Futbol chiroyini ochadigan asosiy elementlardan biri - bu dribling mahorati. Muxlislar ba’zan ideal dribling harakatidan oddiyroq golga nisbatan ko‘proq zavqlanishadi.
Oxirgi yevromavsumning eng kuchli driblingchilari ro‘yxatini havola etishdan oldin u qanday tuzilgani haqida ma’lumot berish joiz.
Demak, reytingga mavsum davomida 25ta yoki ko‘proq o‘yinda ishtirok etgan va o‘rtacha hisobda ularning har birida kamida 3,5 marta aldamchi harakatni amalga oshirgan futbolchilar (evrokubok turnirlarida qatnashmaganlar uchun chegara - 4ta urinish) kiritilgan.
Shunday hisob-kitoblarga ko‘ra, 1-o‘rin «Chelsi» bilan chempionlikni tantana qilgan Eden Azarga nasib etdi. Ammo kuchli o‘nlikda hali keng miqyosda tanilmagan yigitlar ham bor.
10-o‘rin. Nabi KEYTA («RB Leypsig»)
O‘yin: 31ta
Aldamchi harakatlar soni: 83ta
Muvaffaqiyatli urinish: 63,8 foiz
«Leypsig» bir yilcha oldin «do‘sti» - «Zalsburg»ga 15 million yevro to‘lagandi va Nabi Keyta chiptasiga jekpot chiqdi. Aqlga sig‘maydi, gvineyalik 22 yoshli yigitcha ilk urinishdayoq butun bundesligani zabt etdi, kamtarin jamoasi bilan CHLga yo‘l oldi. Shularning samarasi o‘laroq, chempionatning eng yaxshi futbolchilari shohsupasi yuqorisida kimsan Pyer-Emerik Obameyangni nari surdi. Keyta to‘p bilan - bu afrikalik Luka Modrich, hujumga sur’at bag‘ishlovchi manba. Umuman, Nabida ojiz tomoni yo‘qdek: tezligi joyida, to‘pni olib qo‘yish mahorati zo‘r, bardoshiga gap yo‘q, maydonni ko‘rish qobiliyati havas uyg‘otadi... Xullas, uning uchun dribling eng asosiy qurol emas, ammo bu boradagi mahorati ham hech kimni befarq qoldirmasligi tayin. Futbolchi asosiy kuchli tomoni sanalmagan dribling bo‘yicha ham butun Germaniyaga saboq bergan ekan, uning naqadar kuchliligini tushunib olish qiyin emas.
9-o‘rin. Oskar TREXO («Tuluza»)
O‘yin: 29ta
Aldamchi harakatlar soni: 86ta
Muvaffaqiyatli urinish: 66,2 foiz
Argentinalik yigit hech qachon eng sara ijrochilar qatorida zikr etilmagan, u hattoki, umidli iqtidorlar safiga ham kirmagan. O‘tgan asrning 80-yillari oxiri kumushga boy mamlakatda tug‘ilgan Trexo faoliyati davomida xorijga sira talpingan emas. Oskar bundan 11 yilcha oldin legionerlik maqomini olib, mahsuldorligi past hujumchidan birdaniga usta xavbekka aylandi. Umuman olganda, argentinalik futbolchi 3 yildan buyon dribling mahorati bilan ko‘zga tashlanmoqda. Yo‘q, u bu masalada avvallari ham chakki emasdi, biroq alohida «hunar» ko‘rsatishi uchun maydon markazida erkinlik, kengroq hududga ehtiyoj sezardi. Mana, ketma-ket 2 yil eng yaxshi driblingchilar ro‘yxatiga yaqinlashgan Trexo bu safar nihoyat, yevromavsumning eng kuchli 10 nafar ijrochisi safidan joy oldi.
8-o‘rin. Dani SEBALYOS («Betis»)
O‘yin: 30ta
Aldamchi harakatlar soni: 81ta
Muvaffaqiyatli urinish: 67,5 foiz
20 yoshli yigitcha 3 yil bo‘ldiki, o‘z o‘yini va harakatlari bilan «Betis»ning markaziy yarim himoyasiga o‘zgacha chiroy bag‘ishlamoqda. Tushunarliki, aqlli va texnik salohiyati baland universal futbolchi allaqachon grandlar e’tiboriga tushgan: Madridda ham, Barselonada ham bir vaqtda o‘xshash xulosa chiqarishdi: «Sebalyos aynan bizning klub uslubiga juda mos tushadi». Darhaqiqat, Dani maydonda aqlga tayanib, shunchalik effektli to‘p suradiki, xoh «Santyago Bernabeu», xoh «Kamp Nou» talablarini bemalol bajara oladi. Aytgancha, u raqiblarini «kalaka» qilish chog‘i chinakam ispandek harakatlanadi - barchasini tezlik emas, ayyorlik bilan amalga oshiradi.
