«Herta» - Yevropa Ligasida. Berlin jamoasi uzoq yillar badaliga ilk marta xalqaro arenada titanlar bilan bahslashishga shaylanmoqda.
E’tiborlisi, poytaxt klubi startga chiqishdan oldinoq o‘zini «ko‘rsatdi». Ya’ni mashhur Yurgen Klinsmanning istiqbolli o‘g‘li Jonatan bilan kelishuvga erishgan «keksa xonim» transferlar masalasida ajralib turdi.
Sports.ru saytining «90 daqiqa» («90 minut») blogi esa aynan shu voqeaga nazar solib, Germaniya milliy jamoasi sobiq bosh murabbiyi vorisini kengroq tanishtirishga shoshildi.
Ota-bola
Jonatan Klinsmann Germaniyaga yo‘l oldi, nemis muxlislari esa xuddi Jastin Biber shinavandalari kabi yangi mavsum startini ilhaq kutishmoqda. Gap shundaki, yosh futbolchining otasi - Yurgen Klinsmann o‘z mamlakatida qadrli yulduz edi va shundayligicha qoladi. Xullas, Germaniyada unga hamon kuchli hurmat nazari bilan qarashadi. Nemislar bundestim sobiq bosh murabbiyini AQSHga qandaydir alam ostida kuzatib qo‘yishgani ham ayni haqiqat. Uning okean ortida turib, «Bavariya» boshqaruv tizimi sha’niga yoqimsiz gaplar yo‘llagani ham e’tiborsiz qoldirilmadi. Oddiy aytganda, kichik Klinsmanning mamlakat futboliga bosh suqishi ko‘pchilikni o‘tmishni xotirlashga undaydi - avtomobillar oynasidan 50 centning ilk xitlari baland yangragan vaqtlarni. Ha, betakror Yurgenning zurriyoti o‘tkir hujumchi emas, aksincha, raqiblar zarbalarini bartaraf etadi. Klinsmann-Junior aslida aynan otasi izidan borishni xohlab, futbolga hujumchi sifatida qadam tashlagandi. Biroq bir safar qo‘llariga kiperlar qo‘lqopini oldiyu, ulardan ayrilgisi kelmadi. Vaholanki, katta Klinsmann o‘z faoliyati bilan mittigina o‘g‘liga sehrli va unutilmas xotiralarni tortiq etgan. Ammo yosh golkiper haligacha JCH-2006 chorak finalida Argentina termasiga qarshi kechgan o‘yinni o‘z hayotidagi asosiy saboq sifatida ko‘rsatadi: «Yens Lemann 2ta penaltini bartaraf qilib, bundestimni yarim final sari boshlaganida, xursandchilikdan aqlimni yo‘qotayozgandim...». Kichik Klinsmann o‘sha oqshom germaniyalik afsonaviy kiper qo‘lqoplarini sovg‘a o‘rnida qabul qiladi. Qisqasi, yoshlikdagi taassurot Jonatanning keyingi taqdiriga shu darajada qattiq ta’sir o‘tkazganki, u beixtiyor hujumchi bo‘lishdan voz kechib, darvozabonlikka mehr qo‘ydi.
Amerikacha tarix
Jonatan garchi Myunxenda tug‘ilgan bo‘lsada (o‘sha vaqt otasi «Bavariya»da o‘ynardi), uni sof nemischa tabiatli yigit sifatida ta’riflashga til aylanmaydi. Chunki Klinsmannlar oilasi AQSH tomon yo‘l olgan payt Jonatan yoshgina bolakay edi. Uning onasi — amerikalik model Debbi Chin uyiga qaytishni juda-juda xohlab, axiyri erini okean ortida yashashga ko‘ndirdi. Xullas, Klinsmannlar oilasi yangi asr boshidan buyon Kaliforniyada istiqomat qilmoqda va uyda faqat inglizcha muloqotni eshitish mumkin. Kichik Klinsmann oxirgi 2 yil davomida Berklidagi Kaliforniya universiteti qoshida tuzilgan talabalar jamoasi - «Golden Bearz» sharafini himoya qildi. AQSHda talabalar sportida raqobat juda balandligiga qaramay, «ayiqlar»ning Germaniya hududiy bundesligasi darajasidagi divizionga chiqishlariga oz qoldi. Muhimi, Yurgen milliy miqyosda e’tiborga tushish uddasidan chiqdi. Deylik, Jonatanni AQSH yoshlar terma jamoasiga qabul qilishdi va u mamlakat madhiyasi yangrayotgan payt qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib turishi bilan ko‘zga tashlanmoqda. Umuman olganda, amerikalik yoshlar jamoasi dunyoda eng kuchlilar qatorida e’tirof etiladi, Jon esa uning o‘yinlarida katta o‘rin tutadi. Kichik Klimnsmann xususan, bahorda KONKAKAF chempionatining eng yaxshi darvozaboni sifatida «Oltin qo‘lqop» sovrinini oldi, keyinroq Janubiy Koreyada tashkillashtirilgan U-20 toifasidagi JCHda jamoasining chorak finalga chiqishiga munosib hissa qo‘shdi.
