Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

A seriya 2016/17 mavsumining to‘liq tahlili

A seriya 2016/17 mavsumining to‘liq tahlili

Baho:
+ | -

Yakuniga yetgan mavsum Italiya futboli borasidagi ko‘plab salbiy jihatlarga barham berdi. Shiddat pastmi? Aksincha, «A» seriya Yevropa top-chempionatlari orasida eng sermahsul birinchilikka aylanib, bu borada hattoki, Ispaniya primerasini ham ortda qoldirdi.

Olti futbolchi 20tadan ko‘p gol urishdi - ajoyib ko‘rsatkich! Mavsum yakunida mavhumlik saqlanib qoldi, turnirda motivasiyaga ega bo‘lmagan jamoalar ham yuqori o‘rinlar uchun kurashayotgan raqiblarga munosib qarshilik ko‘rsatishdi.

Kalchoning qayta tug‘ilishi murakkab bo‘lib, uzoq muddatni talab etsa, dastlabki o‘zgarishlar aynan bizning ko‘z o‘ngimizda ro‘y berganini ta’kidlash darkor. Ehtimol, «A» seriyasining yangi siymosi u qadar tanish emasdir, ammo kishini o‘ziga rom eta oladi.

Demak, e’tiboringizni ushbu mavsumda Italiya elitasida  ro‘y bergan voqealarga qaratamiz.

QONUNIYLIK

«Yuventus» yana chempion

Qatorasiga olti marta chempionlik «A» seriyasi uchun rekord hisoblanadi. «Yuventus»ning gegemonligi davom etadi va buning yakuni ko‘rinmayapti. Ehtimol maydonda «byankoneri»ga qarshi to‘p surish mumkindir, ammo moliyaviy holat va tashkilotchilik nuqtai nazaridan turinliklarning ustunligi yaqqol seziladi. Hozirgi «Yuve» uchun ichki chempionat majburiy dasturga aylanib, asosiy e’tibor YECHLga qaratiladi. Afsuski, hozircha Yevropaning klublar o‘rtasidagi eng nufuzli turnirida «keksa sinyora»ning omadi chopmayapti. Faqat «Yuventus»ning inqirozigina skudetto uchun kurashga int­riga bag‘ishlashi mumkin, biroq bu voqea 2018 yildan avval ro‘y bermasligi haqiqatga yaqin. Aynan shu pallada Buffon boshchiligidagi faxriylar butsalarini mixga ilishadi.

«Roma» va «Napoli»borlarini berishdi

Bu jamoalar so‘nggi ikki tur arafasida nazariy jihatdan oltin medallarni qo‘lga kiritish imkoniyatini saqlab turishgandi. Qatorasiga ikkinchi mavsumdirki, rimliklar va neapolliklar «Yuventus»ga jidiy kurash taklif etishga urinishmoqda, yakunda esa aynan shu ikki shahar vakillari ikkinchi o‘rin uchun o‘zaro bahs olib borishmoqda. Bilamizki, bu pog‘ona Chempionlar Ligasiga yo‘llanma beradi. Luchano Spalletti boshchiligidagi «Roma» hamda Maurisio Sarri qo‘l ostidagi «Napoli» oqilona puxta o‘ylangan seleksiya va murabbiylarning topqirligi evaziga jozibali futbol namoyish etishdi. Mavsum yakunidagi ishga munosabat esa yanada qiziq kechdi: «Napoli» - barqarorlik, «Roma» - o‘zgarishlar uchun.

Milanliklarning qaytishi cho‘zilib ketdi

Aynan «modalar shahri» vakillari uzoq vaqt turnir jadvali o‘rtalarida qolib ketishmoqda! Milan klublari yetakchilar safiga qo‘shilsagina Kalchodagi renessansdan umid qilish mumkin. Yetarlicha sarf-xarajatga qo‘l urgan «Inter» umidlarni puchga chiqardi. Biroz kamtarroq bo‘lgan «Milan» esa yakunda oltinchi o‘rin bilan cheklandi, vaholanki, chempionat startida Montella boshchiligidagi jamoaning kashfiyotga aylanishi kutilgandi. Umuman, «rossoneri» yevrokuboklarga qaytishni uddaladi, bu esa yuksaklik sari qo‘yilgan kichik qadam (agar xitoylik xo‘jayinlar yoqimsiz syurpriz taqdim etishmasa). «Milan»dagi transfer kampaniyasining boshlanishi kishini ruhlantirmoqda, «Inter» ham jim qarab turgani yo‘q. Rivojlanishdan umid bormi?

