Amin Yunus Germaniya terma jamoasidagi debyutini nishonladi. Shu bilan birga faoliyatidagi muhim sovrinni qo‘lga kiritdi. Ya’ni, Rossiya maydonlarida bo‘lib o‘tgan Konfederasiyalar kubogida zafar quchdi.
Bu yoz Yunus uchun noodatiy tarzda kechdi. 23 yoshli yarim himoyachi har yili shu faslda otasi tug‘ilgan Livanga borardi. Biroq joriy yil rejalarini o‘zgartirishga to‘g‘ri keldi. U faoliyat olib borayotgan Amsterdamning «Ayaks» klubi Yevropa Ligasi finalida «Manchester Yunayted»ga qarshi bahs olib bordi.
O‘sha uchrashuvdan so‘ng Amin ta’tilga tayyorgarlik ko‘rayotgandi. Lekin Germaniya termasi bosh murabbiyi Yoaxim Lyov uni Konfederasiyalar kubogiga boradigan tarkibga kiritdi. Shu tariqa musobaqaga tayyorgarlik jarayonida Daniyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida Yunus Germaniya bosh jamoasidagi debyutini nishonladi.
Oradan bir necha kun o‘tib, u termadagi dastlabki golini urdi. Bu voqea JCH-2018 saralash bahslaridan o‘rin olgan San-Marinoga qarshi uchrashuvda yuz berdi. Konfederasiyalar kubogida ikkita o‘yinni zaxirada o‘tkazgan futbolchi yarim finalda o‘zini ko‘rsatdi.
Meksikaga qarshi uchrashuvda u jamoasining to‘rtinchi goliga mualliflik qildi. Yaqinda Amin ota yurti Livanga borib qaytdi. U yerda Yunusni qahramonlardek kutib olishdi. Mazkur safar yakunlanganidan so‘ng futbolchi FIFA.com saytiga intervyu berdi.
- Konfederasiyalar kubogida zafar quchdingiz. Hissiyotlar qanday?
- Bu ajoyib bo‘ldi. Agar bir yil oldin menga shu sovrinni yutasan, deyishsa, ishonmasdim. Bu oilam uchun ham katta baxt. Chunki terma jamoadagi dastlabki yirik sovrinimni qo‘lga kiritdim. Natijada yaqinlarim ham o‘zlarini boshqacha his qilishdi.
- Siz uchun mavsum ajoyib o‘tdi...
- Haqiqatan ham shunday. «Ayaks» bilan Yevropa Ligasi finaliga chiqdim, Germaniya terma jamoasi safida Konfederasiyalar kubogida zafar quchdim. Shunday bo‘lishini barcha futbolchilar orzu qilishadi. Endigi asosiy vazifam - faqat oldinga qadam tashlash.
- Germaniya termasining shunday yoshlar bilan turnirda g‘olib chiqishiga hech kim ishonmagandi...
- Fikringizga qo‘shilaman. Turnir avvalida o‘zim ham bunday bo‘lishini kutmagandim. Chunki Chili, Meksika va boshqa termalar musobaqaga eng kuchli futbolchilari bilan tashrif buyurishgandi.
- Yoaxim Lyovning tajribasi o‘sishingizga qanchalik yordam berdi?
- Albatta, u bu borada katta rol o‘ynadi. Lyov barchamizga har bir futbolchi terma jamoa uchun muhimligini uqtira oldi, yosh bo‘lishimizga qaramay, ayrimlarimiz Yevropa Ligasi va YECHL finalida o‘ynaganimizni aytdi. O‘zingizga ma’lum, Yulian Draksler va Joshua Kimmixlar o‘yin borasida katta tajribaga egalar. Shuningdek, Yoaxim bizga boshqa jamoalarni hurmat qilishimiz lozimligini har kun ta’kidlardi.
- Meksika termasiga qarshi uchrashuvda gol urib, turnir rekordini o‘rnatdingiz...
- Konfederasiyalar kubogi paytida buni nishonlay olmadim. Lekin turnirdan so‘ng katta ish qilganimni tushunib yetdim. Bundan yaqinlarim xursand bo‘lishdi. Musobaqadagi ishtirokim Livanda qanday tantana qilinganini ko‘rsangiz edi...
- Germaniya terma jamoasidagi debyutingizni nishonladingiz, birinchi golingizni urdingiz, dastlabki xalqaro sovriningizni qo‘lga kiritdingiz. Sizdan yana nima kutish mumkin?
- Asosiy maqsadim - terma safida JCH-2018ga borish. Musobaqa boshlanishiga bir yil bor. Konfederasiyalar kubogida ishtirok etgan barcha futbolchilarning niyati shu. Buning uchun yangi mavsumda o‘zimizni ko‘rsatishimiz kerak. Umid qilamanki, «Ayaks»da yaxshi o‘ynasam, milliy jamoaga yana chaqirishadi. Buning uchun bor kuchimni sarflayman.
- Nima uchun Konfederasiyaar kubogidagi g‘alaba siz uchun muhim?
- Turnirdagi atmosfera ajoyib edi. Chunki bu musobaqada har bir qit’aning chempionlari ishtirok etishadi. Chili, Kamerun va ayniqsa, Meksika termasiga qarshi o‘yinlar esda qolarli bo‘ldi. Turnirdagi g‘alaba Germaniya jamoasining kelajagi porloq ekanini ko‘rsatdi.