’tirof etdi.
«Barselonaning 19 yoshli bu sho‘x bolasi shunchaki jim turolmasmidi? Keyn va Olise bugun ajoyib formada ekanini namoyish etib, «Oltin to‘p» uchun da’vogar ekanini isbotlashmoqda», — deb yozdi klub.
«Union»ning ushbu posti «Barselona» vingeri Yamalning «Oltin to‘p» uchun kurash haqidagi yaqinda bildirgan fikrlariga javob bo‘ldi. Yamal dunyoning eng yaxshi futbolchilari deb o‘zini va «Real» hujumchisi Kilian Mbappeni hisoblashini, joriy yilda har ikki futbolchi ham ushbu mukofotga munosib ekanini aytgan edi.
Keyinchalik uning to‘liq intervyusi e’lon qilindi. Unda Yamal avvallari dunyoning eng yaxshi ikki futbolchisini hamma bilganini, hozir esa odamlar «Oltin to‘p»ga aloqasi bo‘lmagan jihatlar asosida futbolchilarni baholayotganini ta’kidlagan.
«Oltin to‘p» uchun da’vogarlar qatorida Xarri Keyn, Rodri va Xvicha Kvarasxeliya ham tilga olinmoqda.













