Kirish Ro'yxatdan o'tish
19/11 17:00 Xitoy - Yaponiya
19/11 17:00 Indoneziya - Saudiya Arabistoni
19/11 17:00 KXDR - O‘zbekiston
19/11 19:00 Falastin - Janubiy Koreya
19/11 19:00 Qirg‘iziston - Eron
19/11 21:00 Ummon - Iroq
19/11 21:00 BAA - Qatar
19/11 23:15 Bahrayn - Avstraliya
19/11 23:15 Kuvayt - Iordaniya

Aziz Ibragimov: «ECHLda o‘ynashni ma’qul ko‘rdim»

Aziz Ibragimov: «ECHLda o‘ynashni ma’qul ko‘rdim»

Baho:
+1 | -

Endi Latviya chempionatida ham to‘p suradigan futbolchiga egamiz. Tajribali yarimhimoyachi Aziz Ibragimov o‘zini ushbu mamlakat futbolida sinab ko‘radi.

Hamyurtimiz Yurmalaning «Spartak» klubi bilan shartnoma imzoladi. U Latviya klubiga ozod agent maqomida ko‘chib o‘tdi. Ibragimov bungacha Eronning «Mashin Sozi» jamoasi safida o‘ynagandi. Ma’lumot uchun, Latviya virsligasida 7ta jamoa ishtirok etadi.

«Spartak» 11ta uchrashuvda 22 ochko jamg‘arib, turnir jadvalida peshqadamlik qilyapti. Yurmalaliklar 2-o‘rindan joy olgan «Riga» jamoasidan bitta o‘yin kam o‘tkazishgan. Bu klub hisobida 20 ochko bor. Mashhur «Ventspils» esa 11 ochko bilan 6-pog‘onadan joy olgan.

Aziz Ibragimov yangi jamoasi safiga yetib borib, ilk mashg‘ulotda qatnashishga ham ulgurdi. Biz futbolchimiz bilan bog‘lanib, undan intervyu oldik.

- Aziz, muxlislar uchun biroz kutilmagan qarorga keldingiz. Umuman, Latviya varianti qanday paydo bo‘ldi?

- Hammasi agentlar orqali amalga oshdi. Aniqrog‘i, Vadim ismli yaqin do‘stim, futbol agentim «Spartak»dan taklif borligini aytdi. O‘sha payt boshqa bir nechta jamoadan ham chaqiruv olgandim. O‘ylab ko‘rgach, Latviyada to‘p surishni ma’qul ko‘rdim. Bunga yetarlicha asoslar bor. Avvalo, bu shahar Pragadagi uyimga yaqin. Ikkinchidan, «Spartak» YECHLda ishtirok etadi. Uchinchidan, Yurmala dengiz bo‘yida joylashgan kurort shahar, havosi juda ham toza. Qolaversa, jamoa ayni payt chempionatda peshqadamlik qilyapti.

- Yangi klubingizda yaratilgan sharoitlar ma’qul keldimi?

- Sekin-asta tanishyapman. Hammasi yaxshi. Stadionning shundoqqina yonidan uy berishdi. Dengiz ham yaqin.

- Qancha muddatga shartnoma imzoladingiz?

- Kelishuv mavsum so‘ngigacha tuzildi. Agar hammasi ma’qul kelsa, bitim yana bir yilga uzaytirilishi mumkin.

- Mashg‘ulotlarda farq sezdingizmi?

- Albatta, farqi juda katta. Baribir, Yevropa futboli havosi sezilib turibdi. Jamoamizda ikki nafar xorvatiyalik va shuncha belaruslik, shuningdek, ukrainalik hamda rossiyalik legionerlar bor. Bosh murabbiy polshalik mutaxassis. Mashg‘ulotlar qat’iy intizom va tartib asosida o‘tkaziladi, bir daqiqa kech qolsangiz, mashqlarga kiritilmaysiz. Hattoki, mashg‘ulot chog‘ida hammaning kiyimi bir xil bo‘lishi kerak.

- O‘zbekistondan ham takliflar bo‘ldimi?

- Albatta. Chorlovlar yetarlicha edi. Lekin Yevropa klubidan tushgan taklifni afzal bildim.

- Latviya chempionatining saviyasi baland ekanmi?

- Uni endi o‘ynab ko‘rganimdan so‘ng bilaman. Lekin har qanday holatda ham YECHLda qatnashamiz. Shuning o‘zi biz uchun katta sharaf.

- Eron chempionatida o‘ynaganingizdan afsuslanmadingizmi?

- Nega endi afsuslanishim kerak? Eron birinchiligi Osiyodagi kuchli chempionatlar uchligida e’tirof etiladi. U yerda o‘ynash orqali o‘ziga yarasha tajriba orttirdim.

- Yangi jamoangizning uy stadioni, klub bazasi, muxlislari haqida ham ma’lumot bersangiz. «Spartak» xususiy klubmi?

- Xuddi shunday. Hozircha jamoaning bazasi yo‘q. Hamma futbolchilarga xonadon ajratilgan. Stadion jahon andozalariga to‘liq javob beradi. Faqat maydoni sun’iy qoplamali.

- Oldin o‘ynagan klublaringiz bilan taqqoslaganda, maosh yetarlimi?

- Ha, shartnomaning moliyaviy tomoni ham meni qoniqtirdi. Lekin har doim ham pulni birinchi o‘ringa qo‘ymayman.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:36, 14.07.2017.
O'qildi: 10441 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.