Braziliyalik hujumchi Neymar «PSJ» a’zosi sifatida dastlabki matbuot anjumanida qatnashdi va tabiiyki, asosan Kataloniyadan Parijga yo‘l olish jarayoni tafsilotlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Yangi marralar sari intilish imkoniyati hosil qilganimdan, Parijdek g‘aroyib shaharga kelganimdan g‘oyat mamnunman. «PSJ» bilan mashg‘ulotlarga kirishish, nufuzli sovrinlar yutishga ilhaqman,-dedi Neymar anjumanning kirish qismida.
- Dastlabki qadamni o‘zingiz tashlaganingizni tasdiqlay olasizmi? Nima sababdan aynan «PSJ»ni tanladingiz?
- Bu izzattalablik samarasi. Shunchaki, salohiyatimni yangicha sharoitda sinab ko‘rishni ixtiyor etdim. Chunki muhitni o‘zgartirish ishtiyoqi menga tinchlik bermayotgandi.
- Jamoada chin yetakchi bo‘lish istagi ham qaroringizga ta’sir o‘tkazdimi?
- Yo‘q. «Barsa»dan ketishimning bu masalaga umuman daxli yo‘q. Qaytaraman, yangi cho‘qqilarni zabt etish xohishi kuchlilik qildi. Klubda bosh yetakchi emasligim meni hech qachon xavotirga solmagan. Bu rolga intilmaganman, intilmayman ham. Lekin nufuzli sovrinlarga ega bo‘lishni istayman, albatta.
- «PSJ» o‘tgan yili ham sizga aniq taklif bilan chiqqandi. Nima, o‘sha payt chorlov qiziqish uyg‘otmaganmidi?
- Bu savolga lo‘nda javob qaytarish qiyin. Menimcha, muhitni o‘zgartirish uchun qulay payt endi keldi.
- «Barselona» vakillari Kataloniyada qolishingizga tarafdor edilar. «PSJ» a’zolari bilan gaplashdingizmi? Parijda sizni ko‘ngildagidek kutib olishlariga aynan kim ishontirdi?
- Tushunarliki, hayotimdagi o‘ta murakkab qarorlardan birini qabul qildim. Axir «Barsa» sharoitiga moslashib ulgurgan, ko‘plab do‘stlar orttirgandim. Umuman, anchayin murakkab davrni boshdan o‘tkazdim, kelajakda qanday ishlarni amalga oshirish xususida uzoq o‘yladim.
O‘z o‘rnida, sobiq jamoadoshlarimga minnatdorchilik bildiraman - ular mendan o‘z yordamlarini darig‘ tutmadilar. Albatta, «PSJ»dagi yigitlar bilan ham suhbatlashdim va ular jamoaga tezroq moslashishim uchun imkon qadar ko‘maklashishga va’da berdilar.
- Qiziq, qandaydir ikkilanish ham sezildimi?
- Ha, axir murakkab qaror qabul qilish osonmi? Ko‘pchilik transfer amalga oshishidan oldin rasman bayonot berishimni so‘radi. Biroq 100 foiz ishonch hosil qilmay turib, qanday fikr bildirishim mumkin? Xullas, barchasini uzil-kesil hal qilganimdan keyingina qarorimni rasman oshkor etdim.
- Neymar «PSJ»ga faqat pul tufayli o‘tdi - bunday fikrlarga javobingiz qanday?
- Hayotimdan umuman bexabar kishilargina shunday o‘ylashlari mumkin. Lekin men uchun buning ahamiyati yo‘q. Chunki hamisha o‘zim va oilam baxti haqida qayg‘uraman.
- Neymar, dunyoning eng qimmatbaho futbolchisi sifatida o‘zingizni qanday his etyapsiz?
- Odatdagidek, hech qanday muammo yo‘q. Avval qanday bo‘lsam, hozir ham shundayman.
- Emeri bilan qaysi pozisiyada o‘ynashingiz xususida gaplashdingizmi?
- Yo‘q, hali ulgurmadim. Umuman, murabbiy qaysi pozisiyani ko‘rsatsa, o‘sha joyda o‘ynayveraman.
- Pike ijtimoiy tarmoqqa «U qoladi» yozuvli fotosuratingizni joylashtirgandi. Bu xususda nima deya olasiz?
- Bir kuni mashg‘ulotlardan bo‘shagach, kechki taomga to‘plandik va birga suratga tushdik. Pike surat ostiga yozuv ilova qilishini aytganida, e’tiroz bildirdim. Chunki «Barsa»da qolishim yoki ketishim ma’lum emasdi. Pike esa o‘z bilganidan qolmadi - bor gap shu.
- O‘zi yakuniy qarorni qachon qabul qildingiz?
- Yaqinda, atigi 2-3 kun oldin. Qarorimni avvalo, «Barselona» bosh murabbiyiga aytdim, u esa jamoa a’zolariga e’lon qildi.
- «Barsa»dan shu tariqa ketishingiz jamoa muxlislariga yoqmagani aniq. Ular hattoki, sizni xoinga chiqarib, Figu bilan qiyoslashmoqda...
- Muxlislarning menga xoin sifatida qarashlari, butun dunyoda shunday xayolga borishlari achinarli, albatta. Lekin vijdonim toza - hech qanday noto‘g‘ri ish qilganim yo‘q. Axir jamoada qolish yoki qolmaslik avvalo, har bir futbolchining o‘ziga bog‘liq. Ya’ni u kelajagini mustaqil belgilash huquqga ega.
