2012-2013 yilgi mavsumlarda yaponiyalik futbolchi Naoya Shibamura O‘zbekiston oliy ligasida to‘p surgan va «Paxtakor» bilan «Buxoro» jamoalari sharafini himoya qilgandi.
2012 yili himoyachi «sherlar» tarkibida bor-yo‘g‘i bitta o‘yinda maydonga tushib, 45 daqiqa o‘ynagan. O‘sha yili «Buxoro»ga ko‘chib o‘tgan yaponiyalik futbolchi 12ta uchrashuvda maydonga tushdi. Bu o‘yinlarda u 3ta sariq kartochka ishlab oldi.
2013 yilgi mavsum Naoya uchun yana ham omadli chiqdi. «Kunchiqar yurt» futbolchisi «Buxoro» libosida 26ta o‘yin o‘tkazdi. Uchrashuvlarda atigi ikki bor ogohlantirildi. Umuman olganda, Shibamura o‘zidan yomon taassurot qoldirmagandi.
O‘zbekistondan ketgan Naoya ma’lum muddat Polshada o‘ynadi. Mana ikki yildirki, u ona yurti Yaponiyada futbolchilik faoliyatini davom ettiryapti. Biz Naoya Shibamura bilan bog‘lanib, undan intervyu oldik.
- Naoya, yurtimizni tark etishingizga nima sabab bo‘lgandi?
- O‘zbekistonda ikki yil o‘ynadim. Hech ikkilanishsiz aytishim mumkin, bu mamlakat Yaponiyadan so‘ng mening ikkinchi vatanimga aylangan. O‘zbekistonni juda yaxshi ko‘raman. Ayniqsa, odamlari va milliy taomlarini rosa sog‘inaman. Toshkent va Buxoro shaharlari umrbod yodimda qoladi. Bevosita savolingizga kelsak, o‘zimni yangi chempionatda sinab ko‘rishga qaror qildim. O‘sha payt bir nechta davlat klublaridan takliflar olgandim. O‘ylab ko‘rib, ular orasidan Polsha variantini tanladim. Yevropa klubida o‘ynashni afzal bildim.
- Sizga O‘zbekistonda nima yoqmadi?
- Bunday narsaning o‘zi bo‘lmadi. Yozning issiq kelishini inobatga olmasa, hammasi ajoyib. O‘zbeklar futbolni yaxshi ko‘rishadi. Ayniqsa, Buxoroda millionlar o‘yini ixlosmandlari bisyor ekan.
- Polshadan keyin Yaponiyaga qaytdingizmi?
- Xuddi shunday. Yaponiyaning «Ventforet Kofu» jamoasi bilan shartnoma imzoladim. O‘tgan yili shu klub sharafini himoya qildim. Bu yildan e’tiboran Tokio shahri jamoasida o‘ynovchi murabbiy sifatida faoliyat yurityapman. Futbolga bo‘lgan mehrim sabab bu sport turidan yiroqlashib keta olmasdim va murabbiylik faoliyatini boshlashga qaror qildim.
- Futbolchilik davringizga nazar tashlab, undan ko‘nglingiz to‘ldimi?
- Har holda yomon emas. Lekin bundan ham yaxshi bo‘lishi mumkin edi. 2014-2015 yilgi mavsumda Polshaning «Stomil» klubida o‘ynadim. Bu jamoa tarkibida 38ta uchrashuvda maydonga tushdim. Legioner sifatida ikki yil Latviyaning «Ventspils» klubida to‘p surdim. O‘zbekistonning eng nomdor jamoasi - «Paxtakor» libosini kiyish nasib qildi. «Buxoro»da bir yarim mavsum samarali o‘yin o‘tkazdim.
Yaponiyaning bir nechta klublari sharafini himoya qildim. Har bir futbolchining katta orzularidan biri - legioner sifatida o‘ynash. Menga shunday baxt nasib qilgan. Lekin termada o‘ynamaganim men uchun armon bo‘lib qoldi. Balki qachonlardir milliy jamoada murabbiyi sifatida ishlarman.
Hayotda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Hozir murabbiylikka astoydil kirishganman. Tajribali ustozlardan soha sir-asrorlarini o‘rganyapman. Faoliyatim davomida yaxshi murabbiylar qo‘l ostida o‘ynadim.
- O‘zbekistonlik futbolchilar bilan gaplashib turasizmi?
- Albatta. Asosan «Paxtakor» va «Buxoro»da birga to‘p surganlar bilan ijtimoiy tarmoq orqali suhbatlashamiz, O‘zbekiston haqida ko‘p ma’lumot so‘rayman. Yurtingizda do‘stlarim ko‘p. Ular orasida muxlislar ham bor, hammalari iliq fikrlarni yozishadi. Bundan juda ham xursand bo‘laman.
- Hozir Yaponiya J-ligasida o‘zbekistonlik futbolchi o‘ynayapti. Aniqrog‘i, Fozil Musayev «Jubilo Ivata» klubi sharafini himoya qilmoqda. Bundan xabaringiz bormi?
- Bo‘lmasam-chi, bir necha yil avval do‘stlashganmiz. Yaponiya chempionatida juda yaxshi o‘yin ko‘rsatyapti. Hech ikkilanishsiz aytishim mumkinki, Musayev J-liganing eng kuchli tayanch yarim himoyachilaridan biri. Qisqa fursatda Yaponiya chempionatiga moslashib ketdi. U uchun xursandman. Darvoqe, yaqinda Fozil milliy jamoa yig‘inidan qaytdi. O‘zbekiston termasi ishtirokidagi o‘yinda maydonga tushdimi?
- Afsuski, yo‘q. Murabbiylar shtabi unga imkoniyat berishmadi. Har ikkala bahsda ham zaxirada qoldirildi.
- Afsus. Musayev bugungi kunda o‘z pozisiyasidagi eng kuchli futbolchi. Shaxsan men shunday fikrdaman. Aks holda, «Jubilo Ivata» murabbiylari unga ishonch bildirishmasdi. Har bir o‘yinda maydonda to‘liq 90 daqiqa harakat qilyapti. Gollar ham uryapti. Ochig‘i, uning termada nima sababdan zaxirada qolayotganini tushunmadim.
- Yaponiya termasining JCH-2018 final bosqichiga chiqishiga ishonasizmi?
- Albatta. Lekin guruhda o‘ta chigal vaziyat yuzaga kelgan. Saudiya Arabistoni va Avstraliya termalari ham mundialga chiqish uchun kurash olib borishyapti. Bizning jamoa 17 ochko bilan guruhda peshqadamlik qilyapti. Saudiya Arabistoni va Avstraliya hisobida 16tadan ochko bor.
Navbatdagi turda Saudiyaga qarshi kechadigan o‘yin ko‘p narsaga oydinlik kiritadi. Shu o‘rinda O‘zbekiston termasiga ham saralashning qolgan ikki o‘yinida omad tilayman. Eng muhimi, hammasi o‘z qo‘lingizda. Futbolchilar astoydil harakat qilishsa, JCH-2018 final bosqich yo‘llanmasi qo‘lga kiritiladi.