Polshada bo‘lib o‘tayotgan yoshlar o‘rtasidagi Yevropa chempionatida Germaniya (U-21) terma jamoasi safida bir qator iqtidorli yoshlari grand jamoalarning e’tiboriga tushgan. Bu yoshlar ham O‘zil yetakchiligidagi “oltin avlod”ning qahramonliklarini takrorlay olishi mumkin.
Germaniya termasi kelasi yil yoz oyigacha amaldagi jahon chempioni maqomini saqlab turadi. Uzoq yillik tashnalikdan so‘ng «nemis mashinasi» 2014 yilda jahon futbolining yuqori pog‘onasiga ko‘tarilgan edi. Bunday istiqbolni davom ettirish uchun Germaniya termasi barcha imkoniyatlarga ega. Jahon futbolida 1958 va 1970-yillar oralig‘ida yetakchilik qilgan Braziliya termasi kabi “Nasionalmanshaft” hozirgi kunda nemis gegemonligini o‘zida saqlab turishga qodir jamoalardan biriga aylangan. Ayniqsa, yosh futbolchilarning seleksiyasida terma jamoa samarali faoliyat yuritmoqda.
« Nemis mashinasi » Konfederasiyalar Kubogida ishonch bilan final sari bormoqda, Stefan Kunts shogirdlari esa Polshada bo‘lib o‘tayotgan Yevro-2017da dadil ilgarilab bormoqda. Germaniya yoshlari dastlabki turlarni ishonchli g‘alaba bilan boshladilar va so‘nggi turga kelibgina Italiyadan alamli mag‘lubiyatni qabul qilib oldi. Shunga qaramay, Germaniya termasi yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kirita oldi. Guruh bahslarida nemis yoshlari o‘zlarini ijobiy tarafdan ko‘rsata olishdi, ayniqsa, yosh Serj Gnabri jamoasining yetakchisi ekanligini namoyish etdi.
Gnabri va Mayer – yaqin kelajak yetakchilari
2016 yilda Rioda bo‘lib o‘tgan Olimpiada o‘yinlarida Germaniya sharafini himoya qilgan bir qator yosh iste’dod egalari jahon futboli ahliga tanilgan edi. Bular Mayer, Zelke, Brandt, Zyule va Goreska. So‘nggi uch futbolchi esa hatto Lyov tomonidan asosiy jamoaga chaqirildi va hozirda Konfederasiyalar Kubogida ishtirok etishmoqda. Polshada bo‘layotgan Yevropa musobaqasiga esa yangi nomlar o‘z so‘zlarini aytishi uchun chaqirilgan.
Musobaqa boshlanganidan beri esa ulardan ba’zilari ishonchli o‘yin namoyish etmoqda. Misol tariqasida, bir gol va bir golli uzatmaga ega Gnabri va har bir o‘yinda yuqori salohiyatini namoyish etayotgan Maks Mayer. “Shalke-04” yarim himoyachisi jamoadoshlari o‘yiniga o‘z ta’sirini o‘tkaza olishini isbotlab berdi. Biroq, Bundesligaday chempionatda 138 o‘yinda ishtirok etgan futbolchining o‘yinidan hayratlanish kerakmikin?
Barcha chiziqlarda iqtidorlar bor, hatto zaxira o‘rindig‘ida ham
Hujum chizig‘ida harakat qilayotgan Devi Zelke Bundesliganing kashfiyoti bo‘ldi. 1-turda Chexiya termasiga qarshi o‘yinda penaltini aniq bajara olmagan bo‘lsada, Daniya yoshlariga qarshi bahsda o‘zini ijobiy tomondan ko‘rsata oldi. Yarim himoya chizig‘ida kelib chiqishi suriyalik bo‘lgan Mahmud Daud ko‘zga tashlanmoqda. Bekorga, “Borussiya” yosh iqtidor egasi uchun 15 million yevroning bahridan voz kechmagan. Daud maydon markazida jamoa sardori Maksimilian Arnold bilan ajoyib tandem hosil qilgan. “Frayburg” himoyachisi Mark-Oliver Kampf Hummels va Jerom Boateng izidan bormoqda. Asli kelib chiqishi afg‘on bo‘lgan Naden Amiriy esa yarim himoyada ancha foydasi tegmoqda. U 4 yildan buyon yoshlar termasiga muntazam chaqirilmoqda. Va nihoyat Levin O‘ztunali. « Mayns » klubi yarimhimoyachisi Levin O‘ztunali nemis futboli afsonalaridan biri Uve Zeelerning nabirasi. Hozircha, asosiy tarkib futbolchisi hisoblanmasa-da, bosh murabbiyi unga vaqti kelib imkon berishi aniq.
Tarkibida bir qator umidli yoshlar bor bo‘lishiga qaramasdan, bosh sovrinni qo‘lga kirita olishmasa futbol muxlislarining yodida qolishlari qiyin. Buning uchun ular kimdan namuna olishlari aniq. Jahon chempioni bo‘lishdan oldin O‘zil, Noyer, Xedira va Xummels 2009 yilda yoshlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan Yevropa chempionatini yutgan edi. Ularning ko‘rsatgan jasoratini yuqorida tilga olingan yosh futbolchilar takrorlay olishi mumkin.