Madridning "Real" klubi hujumchisi Vinisius Junior yakshanba kungi "El-Klasiko"dan so‘ng raqiblariga nisbatan ko‘rsatgan ehtiromi bilan diqqat markaziga tushdi.
O‘yin davomida hissiyotlarini jilovlay olmasligi va raqiblariga yoqmaydigan harakatlari bilan tanilgan braziliyalik futbolchi, "Kamp Nou"dagi bahs vaqtida "Barselona" muxlislariga "Real"ning Chempionlar ligasidagi 15 ta g‘alabasini eslatuvchi ishoralarni ko‘rsatgan edi. Biroq final hushtagi chalingach, Vinisius o‘zini mutlaqo boshqacha tutdi.
The Touchline nashrining qayd etishicha, uchrashuv yakunlanganidan so‘ng Vinisius "Barselona"ning har bir futbolchisi oldiga borib, ularni qo‘l berib tabriklagan va samimiy munosabatda bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, mazkur "El-Klasiko" natijasiga ko‘ra, "Barselona" chempionat yakunlanishiga uch tur qolganda muddatidan oldin Ispaniya chempionligini qo‘lga kiritdi.













