Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Chegara bilmas Ze Roberto

Chegara bilmas Ze Roberto

Baho:
+ | -

«Bavariya»ning sobiq yulduzi yosh bo‘yicha allaqachon beshinchi o‘ntalikni «maydalay» boshlaganiga qaramay, hamon maydonda va mo‘’jizalar namoyish etishdan sira charchamayapti.

Gap braziliyalik 43 yoshli (!) himoyachi|yarim himoyachi  Ze Roberto haqida ketyapti. Uning yevrofutbolda qanday karomatlar ko‘rsatgani yodingizdadir...

Ze Roberto qanday o‘yinchi edi?

«Real» shu yil bahorda Vinisius Juniorni xarid qilish bilan transferlar masalasida «portlash»­ni yuzaga keltirdi. Zero, «qaymoqranglilar» braziliyalik 17 yoshli o‘smir uchun naq 45 mln. yevro to‘lashdi. Tarixga nazar solsak, «Madrid» bundan 20 yilcha oldin shunga o‘xshash ishga qo‘l urgandi. Ya’ni notanish chap qanot himoyachisi Ze Robertoga ega bo‘lish yo‘lida o‘sha vaqt o‘lchovi bo‘yicha juda ko‘p mablag‘ sarflagandi - 10 mln. yevro. Yana shunday taxmin ham borki, o‘shanda urugvaylik agent Xuan Figer soliq to‘lovlarini kamaytirish maqsadida o‘ziga xos transferlar sxemasi yordamida kelishuv bahosini sun’iy ravishda tushirgan. Demakki, «Real» Ze Roberto uchun 10 «limon»dan ham ko‘proq to‘lagan bo‘lishi mumkin. Biroq yuksak ishonchga qaramay, yigitcha Ispaniyada o‘zini namoyon qilolmadi. Buning asosiy sababi shuki, «Real»da chap qanot himoyasi butunlay Roberto Karlos ixtiyorida edi. Xullas, oradan bir yil o‘tgach, yosh braziliyalikni ortga qaytarishdi. Natijada «Flamengo» safiga qo‘shilgan Ze Roberto keyinchalik JCH-98da yorqin nur sochdi va yana yevrofutbolga yuzlandi. Bu safar unga «Bayer» o‘z eshiklarini ochdi. Ha, tarkibida Mixael Ballak, Bernd Shnayder, Karsten Ramelov hamda yoshgina Dimitar Berbatov kabilar barchani hayratga solgan va «Neverkuzen» nomini olgan o‘sha klub. Darhaqiqat, Leverkuzenda ajoyib tarkib yig‘ilgan, jamoa shunga yarasha mo‘’jizaviy futbol namoyish etardi, biroq har safar ikkinchi bo‘lish bilan cheklanardi. Misol uchun, Ze Roberto «Real»ga qarshi kechgan CHL finalini diskvalifikasiya tufayli o‘tkazib yuborgandi. Kim biladi, «Bayer»ga hal qiluvchi bahsda balki aynan braziliyalik yetishmagandir...

Umuman olganda, Ze Roberto Leverkuzen jamoasida vinger sifatida ko‘zga tashlandi. Ammo sovrin yutishni kutishdan charchab, oxir-oqibat, «Bavariya»ga yo‘l oldi. Myunxenda esa birdaniga tayanch yarim himoyachisi roliga ixtisoslashib, ham shaxsiy saviyasi, ham sovrinlar masalasi bobida chinakam oltin davrni boshdan o‘tkazdi. Murabbiylik kursisi «temir» Feliks Magatga topshirilishiga qadar hammasi zo‘r kechdi. Ammo keyin... Misli ko‘rilmagan zo‘riqishlarga 2 yilcha chidagan Ze Roberto shundan so‘ng matbuot orqali ochiq-oshkora nolishni boshladi. Ish shu darajaga borib yetdiki, «Bavariya» rahbariyati 2006 yili 32 yoshli yarim himoyachini ichki muhitni buzayotganlikda aybladi va tarkibdan chetlashtirdi. Unga tezda da’vogarlar ham topildi. Deylik, Sergey Fursenko va Konstantin Sarsaniya deyarli 2 million yevroga teng yillik maosh va’da qilib, Ze Robertoni «Zenit» tomon og‘dirishga urinishdi. Braziliyalik Piter klubi tarixidagi birinchi qora tanli futbolchi bo‘lishga yaqin kelgandi ham. Zero, uning o‘zi transferga rozilik bildirdi, ammo xotini Rossiyada yashashga ko‘nmadi.

«Bavariya»dan ketgach, nima qildi?

