Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

«Portu» ashaddiy raqibi «Benfika»ni sehr-joduda ayblamoqda

«Portu» ashaddiy raqibi «Benfika»ni sehr-joduda ayblamoqda

Baho:
+ | -

«Portu» ashaddiy raqibi - «Benfika»ni sehr-jodu ishlaganlikda ayblamoqda. Nima, nima? Emishki, lissabonliklar jodu yordamida g‘alaba qozonishayotgan ekan.

Voajab, bu qanaqasi? Ha, 27 iyun kuni «Portu» va «Benfika» o‘rtasidagi qarama-qarshilik yangi darajaga chiqdi: birinchisi ikkinchisini kamida oxirgi ikki mavsum mobaynida afsungar xizmatidan foydalanganganlikda aybladi.

Bu ayblov jiddiy xarakterga ega. Zero, u qandaydir ehtirosli muxlis emas, balki «Portu»ning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi direktori Fransishk Markesh og‘zidan chiqdi, boz ustiga, klub telekanalining to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatilgan ko‘rsatuvi chog‘i.

Portuliklar dalil sifatida «Benfika» prezidenti Luish Filipe Viyeyra va Gvineya-bisaulik afsungar Armandu Nagi o‘rtasidagi yozishmalar mazmunini taqdim etishdi.

v v v v

Aniqlanishicha, Nagi afsungarlik qilish barobarida xalq polisiyasi komissari sifatida ishlaydi. Markeshning yakuniy gaplari quyidagicha bo‘ldi: «Ochig‘i, hammasi shu darajaga borishini o‘ylagan emasdim. Ammo bugun bemalol aytamanki, gap Portugaliya futboli tarixidagi eng katta mojaro haqida ketyapti. Eng qizig‘i hali oldinda». Qo‘shimcha qilish joiz, ayni payt portugal futbolida antikorrupsion tergov davom etyapti. Shu vaqtda aqlga sig‘mas ayblovning yangrashi xuddiki olovga moy quygandek bo‘ldi. Ko‘rinishidan, «Benfika»ning ketma-ket 4-marta chempionlik rutbasiga erishgani ikki klub o‘rtasidagi dushmanlikni yanada quvvatlantirdi, shekilli. «Benfika» afsungarga  100 minglab yevro to‘lagan,- deydi Markesh. - Xususan, mavsum-2015|2016dagi chempionlik uchun sehrgar hisob raqamiga 75 ming yevro o‘tkazib berilgan. Bu «Benfika» futbolchilari, murabbiylari va rahbarlari mehnatini shubha ostida qoldiradi». Markeshning aytishicha, afsungar «Benfika»ni qatorasiga 4-chempionlik unvoni «ishdan bo‘yin tovlash» tufayli xavf ostida qolishi haqida ogohlantirgan. Nagi shuning barobarida agar gonorari miqdorini oshirsalar, barchasini to‘g‘rilashi mumkinligini ta’kidlagan emish.

v v v v

Nagi tomonidan «Benfika» prezidentiga yuborilgan maktub mazmuni: «Benfika» hamkori sifatida ishdan bo‘yin tovlash holati vujudga kelayotganiga e’tibor qaratishni so‘rayman. Zero, bu klubning ketma-ket 4-marta chempion bo‘lishi ehtimolini xavf ostida qoldiradi. Mavsum-2015|2016da Rui Gomesh da Silva vositachiligida o‘zaro kelishuvga erishganimiz natijasida oltin medal yutdik. Mendagi ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘rsatilgan xizmatdan xursandsiz va shartnoma muddatini uzaytirishni istaysiz. Biroq janob Rui Gomesh da Silva «Benfika» boshqaruv kengashi tarkibidan chiqarilgach, biz bilan hamkorlik qilishni to‘xtatdi. Qolaversa, haligacha yangi shartnoma tuzilmadi. Shunga qaramay, ishlashda davom etdik va faqat «Moreyrenshe» va «Setubal» bilan o‘yinlar oldidan to‘xtadik. Natijada klub mag‘lubiyatlarni tan oldi(«Benfika» yanvar oyi oxirida 2 marta yengildi). Shuning uchun yangi vositachi tayinlashingizni so‘raymiz. U maksimal darajada maxfiy bo‘lishi shart, shunday taqdirdagina hamkorlikni davom ettirib, «Benfika»ning qatorasiga 4-marta chempionlikka erishishi, Portugaliya kubogini yutishi va CHLda imkon qadar uzoqroq borishiga ko‘maklashishimiz mumkin. Umuman, biz bilan ishlasangiz, klubning barcha ishlari joyida bo‘lishini kafolatlaymiz. Janob prezident, bizga ishoning, Rui Gomesh da Silva «Benfika»ga baxtsizlik tilamaydi, balki sovrinlar yutishiga yordam berishni istaydi. O‘ylaymanki, bunga yetarlicha dalillar ham keltirdik».