O‘rtamiyonalarda motivasiya tanqisligi

Ushbu muammo «A» seriya ishtirokchilarining soni bilan bog‘liq. Jami 20ta jamoadan atigi uchtasi daraja jihatidan pasayadi - turnir jadvalining quyi qismidagi intrigaga o‘ziga xos zarba. Italiya oliy divizionida 18ta jamoa ishtirok etgan yillarni eslang, to‘rtta jamoa to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki «sparedjo» deb nomlanuvchi ajoyib usul orqali elitani tark etardi. Finishgacha hech kim yengil tin ololmasdi! Hozir esa kamida oltita jamoa (10-o‘rindagi «Sampdoriya»dan to 15-o‘rindagi «Bolonya»gacha) mavsumning yarmini o‘zlari istagandek o‘tkazishdi - Yevropa Ligasi yo‘llanmasini beruvchi pog‘onani egallash uchun imkoniyat yo‘qolgan, o‘z navbatida, xavfli hududdan ham uzoqda. Bunday ko‘rinish «Je-noa»­ni qiyin ahvolga solib qo‘ygach, qishda sal qolsa, inqirozga uchrab, «V» seriyaga ravona bo‘lishiga oz qolgandi. Italiya futbol federasiyasi prezidenti Karlo Tavekkyo «A» seriya ishtirokchilari sonini kamaytirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamoqda, lekin klublar bunga qarshi chiqishlari aniq: kichiklari quyi divizionda o‘ynashni istashmasa, kattalari o‘yinlardan tushgan daromadni yo‘qotishni xohlashmaydi.

«Palermo» quyiga ravona bo‘ldi

Sisiliyaliklar bunday holatga ancha oldin tushib qolishgandi. Klubning qiziq fe’l-atvorga ega prezidenti Maurisio Zamparini bosh murabbiylar o‘zgartirishdan charchamadi, oqibatda jamoa beqarorlikka yuz tutdi. «Palermo» qo‘shimchasiga yetakchilardan ayrila boshladi, ularning o‘rni esa munosiblar hisobiga to‘ldirilmadi. Yakunda ko‘rindiki, «rozaneri» tarkibi «jon» saqlash uchun kurashayotganlar bilan raqobatlashishga yetmadi, Sharqiy Yevropadagi noma’lum o‘yinchilarga ishonch bildirish oxir-oqibat o‘zini oqlamadi. Mavsum davomida «Palermo» ishqibozlari anchadan buyon kutgan voqea yuz berdi: klub egasi o‘zgardi. Endilikda Zamparinining o‘rnida Pol Bakkalini ishlaydi. Xo‘sh, u «Palermo»da tartib o‘rnata olarmikan? Bu savol «V» seriyani kuzatishga undovchi qo‘shimcha sababdir.

KASHFIYOTLAR

«Atalanta»

Jan Pyero Gasperinidan mo‘’jiza! «Atalanta» elitada «jon» saqlash o‘rniga jozibali o‘yinlari hamda iqtidorlarni kashf etishi orqali ko‘pchilikning mehrini qozondi. Eng yaxshi ko‘rsatkich: «Skuadra Adzurra» «Atalanta» futbolchilari orasidagi o‘sishga bee’tibor qolmadi. Ertak, rohat, tarix. To‘rtinchi o‘rin - Bergamo klubi uchun oliy yutuq. Shu maqomni saqlab qolish oson bo‘lmaydi, tarkibdagilarning yarmi asta-sekin sotib yuborilmoqda. Yakuniga yetgan mavsum shunisi bilan ham qadrli bo‘ldi: Kaldara, Konti, Kessi, Gomes va «ko‘k-qoralar» safidagi boshqa yigitlar shunga munosiblar.

