Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Aleksandr Kokorin: «Oldin Klopp yoqardi, endi «Zenit»ni tanlayman»

Aleksandr Kokorin: «Oldin Klopp yoqardi, endi «Zenit»ni tanlayman»

Baho:
+ | -

«Zenit» hujumchisi Aleksandr Kokorin ma’lum sabablarga ko‘ra, Konfederasiyalar kubogida Rossiya terma jamoasi safida o‘ynay olmadi.

Yaqinda Championat.com sayti ushbu futbolchi bilan suhbat uyushtirib, turli mavzulardagi savollarga javob oldi.

— «Zenit»ning Avstriyadagi yig‘inida siz sardor sifatida ishtirok etdingiz...

— Ha, kutilmagan va yoqimli holat bo‘ldi. Ammo bu vaqtinchalik. Yaqinda Dannidan keyingi sardorimiz kimligini bilib olamiz. «Zenit»da bu vazifani bajarishimga hali ancha bor.

— Manchini alohida biror nima dedimi?

— Kiyinish xonasida bog‘ich mening shkafimda osig‘liq turgan ekan. Yigitlardan «Kimdir taqishni unutganmi?», deb so‘radim. Maydonga chiqishimizdan bir daqiqa oldin Manchini kirib, «Bugun sen sardorsan», dedi. Ortiqcha savol berishga ulgurmadim ham.

— Manchini borasidagi taassurotlaringiz qanday?

— Birinchi yig‘inda yangilar va terma jamoaga ketganlar yo‘q edi. Shu bois ham yugurish va taktik mashqlar ko‘p bo‘ldi. Hozir esa to‘p bilan ko‘proq ishlayapmiz. Qiziqarli mashqlar yetarli. Umuman olganda, Manchini og‘ir-bosiq murabbiy, hammasini yaxshilab tushuntirib qo‘ydi. Vaziyat xuddi Kapello termani boshqargandagi kabi davom etmoqda. Masalan, ovqatlanishga butun jamoa birga kelib, birga ketadi. Menimcha, bu o‘zaro yakdillikni ta’minlashda as­qotadi. Istasangiz ham, istamasangiz ham, boshqa futbolchilar bilan muloqot qilasiz.

— Paredesni suhbatga tortmadingizmi? «Instagram» orqali Tottining fanati ekaningizni bilib oldik.

— Leandro bilan gaplashadigan gapimiz ko‘p. «Dinamo»da o‘ynab yurganimda Rimdagi klinikada bir oy davolanganman. O‘shanda «Roma»ning ayrim o‘yinlariga tashrif buyurganman. Hattoki, Italiya kubogi finalini ko‘rganman. O‘sha tibbiyot muassasasi shifokorlari Totti bilan hamkorlik qilishardi. Ular menga Francheskoning dastxati tushirilgan futbolkani sovg‘a qilishgan. Afsuski, uning suhbatidan bahramand bo‘lolmaganman.

— Manchini bilan yuzma-yuz gaplashdingizmi?

— Ha, tanishdik, biroz gaplashdik. Maydondagi pozisiyamni muhokama qilmadik, lekin murabbiy meni forvard o‘rnida ko‘ryapti. Manchini sobiq hujumchi sifatida biz bilan ko‘proq shug‘ullanmoqda.

— O‘zingizga qaysi chiziqda o‘ynash ma’qulroq?

— Birinchi yoki ikkinchi hujumchi pozisiyasida to‘p surish qulay. So‘nggi uchrashuvlarda Dzyuba bilan ancha o‘yi­nimiz qovushdi.

— Artyom ikkingiz bitta xonada turasizmi?

— Yo‘q, u Juliano bilan yashayapti. Men o‘zim qoldim.

— Konfederasiyalar kubogidan keyingi «messej»ingiz omma orasida ko‘p muhokama qilindi. Bu bilan nima demoqchi bo‘lgandingiz?

— To‘g‘risi, mazkur holat shov-shuvga sabab bo‘lishini kutmagandim. Aslida, hech kimga murojaat qilmoqchi emasdik. O‘tgan mavsum oxirida gollarni shunday nishonlashga kelishib olgandik. Ushbu harakat nimani anglatishini faqat men, Dzyuba va Kerjakov uchchalamiz bilamiz. Bu - o‘ziga xos sirimiz.

— Bir necha hafta oldin sizni haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilishdi. Agentingiz Kirill Loginovning aytishicha, shunchaki, chiziqni bosgan ekansiz. OAVda esa Moskva markazida poyga uyushtirganingiz yozilgan.

— Birinchidan, shuni aytmoqchimanki, mening agentim yo‘q. Ikkinchidan, ish shunday bo‘lgandi: qayrilishda ikkitalik chiziqqa chiqib ketdim. 30 metr­ yurganimdan so‘ng DAN xodimlari to‘xtatishdi. Moskvada ikki yildan buyon yashamayapman, belgilar o‘zgarib qolgan ekan. O‘sha burilishda boshqalar ham adashadi. Agar poyga uyushtirganimda, avtohalokatga uchrardim.

— Sud qaroriga qarshilik qilmadingizmi?

— Sudga borishim mumkin edi, lekin hukm o‘qiladigan kun mashg‘ulotlarga to‘g‘ri kelib qoldi. Futbolni muhimroq, deb hisobladim.

— Cherchesov bilan oxirgi marta qachon gaplashdingiz?

— Mavsum yakunlangach, Rossiya terma jamoasiga chaqirilganlar ma’lum bo‘lganidan so‘ng suhbatlashdik. U Konfederasiyalar kubogida nima uchun ishtirok etmasligimni tushuntirdi.

— Qanday munosabat bildirdingiz?

— Albatta, ranjidim. Nima qilganda ham bu - murabbiy qarori, uni hurmat qilishim kerak. Cherchesov menga «Mashg‘ulotlarga zo‘r ber. Jahon chempionati yaqinlashyapti, u sening asosiy maqsading bo‘lsin», dedi.

— Asosiy maqsadingiz jahon chempionatida ishtirok etishmi?

— Birinchisi - Rossiya chempionatida g‘olib chiqish. Agar chempionatda o‘zimni ko‘rsatsam, mundialda qatnashishimga shubha qolmaydi.

— Smolovning «Zenit»ga o‘tishi mumkinligi haqidagi xabarlarga qanday izoh berasiz?

— Aniq shartnoma imzolanmaguncha barchasi shunchaki, gap-so‘z, xolos. Masalan, meni ham har doim qayergadir jo‘natishadi.

— Smolovga qanday maslahat berardingiz: «Zenit»mi yoki Yevropa?

— «Ko‘hna qit’a»ning qayeriga borishiga qarab.

— Aytaylik, «Sautgempton»?

— «Zenit»!

— Agar Dortmundning «Borus­siya»­si bo‘lsachi?

— Oldin Klopp yoqardi. Hozir baribir «Zenit»ni tanlayman!

— Nima uchun?

— Sankt-Peterburg klubiga o‘tganimdan so‘ng, bu jamoani Yevropada hurmat qilishlarini tushunib yetdim.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:01, 23.07.2017.
O'qildi: 3159 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.