7-o‘rin. Aleksis SANCHES («Arsenal»)
O‘yin: 46ta
Aldamchi harakatlar soni: 131ta
Muvaffaqiyatli urinish: 67,5 foiz
Aleksis Sanches mavsumni juda yaxshi o‘tkazishi mumkin, ammo barchasida o‘xshovsiz o‘ynab, omadsizlikka yo‘liqishi ham hech gap emas. Lekin chililik goleador qanday sport formasida bo‘lmasin, undan to‘pni olib qo‘yish juda-juda qiyin. Deylik, Sanches «Arsenal» uchun dahshatli mavsumda ham yetarli darajada aldamchi harakatlarga berildi va eng muhimi, o‘z odatida ko‘ra, urinishlarining ko‘pi muvaffaqiyatli chiqdi. Xullas, «kanonirlar» hujumi yetakchisi xuddi bir yil oldin bo‘lgani kabi Yevropa miqyosidagi eng kuchli driblingchilar reytingida yana 7-o‘rinni band etdi.
6-o‘rin. Pol POGBA («MYU»)
O‘yin: 45ta
Aldamchi harakatlar soni: 110ta
Muvaffaqiyatli urinish: 69,6 foiz
Hattoki, APLga to‘liq moslasholmagan Pogba ham Manchester klubida eng yaxshi ijrochilardan biri bo‘ldi. Har holda, u maydonga tushgan va chetda qolgan payt «qizil iblislar» o‘yini sifat jihatidan ikki xil ko‘rindi. Boshqacha aytganda, Pol deylik, Antoni Martialga nisbatan o‘yinga ko‘proq ta’sir o‘tkazdi. Pogba xususan, «Yunayted» harakatlariga tetiklik va o‘zgachalik olib kirdi. Uning Zlatan Ibragimovich bilan hamkorligi esa Joze Mourinyo tomonidan yo‘lga qo‘yilgan futbolning eng estetik tomonlaridan biridir. Asosiysi, Pol doimgidek, dribling bobida barchani dam-badam hayratga solishni epladi.
5-o‘rin. Allan SEN-MAKSIMEN («Bastiya»)
O‘yin: 33ta
Aldamchi harakatlar soni: 142ta
Muvaffaqiyatli urinish: 69,6 foiz
Tezkorlik, yengillik va aql bovar qilmas darajadagi texnika. Fransuz hujumchisi shu xususiyatlar uyg‘unligida bir necha g‘ayrioddiy gollarga mualliflik qildi. Aytishlaricha, Korsika anchadan buyon futbol maydonida bu kabi qoyilmaqom ijrochini ko‘rmagan ekan. Avvaliga go‘yoki, hazil tariqasida 6-raqamni tanlagan, keyin uni o‘ziga mos «10»ga almashtirgan Sen-Maksimen yakunlangan mavsum davomida yo‘lida uchragan har qanday raqibni osongina chetga surib, bir yil oldingi Usmon Dembeleni eslatdi. Allan hozir 20 yoshda, demak, yaqin yillar ichida grandlar uning uchun katta pul taklif etishlari mumkin. Endi asosiy fakt: Sen-Maksimenning transfer huquqi ham o‘sha «Monako»ga tegishli. Ha, monegasklar hamma joyda barchasiga ulgurishayotgandek.
4-o‘rin. Amin XARIT («Nant»)
O‘yin: 30ta
Aldamchi harakatlar soni: 88ta
Muvaffaqiyatli urinish: 71,5 foiz
Bu yigit ham endigina 20 yoshni qarshiladi. «Kanareykalar» pleymeykeri doim ham kamtarin jamoaning boshlang‘ich tarkibiga kirgani yo‘q, ammo o‘ta nostantart harakatlariyu, yorqin texnik qobiliyati bilan e’tiborga tushdi. Xarit to‘pni egallasa, Samir Nasrining yoshligini eslatadi - ha, «Yangi Zidan» maqomi bilan siylangan o‘sha yigitchani. To‘g‘ri, Amin doim ham himoyaviy harakatlarga shoshilmaydi, zarba yo‘llash masalasida muammolari bor, ammo har qanday himoyachini «jinni» qilish salohiyatiga ega. Xullas, yosh fransuz|ma-rokashlik bolakayning yorqin driblinglari Liga 1ni shunchaki, bezadi.
