Urugvay terma jamoasi va Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” klubi hujumchisi Darvin Nunyes faoliyatini Ispaniyaning “Barselona” jamoasida davom ettirishi mumkin. Bu haqda Tribuna.com nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, agar kataloniyaliklar “Atletiko”dan Xulian Alvaresning transferini amalga oshira olmasa, urugvaylik hujumchi ular uchun asosiy variantga aylanadi. Nunyes va uning vakillari “Barselona” yangi hujumchi izlayotganini yaxshi biladi. Shuning uchun ular ushbu transfer klub uchun nisbatan arzonroqqa tushishi mumkin, deb hisoblamoqda.
Ma’lumot uchun, 27 yoshli hujumchi 2025/2026-yilgi mavsumda “Al-Hilol” safida jami 24 ta uchrashuvda maydonga tushib, 9 ta gol hamda 5 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning yozida Saudiya klubi Nunyesni “Liverpul”dan 53 million yevro evaziga sotib olgan edi. Transfermarkt portaliga ko‘ra, futbolchining hozirgi transfer qiymati 20 million yevroni tashkil etadi. Uning arablar klubi bilan amaldagi shartnomasi 2028-yilning yoziga qadar mo‘ljallangan.