«Lasio»

Marselo Byelsaning taklif etilishi bilan bog‘liq mojarolardan so‘ng «byankochelesta»dan hech kim yaxshilik kutmayotgandi - obro‘li mutaxassis rahbarlarning va’dasi bajarilmagani tufayli ketishga qaror qildi. Kelishuvga ko‘ra, bir qator yangi futbolchilar sotib olinishi ko‘zda tutilgandi. «Lasio» badavlat emas, yulduzlarni xarid qilolmaydi, Simone Inzagi ham iqtisodiy variant sanalardi. Shunga qaramay, murabbiylik sohasiga endigina kirib kelayotgan mutaxassis qo‘l ostidagi jamoaning o‘sishga erishgani ajablanarli. Taktik qarorlar chiqarishdagi dadillik, yoshlarning yaxshi o‘ynab ketishi, asosiysi - natijalarning kelishi. «Burgutlar» kuchli beshlik safiga kirib, kubok finaligacha yetib borishdi: yo‘l-yo‘lakay «Roma»ni musobaqadan chiqarib yuborishdi. Hozirgi shart-sharoitdan kelib chiqilsa, yomon ko‘rsatkich emas.

«Krotone»

Chempionat yakunidagi sensasiya. Dastavval «A» seriya debyutanti hisoblangan «Krotone»ga birinchi raqamli autsayder sifatida qaraldi: yulduzlar yo‘q, moliyaviy imkoniyatlar past, tajriba kam. Italiya janubi sharafini himoya qilayotgan klubining «V» seriyaga qaytishi haqida gapirildi va «akulalar» so‘nggi pallagacha aynan quyi pog‘onalarda yurishdi. Hal qiluvchi qadam 30-turda qo‘yildi: «Krotone» safarda «Kyevo» ustidan zafar quchdi. Keyingi turda kutilmaganda «Inter» mag‘lubiyatga uchratildi, janubliklar bir maromni saqlab, yakunda mo‘’jiza yaratishdi. Chempionatning so‘nggi 9ta uchrashuvida 6 g‘alaba! Bosh murabbiy Davide Nikola qahramonga aylandi, vaholanki, u avval elitada ishlamagandi. Ushbu mutaxassis jamoani ruhlantira oldi, endilikda «Krotone»ning finishdagi jasorati Kalcho uchun chiroyli afsonaga aylanadi.

OQLANMAGAN ISHONCH

«Inter»

«Neradzurri» butun mavsum davomida barqarorlikni saqlay olmadi. Mavsumoldi omadsizliklardan so‘ng Manchini iste’foga chiqdi, ammo De Burga ham uzoq ishlash nasib qilmadi. Gollandiyalikning o‘rnini egallagan Pioli dastlab optimal variantdek ko‘rindi. «Inter»ning o‘yini qovusha boshladi, 7ta o‘yindan iborat g‘alabali seriya namoyish etdi, YECHLga chiqish imkoniyatlari ortdi, yaqqol o‘sish ko‘zga tashlanayotgandi, ammo shu pallada milanliklarga ko‘z tegdi. «Atalanta» bilan o‘yinda 7:1 hisobida g‘alaba qozonilganda «Inter» hammasini binoyidek uddaladi, biroq keyinchalik muvozanat yo‘qolib, istalgan raqibga yutqaza boshladi. Oxir-oqibat yevrokuboklardan chetda qolgan «neradzurri» navbatdagi yangilanishlarga shaylanmoqda.

«Fiorentina»

Yo‘qotish u qadar sezilarli emas, axir «Fiorentina» Banega yoki Kandreva singari futbolchilarni xarid qilish imkoniyatidan yiroq. Shunchaki, florensiyaliklar beshinchi o‘rindan sakkizincha pog‘onaga «sho‘ng‘ishdi». «Binafshalar» YECHL yo‘llanmasidan umid qilishgandi, endi esa Yevropa Ligasidagi oddiy o‘rindan ham mahrum bo‘lishdi. Paulu Souza jamoada jozibali futbolni ta’minladi, ammo mazkur holatda chiroyli o‘yin natijalarga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. «Fiorentina» himoyasi «A» seriyadagi aksariyat jamoalar uchun ajoyib «o‘lja»ga aylandi, hujum chizig‘idagi potensial esa ko‘pincha Viola foydasiga ishlamadi. Endi klubda jiddiy o‘zgarishlar ro‘y berishi kutilmoqda va «Fiorentina»ning kuchayishini taxmin qilish mumkin.