3-o‘rin. Yosin BRAIMI («Portu»)
O‘yin: 27ta
Aldamchi harakatlar soni: 150ta
Muvaffaqiyatli urinish: 75,3 foiz
«Portu» rahbariyati o‘tgan yil avgustda bu pleymeykerni transferga qo‘yishni o‘ylagandi. Chunonchi, jazoirlik yigit o‘zini yulduz o‘rnida ko‘rib, mashg‘ulotni unutgandi. Biroq har yoz Braimi atrofida gir aylanadigan Yevropaning top-klublari negadir bu gal birdaniga jimib qolishdi. Futbolchiga xaridor topilmaganini «Portu»ning katta moliyaviy talabi bilan izohlash mumkin. Shuningdek, Yosinga xos tartib-intizom masalasidagi muammolar ham da’vogarlarni o‘ylantirib qo‘ygani tayin. Fakt shuki, Jazoir termasi vakili oxir-oqibat, yana bir yil muddatga Portugaliyada qoldi. «Ajdaholar» o‘z navbatida, tarkibdagi eng yaxshi futbolchilardan birini uzoq vaqt zaxirada olib qololmasdilar. Ha, Braimi odatdagidan ancha kam o‘ynadi, shunga qaramay, hayratlanarli va yorqin dribling mahoratini ko‘z-ko‘z qilishni uddaladi, baribir.
2-o‘rin. Adama TRAORE («Midlsbro»)
O‘yin: 26ta
Aldamchi harakatlar soni: 136ta
Muvaffaqiyatli urinish: 75,6 foiz
Tomirlarida maliliklar qoni oqayotgan yigitning tezkor dribling mahorati Kataloniyada shakllandi. «Barselona B»ning sobiq yetakchisi asosiy jamoada o‘ynash imkoniyati tug‘ilishini uzoq vaqt kutdi va nihoyat, uning libosida gol urishni ham epladi. Ammo Neymar bilan behuda raqobatlashishni istamadi, shekilli, jimgina Angliyaga yo‘l oldi. Mana, APL vakillari o‘z qanoti orqali yeldek uchadigan Adamani to‘xtatib qolish masalasida rosa qiynalishdi. Zero, u nafaqat serqirra, balki yana o‘ta ayyor ham. Tezlik esa Traoreni tutqich bermas futbolchiga aylantiradi. Endi La Masiya tarbiyalanuvchisi super-yulduz maqomini olishni istasa, driblingning o‘ziga yopishib olmasdan, boshqa jihatlar ustida ham jiddiy ishlashi kerak. Misol uchun, o‘zi binoyidek bo‘lgan uzatma mahoratiga yanada sayqal bersa - bu nur ustiga a’lo nur!
1-o‘rin. Eden AZAR («Chelsi»)
O‘yin: 36ta
Aldamchi harakatlar soni: 143ta
Muvaffaqiyatli urinish: 76,9 foiz
Yevrofutbolning eng yaxshi driblingchisi. Azarga xos hayratlanarli o‘sish hammani birdek lol qoldirishi tayin: u hattoki, raqiblarni aldab o‘tish masalasida ham ancha o‘zgardi. Fakt shundan iboratki, Belgiya vakili bir yil avvalgiga nisbatan aniqroq, keskinroq va effekliroq to‘p surdi. 76,9 foiz muvaffaqiyatli aldab o‘tish urinishi - bu oldingi chiziqqa yaqin hududda harakatlanuvchi futbolchi uchun benazir statistika. Demakki, Azar mavsum davomida to‘pni deyarli bexato nazorat qilgan. Top-futbolchilar orasida birgina Paulo Dibalani Azarga qiyoslash mumkin, biroq argentinalik yigit dribling salohiyatini ancha kam ishga soladi. Hozirgi Azar hattoki, Lionel Messi va Neymarning driblingiga qarab intiladigan yoshlar uchun ham mutlaqo yangi saviya hisoblanadi.