v v v v

Yana bir taxminga ko‘ra, klubdan haydalgan Gomesh da Silva Gvineya-bisaulik afsungarning hisob raqamini «yopib» qo‘ygan va u klubdan haq ololmagan. «U (sehrgar-polisiyachi Armandu Nagi) 13 fevral kuni Luish Filipe Viyeyraga maktub yo‘llab, CHL doirasida Dortmund «Borussiya»siga qarshi kechadigan o‘yingacha shartnoma tuzishni iltimos qilgan,-deydi Markesh. - Viyeyra bunga ijobiy javob bergan. Keyingi kuni Viyeyra pochtasiga yangi xat kelgan va unda xizmat haqi miqdori ham ma’lum qilingan». Aytishlaricha, 14 fevraldayoq kelishuv ostiga imzo qo‘yilgan va «Benfika» o‘z maydonida «Borussiya»ni yengdi - 1:0. 8 mart kuni esa kutilmagan voqelik kuzatildi - «Benfika» Dortmundda butunlay tor-mor bo‘lib (0:4), CHLdan chiqib ketdi. Natijada «Benfika» prezidenti darhol afsungarga o‘ta qisqa xat yozgan: «Bu qanaqa jinnilik?!» Nagi esa o‘zini oqlashga uringan: «Ayni o‘sha vaqt Gvineya-Bisauda emasdim. Afsuski, o‘rnimda ishlagan kishi topshiriqlarimni vaqtida bajarolmabdi. Master Lissabon bilan aloqa o‘rnatdi, biroq bu vaqtda kech bo‘lgandi...». Markesh sirli «Master» kimligini ham aniqlabdi - Nagining ukasi. Sehrgar o‘z maktubi oxirida Dortmunddagi mag‘lubiyat uchun uzr so‘ragan: «Endi bor e’tiborimizni klubga kerakli sovrinlar - chempionlik va Portugaliya kubogiga qaratamiz. Umid qilamanki, bizni tushunasiz, bunaqasi boshqa takrorlanmaydi». Diqqatga sazovor tomoni, Fransishk Markesh ayblovi barcha OAVda ovoza bo‘lgach, Armandu Nagi «Benfika» prezidenti bilan chindan ham yozishib turganini tan oldi. Biroq qo‘shimcha qilishni ham unutmadi: «U afsunga sira ishonmadi va men bilan shartnoma tuzgani yo‘q».

v v v v

Tabiiyki, «Benfika» prezidenti Luish Filipe Viyeyra ham bunga o‘z munosabatini bildirdi: «Ha, oxirgi kunlarda atrofimizda shubhali muhitni yuzaga keltirishdi. Ishontirib aytamanki, klubimiz qonunga zid hech qanday harakatga qo‘l urmaydi. Vaqt o‘tishi bilan hamma buni teran tushunadi. Sportcha muvaffaqiyatlarimiz, moliyaviy barqaror holatimiz va ishlarni tartibli yo‘lga qo‘yganimiz raqiblarimizga noqulayliklar tug‘dirmoqda, shekilli. Hozir bor e’tiborimiz yangi mavsum tayyorgarligiga qaratilgan. Zero, ketma-ket 5-marta chempion bo‘lishni istaymiz. Istasangiz, jamoamizning zafarli yurishi sirini bemalol oshkor etishim mumkin - asosiy sehrgarimiz murabbiy Rui Vitoriyadir».

v v v v

Portugaliyalik jurnalistlar esa «Benfika»ning mavsum-2015|2016da darhaqiqat, afsungar xizmatiga ehtiyoj sezganini tasdiqlaydigan biror dalil topolmadilar. Umuman olganda, Portugaliya futbolida afrikaliklar ko‘p va sehr-jodu xususidagi gaplar bilan birovni hayratga solish qiyin. Qolaversa, mamlakatda «Benfika»ning muvaffaqiyatlarini asosan klubda yosh iqtidorlarni kashf etish tizimi yaxshi yo‘lga qo‘yilgani bilan bog‘lashadi. Ya’ni sehr-joduga qaratilgan turli marosim va harakatlarni tan olishmaydi. Shunday bo‘lsada, hamma «Portu» da’vosi nimalarga olib kelishiga qattiq qiziqmoqda.

Gvineya-bisaulik afsungarning xizmat tarifi

5 000 yevro -  superkubokdagi g‘alaba uchun

100 000 yevro - chempionatdagi g‘alaba uchun

10 000 yevro - CHL guruh bosqichidagi 1ta g‘alaba uchun

30 000 yevro - CHL «pley-off» raundidagi 1ta g‘alaba uchun

1 000 yevro - Portugaliya kubogi va Liga kubogidagi 1ta g‘alaba uchun

5 000 yevro - Portugaliya kubogi va Liga kubogi finalidagi g‘alaba uchun

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:03, 08.07.2017.
O'qildi: 4503 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.