«Empoli»

Darajadagi kutilmagan pasayish. «Empoli»dan qahramonlik kutilmagandi, ularning nari borsa avvalgi mavsumlardagidek turnir jadvali o‘rtalaridan joy olishlari taxmin qilingandi. Jamoa xavf­li hududdan bitta yuqori o‘rinnni egallaganda tarkibdan kelib chiqib, buni adolatli holga yo‘yildi. Autsayderlar quyida jon kuydirishayotgan bir pallada «Empoli» yengil tin olib, qatorasiga 7ta o‘yinni boy berdi va shu tariqa «Krotone» bilan qahramonlar sprintiga kirishdi. Tan olish lozim, Martushyello jamoasi ham yakuniy pallada haqiqiy kuchini ko‘rsatdi va so‘nggi turgacha «jon» saqlash imkoniyatiga ega edi. Biroq darajasi pasaygan «Palermo»ning o‘jarligi pand berdi. «V» seriyasidagi sinov «Empoli» uchun oson bo‘lmasligi tayin: klub voqealarning bunday rivojiga tayyor emasdi, tarkibdagi yetakchilar esa yo ijarada o‘ynashadi yoki yoshlari o‘tib qolgan.

Eng qiyin tanlov hujum chizig‘iga taalluqli, bu yerda kuchli futbolchilar bisyor, ammo ularning hammasini ham asosiyga qo‘yish imkonsiz. Lorenso InsinYE, Balde Keyta yoki Mauro Ikardi singari o‘z ishining ustalari hattoki zaxiradan ham o‘rin olishmasa, bu adolatdanmi? Ammo shunday qilishga majburmiz. Italiya chempionati anchadan buyon bunchalik ko‘p to‘purarlar ro‘yxatini ko‘rmagandi.

Mabodo kim uchundir Salohning nomzodi bahsli tuyulsa, eng yaxshi javob sifatida statistikani ko‘rsatish mumkin: 15ta gol, 13ta samarali uzatma. Donnarumma esa, bir qator qo‘pol xatolarga qaramay, «seyv»lar bo‘yicha ligada tengsiz. Qolaversa, barcha 38ta bahsni to‘liq maydonda o‘tkazgan uch futbolchidan biri. «Roma» posboni Shensni hamda «Sassuolo» markaziy yarim himoyachisi Acherbi xuddi shunday ko‘rsatkich qayd etishgan.

Ushbu termadagi pozisiyalar shart­li. Ta’kidlash joiz, ushbu o‘yinchilarning ayrimlariga imkoniyat berilmadi. Pavoletti esa haqiqiy jabr­diydaga aylandi uni «Napoli»ga jarohat olgan Milikning o‘rniga olishgandi, ammo mavsum davomida Dris Mertensning hujumdagi ishlari qovushdi. Ushbu ro‘yxatga Saponaruni qo‘shish oson bo‘lmadi: «A» seriyaning 2015|2016 yillar mavsumidagi eng yaxshi assistenti («Empoli» safida!) motivasiyani yo‘qotib qo‘ydi, so‘ngra «Fiorentina»da vaziyatni o‘nglay olmadi.

ENG YAXSHI O‘YINLAR

«Milan»-«Inter»-2:2 (13-tur), «Inter»-«Milan»-2:2 (32-tur)

Milanning har ikki klubi inqirozni boshdan kechirmoqda, ammo «Derbi della Madonnina» odatdagidek tomoshabop tarzda kechdi. Anshlag, murosasizlik, kutilmagan natija. Yakuniga yetgan mavsumda ikkita to‘qnashuv turlicha tarzda kechdi: dastlabkisida hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda «Inter» mag‘lubiyatdan qutulib qolgandi, keyingisida esa «Milan» xuddi shu vazifani uddaladi. Derby della MadonChina deb nomlangan ikkinchi davradagi derbi «rossoneri»ning xitoylik xo‘jayinlari uchun ilk o‘yin bo‘ldi.

«Roma»-«Lasio»-1:3 (34-tur)

Rim derbisi - yana bir azaliy to‘qnashuv. Bu juftlikda asosiy voqealar ikkinchi davradagi bahsda kuzatildi. «Lasio»ning kadrlar masalasidagi muammolari hamda Strootmanning ajabtovur simulyasiyasi go‘yo «burgutlar»ni imkoniyatdan to‘liq mahrum etgandek tuyulgandi. Ammo Simone Inzagi o‘z vaqtida taktik o‘zgarishlar qilishi «Lasio»ga kutilmagan muvaffaqiyatni keltirdi. Tezlik, qarshi hujumlar va Balde Keyta - 2016|2017 mavsum «byankochelesti»dan qolgan taassurot shu.