Nega aynan «Herta»?
Jonatan Berlin klubi safiga qo‘shilgach, voqealar rivojidan xursandligini yashirib o‘tirmadi: «Bu men uchun ta’rifi yo‘q ehtirosli lahzalar... Zero, «Herta» oilamiz uchun nechog‘li ahamiyatga egaligini yaxshi bilaman». Uning bu gaplarida hiqaqat hissasi katta. Birinchidan, Jonatanning bobosi - Klinsi Zigfrid Brandenburg aynan poytaxt jamoasining ashaddiy fanati bo‘lgani ma’lum. Ikkinchidan, otasi - Yurgen 2004 yildan «Herta» kengashi a’zosidir. Xullas, yosh kiper shu 2ta jiddiy sabab o‘laroq, Berlinga yuzlangan bo‘lsa, ajabmas. «Jonatan - ajoyib ustunliklarga ega katta iqtidor. To‘g‘ri, uni avval amalda sinab ko‘ramiz va barchasini tahlil qilgandan keyingina yakuniy qaror chiqaramiz»,—dedi «Herta» bosh murabbiyi Pal Dardai darvozabonlar bilan maxsus uchrashuvdan so‘ng. Vengriyalik mutaxassis ish uslubi bo‘yicha Yurgen Kloppni eslatyapti: yoshlar bilan ajoyib til topishish barobarida jurnalistlarni hovliqtirishni xush ko‘radi. Misol uchun, yaqinda jamoasi golkiperlari bilan alohida musobaqalashdi. Ya’ni shaxsan o‘zi 11 metrli nuqtadan zarba yo‘llash orqali ularni maxsus sinovdan o‘tkazdi. Umuman olganda, «Herta» oxirgi yillarda ko‘plab yosh futbolchilar uchun yaxshigina start maydonchasi vazifasini bajarmoqda. Chunki bosh murabbiy iqtidorli yigitlarga ishonadi va ularga yetarlicha o‘yin amaliyoti taqdim etadi. Faktlar asosida gapirsak, ayni payt Dardai qo‘l ostida Mitchell Vayzer, Niklas Shtark, Sinan Kurt va hattoki, kichik Pal Dardai chakki taassurot qoldirishmayapti. Xulosa shuki, «Herta» Jonatan Klinsmannga ham o‘z salohiyatini to‘liq ochish imkonini berishi mumkin.
Istiqbol
«Herta» darvozabonlari bilan shug‘ullanuvchi murabbiy Jolt Petri hozirdan kichik Klinsmanni maqtashdan tiyilmayapti: «Jonatan salohiyati, jonkuyarligi va kuchli ishtiyoqi bilan lol qoldirmoqda. U xotirjam harakatlanishi va o‘ziga qattiq ishonishi bilan tahsinga loyiq». Jonatanning antropometrik ko‘rsatkichlariga alohida e’tibor qaratish o‘rinli: bo‘yi 192 santimetrga teng, shuning barobarida har ikki oyog‘ida kuchli zarba yo‘llaydi. Umuman, u oyoq bilan o‘ynashda chakki emas. To‘g‘ri, ayni payt «Herta»da Rune Yarsteyn asosiy golkiper hisoblanadi va yaqindagina shartnoma tuzgan Tomas Kraft ikkinchi rolda. Shuning uchunmi, murabbiylar shtabi Jonni avvaliga U-23 jamoasiga jo‘natishni mo‘ljallagandi. Ammo amerikalik kiper mavsumoldi yig‘inlarida niyati jiddiyligini ko‘rsatib, katta futbolga tayyor ekanligiga sha’ma qildi. Natijada Petri va Dardai uning ishtiyoqidan ko‘z yumishmadi. Ha, Jonatan bunday ishtiyoq bilan uzoqqa borishi mumkin. Balki yulduz otasi - Yurgen Klinsmanndan o‘zib ketishni ham uddalar...