«Bavariya» Ze Robertoni «Nasyonal» klubiga yubordi. U o‘sha payt ham Braziliya terma jamoasining asosiy tarkibida muqim joyga ega edi. Biroq yangi klubi safida lo-aqal bir marta ham maydonga tushgani yo‘q. To‘g‘ri, «Santos»dagi ijara muddati ancha samarali bo‘ldi - 29ta turda 11ta gol urgan futbolchi uyga ertaroq qaytganini tushunib, yana Myunxenga yo‘l oldi. E’tiborlisi, Ze Roberto bu safar ijara kelishuvi asosida to‘liq 2 mavsum binoyidek to‘p surdi. 35 yoshli faxriy shu qadar yaxshi holatda ediki, ijara muddati tugagach, «Gamburg» uning transfer huquqi uchun «Nasyonal»ga 4 mln. yevro to‘lashdan tiyilmadi. Ze Roberto aynan Gamburgda bundesligada eng ko‘p maydonga tushgan xorijlik futbolchi maqomini oldi. Bungacha gvardiyachi legionerlar ro‘yxatini Sergey Barbarez boshqarib turgandi. Rekord o‘rnatilgach, faxriy futbolchi nafaqaga chiqishdan oldin ozgina jamg‘arma to‘plash uchunmi, «Al-Garafa» taklifini qabul qildi. Ammo Qatar futbolida uzoq vaqt qolmadi. Xullas, «Osiyoda menga chinakam raqobat ruhi, ehtiroslar to‘lqini, bosim yetishmadi. Har 3 kunda maydonga tushmaslik oson emas, aksincha, juda qiyin ekan»,-deya behad zerikkanini ta’kidlagan 38 yoshli futbolchi o‘z vataniga qaytishni ma’qul ko‘rdi. Chunonchi, Braziliyada uning oldida intilish uchun marra yo‘q emasdi. Har holda, bungacha milliy futbolda hech narsa yutmagandi. Qahramonimiz shu tariqa «Gremio» safiga qo‘shildi va 3 yillik shartnomasi muddati tugagach, uni uzaytirishni istamay, «Palmeyras»ga o‘tdi. Bu vaqtda 40 yoshni qoralab qo‘ygandi. Oddiy aytganda, shu yoshida, ya’ni «Palmeyras»dagi debyut mavsumida ilk marta milliy kubok sohibiga aylandi, keyingisida esa Braziliya «A» seriyasi oltin medalini bo‘yniga taqdi. Vaholanki, «Palmeyras» naq 20 yil davomida chempionlik maqomiga yetolmagandi. Qolaversa, Ze Roberto klubda yosh iqtidor Gabriel Jezusning o‘sishiga katta yordam berdi.

43 yoshida qanday o‘ynamoqda?

Ze Roberto «Palmeyras»da yana himoyaning chap tomoniga ko‘chdi. Diqqat qiling, superfaxriy chempionlik mavsumida 38ta o‘yindan 27tasida qatnashdi va ularning har birida o‘rtacha hisobda 82 daqiqa harakatlandi. 43 yoshini qarshilashidan 1,5 oy oldin esa Libertadores kubogida gol urdi. Xullas, u turnir tarixida raqib darvozasini ishg‘ol qilgan eng yoshi katta futbolchidir. Yangi mavsum arafasida «Palmeyras» yana 2 nafar taniqli faxriyni sotib oldi - Mishel Bastos va Felipe Meloni. Lekin ular Ze Robertodan deyarli 10 yosh kichik. Qolaversa, bungacha Ze Roberto bilan raqobatda ustun kelolmagan Egidio ham chap qanot himoyasi uchun asosiy nomzod sifatida taklif etildi. Bastosga esa ikkinchi nomzod o‘rnida qaraldi. Shunga qaramay, Ze Roberto joriy mavsum doirasidagi o‘yinlarning yarmida maydonga tushdi. To‘g‘ri, u uchrashuvlarning 30 foizidagina boshlang‘ich tarkibdan joy oldi va atigi 4tasida to‘liq vaqt to‘p surdi. Aytgancha, Ze Roberto 90 daqiqa harakatlangan uchrashuvlardan 3tasi «Palmeyras» g‘alabasi bilan tugadi va faqat mehmonda qudratli «Flamengo»ga qarshi kechgani salbiy natija taqdim etdi. Muhimi, Ze Roberto bu uchrashuvda joriy mavsum hisobidan birinchi samarali harakatini amalga oshirib, «yashil-oqlar» tarkibidagi eng faol futbolchi bo‘ldi. Xullas, Villian aynan 43 yoshli «qariya»ning keskin to‘p oshirishidan so‘ng hisobni tenglashtirgandi. Qahramonimiz avvalgi hafta 10-marta maydonga tushib, o‘z nomiga yana samarali «pas» yozib qo‘ydi. Deyverson urgan gol esa «Palmeyras»ga «Botafogo» ustidan g‘alaba keltirdi.

Xo‘sh, Ze Roberto nimaning evaziga sport faoliyatini shu qadar cho‘zmoqda? Hammasi oddiy - u o‘ziga nisbatan o‘ta talabchan va sog‘lom turmush tarziga qat’iy amal qiladi. Misol uchun, umuman chekmaydi, alkogol yaqiniga ham yo‘lamaydi, ovqatlanish qoidalariga to‘liq rioya etadi va hattoki, uxlashda ham belgilangan tartibni buzmaydi.

«Palmeyras» dekabr oyidayoq Ze Roberto bilan amaldagi shartnoma muddatini uzaytirdi. Yangi kelishuv joriy yil oxirigacha mo‘ljallangan. Ushbu tarixning davom etish-etmasligi faqat futbolchining o‘ziga bog‘liq. Muhimi, braziliyalik faxriy hamon chidamli va tashqi qiyofasi bo‘yicha sira 43 yoshli kishiga o‘xshamaydi. Darvoqe, Ze Robertoning o‘zi yaqinda bergan intervyularidan birida 50 yoshga qadar professional futbolda qolishga qarshi emasligini ta’kidladi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:22, 22.08.2017.
O'qildi: 4618 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.