«Napoli»-«Yuventus»-1:1 (30-tur)

Gonsalo Iguain ilk bor Neapolga «Yuventus» futbolchisi sifatida tashrif buyurdi va «San-Paolo» tribunalaridagi nafratga guvoh bo‘ldi. O‘yin esa jamoalarning aprelda bir maromga tushib olgan holda yuqori darajali o‘yin namoyish etishgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. «Napoli»ning qisqa uzatmalar paytidagi o‘ziga xos uslubi, «Yuventus»­ning mustahkam himoyasi va qarshi hujumlari - Sarri hamda Allegri o‘rtasidagi taktik duel yakunda shon-shuhrat sari yetakladi.

«Fiorentina»-«Inter»-5:4    (33-tur)

Avvalgi bahsning to‘liq aksi. «Katenachcho» tarafdorlarini bu ranjitishi tabiiy. Gollar shousi himoyadagi qo‘pol xatolar va o‘yinni nazorat qila olmaslik oqibatida yuzaga keldi. Mabodo darvozaga ko‘plab to‘plar kiritilishi va kutilmagan hisob qayd etilishi tarafdori bo‘lsangiz, ushbu bahs aynan siz kabilarga atalgani kundek ravshan. «Inter» birinchi bo‘limni o‘z foydasiga hal etdi, ammo «Fiorentina» tanaffusdan so‘ng 16 daqiqa ichida 1:2ni 5:2ga aylantirdi! To‘qqizta gol va yutqazgan jamoa futbolchisining «xet-trik» qayd etishi - «A» seriyaning bugungi holati shunday.

«Roma»-«Jenoa»-3:2 (38-tur)

Chempionat finishidagi spektakl. «Roma»ga g‘alaba suv va havodek zarur edi, ammo motivasiyani yo‘qotib ulgurgan «Jenoa» ancha xotirjam tarzda so‘nggi pallagacha kurashdi. 16 yoshli genuyalik futbolchi Pellegrining goli, «Roma»ning bir-biridan shiddatli hujumlari, tanaffusdan keyingi qarama-qarshi o‘yin, rimliklarning final hushtagi arafasidagi shturmi hamda 90-daqiqadagi g‘alaba goli. Rim so‘nggi uchrashuvini o‘tkazgan Franchesko Tottini shu tariqa kuzatib qo‘ydi. «Imperator»ning «Olimpiko» tribunalari bilan xayrlashishi mavsumning eng chiroyli, shu bilan birga eng g‘amgin voqeasiga aylandi. Italiyaliklarning futbolga munosabatining asl mohiyati ham shunda.

Mavsum ramziy termasi

Janluiji Donnarumma («Milan») - Andrea Konti («Atalanta»), Mattia Kaldara («Atalanta»), Leonardo Bonuchchi («Yuventus»), Aleks Sandro («Yuventus») - Muhammad Saloh («Roma»), Marek Gamshik («Napoli»), Raja Nainggolan («Roma»), Dris Mertens («Napoli») - Andrea Belotti («Torino»), Edin Jeko («Roma»)

Zaxira: Janluiji Buffon («Yuventus»), Federiko Fasio («Roma»), Dani Alves («Yuventus»), Lukas Bilya («Lasio»), Alexandro Gomes («Atalanta»), Paulo Dibala («Yuventus»), Gonsalo Iguain («Yuventus»)

Ishonchni oqlamaganlar ramziy termasi

Jo Xart («Torino»), Shtefan Lixtshtayner («Yuventus»), Jeyson Murilyo («Inter»), Mattia De Shilyo («Milan»), Mariu Rui  («Roma»), Marselo Brozovich («Inter»), Salli Muntari («Peskara»), Emanuele Jakkerini («Napoli»), Rikkardo Saponaru («Empoli»|«Fiorentina»), Leonardo Pavoletti («Jenoa»|«Napoli»), Filip Jorjevich («Lasio»)

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:17, 24.06.2017.
O'qildi: 3682 marta.
Fikrlar: 6 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.