Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Ro‘ziqul Berdiyev: "Suyunov va A’zamovni 1 milliard so‘mga sotdik"

Ro‘ziqul Berdiyev: "Suyunov va A’zamovni 1 milliard so‘mga sotdik"

Baho:
+ | -

Qarshining «Nasaf» klubi ikkinchi davra boshlanishi arafasida tarkibda jiddiy yo‘qotishlarga uchradi. Jamoa yetakchilari Eldor Suyunov va Sherzod A’zamov «ajdarlar» safini tark etib, «Paxtakor» bilan shartnoma imzolashdi.

Qarshiliklar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev biz bilan bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida poytaxtliklar bu futbolchilar uchun qancha pul to‘lashganini ma’lum qildi.

- Ro‘ziqul aka, jamoangizning ikkinchi davraga olib borgan tayyorgarligidan ko‘nglingiz to‘ldimi?

- Boshqa jamoalarga qaraganda, bizda tayyorgarlik ko‘rish uchun kamroq vaqt bo‘ldi. Chunki «Nasaf» O‘zbekiston kubogining qoldirilgan uchrashuvini o‘tkazdi.

Buning natijasida jismoniy tayyorgarlikka yo‘naltirilgan mashg‘ulotlarimizni bor-yo‘g‘i bir haftagina o‘tkaza oldik, xolos. Vaqtimiz yetarli bo‘lganida, xorijda o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini o‘tkazishimiz mumkin edi.

Qolaversa, milliy va olimpiya termalarimizning yig‘inlari va rasmiy o‘yinlari uchun «Nasaf»­ning 5-6 nafar futbolchisi jalb etildi. Shu bois, hozirlikni to‘liq tarkib bilan o‘tkaza olmadim. Natijada jamoamizning umumiy holati turlicha bo‘lib qoldi. Aytmoqchimanki, hamma har xil tayyorgarlikka ega bo‘ldi.

- Bundan chiqdi, tayyorgarlik jarayonidan qoniqish hosil qilmadingiz?

- Albatta. Hamma futbolchingiz o‘z ixtiyoringizda bo‘lgani baribir boshqacha. To‘liq tarkib bilan mashg‘ulot o‘tkaza olmaganingizdan keyin o‘yinchilarning umumiy holati turlicha bo‘lib qoladi.

- «Nasaf»da seleksiya ishlari bilan kim shug‘ullanadi? O‘zingizmi yoki futbolchilarni atrofingizdagilar va yordamchilaringiz tavsiya qilishadimi?

- O‘zim ham imkon qadar ko‘rib boraman. Lekin baribir, ko‘proq yordamchilarim tavsiya qilishadi. Ammo aksariyat hollarda o‘sha futbolchilardan ko‘nglim to‘lmaydi. Ayrim agentlar «O‘yinchilarni bemalol ko‘riksiz o‘ynatavering», deb maslahat berishadi.

Vaholanki, ular biz kutgandek to‘p sura olishmaydi. Shuningdek, ayrim legionerlar ko‘rik vaqtida, o‘rtoqlik uchrashuvlarida o‘zlarini ijobiy tomondan ko‘rsatishadi.

Shartnoma imzolab, rasmiy uchrashuvlarda maydonga tushirganingizdan keyin o‘sha o‘yinni ko‘rmaysiz. Saviyali legionerlar esa katta pul talab qilishadi.

Ayni payt moliyaviy holatimiz bunday katta transferlarni amalga oshirishga yo‘l qo‘ymaydi. Shu bois ham xorijlik futbolchilarni olayotganda adashmaslik kerak...

- Yozning katta transferlaridan biri - bu Eldor Suyunov va Sherzod A’zamovning «Nasaf»dan «Paxtakor»ga o‘tishi bo‘ldi. Futbolchilarning o‘zlarida ham ketish istagi yuqori edimi?

- Albatta, ularda boshqa jamoaga o‘tishga moyillik yo‘q emasdi. «Paxtakor»dan yaxshigina taklif tushgani uchun bu chorlovga «yo‘q» deb javob bera olishmadi. Bungacha A’zamovga Malayziyadan ham qiziqish bo‘lgandi.

Oxir-oqibat «Paxtakor» bilan olib borilgan muzokaralar har ikki tomon uchun ham ijobiy yakunlandi va bu ikki futbolchining transferi amalga oshdi. Poytaxt klubida olib borilayotgan islohotlar har qanday futbolchini o‘ziga jalb qilyapti. Bu jihatdan futbolchilarning o‘zlari ham yutishyapti.

- Yetakchi futbolchilaringizni asosiy va prinsipial raqibga berdingiz...

- To‘g‘ri, lekin masalaning boshqa tomoni ham bor. Biz bu futbolchilarni mavsum oxirigacha ushlab turganimizda, ular ozod agentga aylanishardi. Ya’ni, har ikkisining mavsum yakunida «Nasaf» bilan amaldagi shartnomalari yakunlanardi. Shu sababli mavridi kelganda ularni sotishga qaror qildik.

Bu klubga ham foyda keltirdi. Jamoa mutasaddilarining qarori shunday bo‘ldi, mazkur jarayonga murabbiylar aralashishmadi. Kelishuvga ko‘ra, «Paxtakor» ikkala futbolchining transferi uchun umumiy hisobda 1 milliard so‘m o‘tkazib berdi. Biz bu summani futbolchilarga maosh tarzida bo‘lib berdik. Shu tariqa mavjud qarzdorlik ham yopildi.

- Iste’dodli futbolchi Aziz G‘aniyevga Kiyevning «Dinamo» klubi qiziqish bildirayotgandi. Bu transfer borasida «Nasaf»ning pozisiyasi qanday?


- Haqiqatan ham, G‘aniyevga «Dinamo»dan ikki marta rasmiy taklif tushdi. Mazkur holatda kiyevliklarning bitta talabi ma’qul kelmadi. Ular Azizni «Dinamo»ning yoshlar jamoasida o‘ynatishmoqchi.

G‘aniyev hozir «Nasaf» yetakchilaridan biriga aylangan. Boz ustiga, oliy ligada to‘p suryapti. Bizda u futbolchi sifatida o‘sishga erishadi.

«Dinamo» yoshlar tarkibiga qo‘shilish pasayish va ortga tashlangan qadam bo‘ladi. Hozir Aziz o‘zimizga kerak. Agar yaxshi variantlar chiqsa, uni ushlab turmaymiz.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 17:30, 16.08.2017.
O'qildi: 7334 marta.
Fikrlar: 4 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.