«Barselona» Neymarning otasiga katta miqdorda bonus berilmasligini ma’lum qildi. O‘tgan yili futbolchi Kataloniya klubi bilan yangi shartnoma imzolach, uning otasi va agenti hisoblanmish katta Neymar 26 million yevro miqdorida bonus olishi aytilgandi.
Shartlashuvga ko‘ra, «Barsa» shuncha pulni bir necha yil davomida to‘lashi kerak edi. Ammo ESPN xabariga asosan aytsak, Neymar «PSJ»ga o‘tgach, «Barselona» va’da qilingan mukofot pulini to‘lashdan bosh tortdi.
Neymar «PSJ»da 10-raqam ostida to‘p suradi. Parijliklar braziliyalik hujumchi transferi uchun 222 million yevro to‘lashadi. Xullas, Neymar futbol tarixidagi eng qimmatbaho o‘yinchiga aylandi. Bundan tashqari, 25 yoshli hujumchi jahonning eng ko‘p maosh oluvchi futbolchilari ro‘yxatida 2-o‘ringa chiqib oldi.
Eng ko‘p maosh oluvchi futbolchilar
1. Karlos Teves («Shanxay Shenxua») - 38 mln. yevro
2. Neymar («PSJ») - 30 mln. yevro
3. Ezekiyel Lavessi («Xebey Chayna Forchun») - 26,5 mln. yevro
4-5. Oskar («Shanxay SIPG») - 25 mln. yevro
4-5. Lionel Messi («Barselona») - 25 mln. yevro
6. Krishtianu Ronaldu («Real») - 23,6 mln. yevro
7. Garet Beyl («Real») - 20,2 mln. yevro
8. Xalk («Shanxay SIPG») - 20 mln. yevro
9-10. Jervinyo («Xebey Chayna Forchun») - 18 mln. yevro
9-10. Aksel Vitsel («Tyanjin Kuanjin») - 18 mln. yevro
Munosabat
- «Moliyaviy «Feyr-pley»? Bundan xavotir olayotganlar bir finjon qahva ichib olsinlar. Hammasi butkul qonuniy va shaffof. OAVda yozilayotgan xabarlarga esa tupurdim. Neymarning transferida hech qanday muammo yo‘q. Futbolchining ishtiyoqi? Kafolat beraman, gap pulda emas. Ishoning, u xohlasa, boshqa klubda bundanda ko‘proq pul topishi mumkin edi.
- Aslida Neymar jarayonni ortga surishga intildi, o‘zini chinakam jentlmendek tutdi, «Barsa»dan janjal bilan ketishni istamadi. Shunday ekan, uni qanaqasiga xoinga chiqarish mumkin?
- Neymar transferi uchun kim pul to‘ladi? Klubmi yoki futbolchining o‘zi? Albatta, futbolchi emas, biz to‘ladik. Nosir al Xelayfi («PSJ» prezidenti).
Neymarning transferi jamoa xo‘jayinlarini so‘nggi 15 yil ichida bezovtalik ruhiga tushiradi. Agar biror jamoaga butun bitta katta davlat homiylik qilsa, buning yo‘rig‘i boshqa. Futbolda transferni amalga oshirish borgan sari qiyinlashmoqda.
Futbolchilar xuddi MBA basketbolchilari kabi qimmatlashib, jamoatchilikdan berkitiladigan «o‘yinchoq»qa aylanishmoqda. Aslida bunday bo‘lmasligi kerak... Arsen Venger («Arsenal» bosh murabbiyi).
- Bu transfer noqulaylik va qo‘rquv hissini uyg‘otmoqda. Shu ketishda nimaga erishamiz? Balki sovun ko‘pigiga o‘xshash narsa yaratayotgandirmiz. U bir kun kelib, shundoq yoriladi va xuddi dunyoning iqtisodiy inqirozi kabi baloga giriftor qiladi. Albatta, Neymarning transferi mutasaddi tashkilotlar tomonidan obdon tekshiriladi. Biroq dunyodagi ko‘plab insonlar muammolarga botib qolayotgan vaqtda millionerlarning bunday tomoshasi chinakamiga qo‘rqitmoqda. Monchi («Roma» sport direktori).
«Barselona» men uchun katta chaqiruv bo‘lgandi. Klubdagi ilk kunlarni hozirgidek eslayman. Ya’ni kiyinish xonasida Messi, Xavi, Inyesta, Puyol va boshqalar bilan ko‘rishganim hech yodimdan ko‘tarilmaydi. Hamisha buyuk jamoa safida o‘ynashni orzu qilganman. Kataloniya - senga rahmat. Ishonch bilan aytaman, hech qachon Messidek yaqin do‘st topolmayman.
Lionel - maydonda jamoadosh, hayotda esa chin yelkadosh. «Barselona» o‘z uyimdek bo‘lib qolgandi, Kataloniya va Messini yaxshi ko‘raman. Futbolchilar hayotini tushunish qiyin. Yashirmayman, ikkinchi marta otamning qaroriga qarshi bordim. Otajon, buning uchun kechiring va avvalgidek qo‘llab-quvvatlashda davom eting. Neymar («PSJ» hujumchisi).
- Neymar o‘zini Figudek tutdi. U muxlislar ustidan kuldi, ammo kules («Barsa» ishqibozlari) bundan aziyat chekkani yo‘q, yig‘lamaydi ham. «Barselona» rahbarlarini ayblash noo‘rin. Ular imkon boricha harakat qildilar. Biroq Neymar ularni yengdi, xuddi Figu vaqtida meni chuv tushirgani kabi. Joan Gaspar («Barselona»ning sobiq prezidenti).