Kirish Ro'yxatdan o'tish
27/11 01:00 Bayer 5-0 Zalsburg
27/11 01:00 Bavariya 1-0 PSJ
27/11 01:00 Yang Boyz 1-6 Atalanta
27/11 01:00 Barselona 3-0 Brest
27/11 01:00 Inter 1-0 RB Leypsig
27/11 01:00 Manchester Siti 3-3 Feyenoord
27/11 01:00 Sporting 1-5 Arsenal
27/11 15:00 Kvangju 1-0 Shanghai Shenhua
27/11 15:00 Yokogama Marinos 2-0 Poxang Stilers
27/11 17:00 Tep Han Nam Din 3-0 Li Man
27/11 17:00 Tampines Rovers 1-0 Bangkok Yunayted
27/11 19:00 Oltin Asr 0-2 Al-Quva al-Javiya
27/11 19:00 Nasaf 1-2 Kuvayt SK
27/11 21:00 Traktor 3-3 Al-Vakra
27/11 21:00 Al-Hussayn 2-3 Shabab al-Ahli
27/11 22:45 Srvena Zvezda 5-1 Shtutgart
27/11 22:45 Shturm 1-0 Jirona
27/11 23:00 At-Ta'vun - Xolidiya
28/11 01:00 Monako 2-3 Benfika
28/11 01:00 Aston Villa 0-0 Yuventus
28/11 01:00 Bolonya 1-2 Lill
28/11 01:00 Seltik 0-0 Bryugge
28/11 01:00 Dinamo Zagreb 0-3 Borussiya D
28/11 01:00 Liverpul 2-0 Real Madrid
28/11 01:00 PSV 3-2 Shaxtyor

Andrey Shevchenko: «Ukraina Italiya emas-da…»

Andrey Shevchenko: «Ukraina Italiya emas-da…»

Baho:
+ | -

Mashhur sobiq hujumchi Andrey Shevchenko Ukraina terma jamoasi bosh murabbiyi lavozimidagi bir yillik faoliyati davomida kasbdoshlarimizni qaysidir ma’noda oshkora muloqotga o‘rgatdi.

Tan olaylik, ko‘plab murabbiylar bu usulni yoqtirishmaydi. Sheva shuning barobarida ishga kirishi hamono shogirdlariga asosiy e’tiborni to‘p nazoratiga qaratishni singdirdi.

Bu ham ukrainlar bosh jamoasiga yot edi. Ha, Ukraina termasida hozir ham o‘yin saviyasi bobida muammolar yetarli, shunga qaramay, bosh murabbiy shogirdlari talab darajasidagi salohiyatga ega ekanliklarini ta’kidlamoqda.

Xullas, Shevchenko ishonch bilan gapirmoqda: «Jamoa JCH-2018 yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun barcha imkoniyatlarni ishga soladi».

- Terma jamoamizning barcha a’zolari maydonda bor kuch-quvvatlari bilan harakatlanmoqdalar va aynan shundan mamnunman,-deya so‘z boshladi Andrey Shevchenko. - Ularga yil davomidagi o‘yinlar orasida faqat Malta termasiga qarshi kechgani yuzasidan e’tiroz bildirishim mumkin. Ammo bunga ham futbolga daxlsiz omillar sababdir.

- Turkiya va Islandiya termalari bilan bo‘ladigan hal qiluvchi uchrashuvlar oldidan sizni qaysi chiziqlar ko‘proq xavotirga solmoqda?

- Ha, saralash bosqichi davomida kuzatilgan muammolarga yana bir marta duch kelyapmiz. Ya’ni bir qator futbolchilar klublarda o‘z pozisiyalarida to‘p surmayaptilar. Afsuski, ixtiyorimizda ayrim chiziqlarni to‘ldirish uchun 100 foizli zaxira mavjud emas. Ha, Ukraina klublarida o‘yinchilar yetarli. Ammo ular terma jamoa saviyasiga javob berolmaydilar. Himoyadagi muammolarga kelsak, o‘ng qanot vakili Bogdan Butko «Shaxtyor»da maydonga tushmayapti. Shuningdek, hujumchilardan hech biri o‘z klubi asosiy tarkibida muntazam o‘ynayotgani yo‘q. Masalan, Yevgeniy Seleznyov mavsumni boshlang‘ich tarkibda boshlamadi. U bu muammoni qanday hal qilishi menga noma’lum. Balki boshqa jamoaga o‘tishi ma’quldir. Umuman, terma jamoa nomzodlarini saralash uchun vaqt yetarli. Tarkibga aynan kimlarni chaqirishim yaqin vaqtdagi o‘yinlarga bog‘liq. Xullas, o‘zlarini to‘liq ko‘rsatgan futbolchilarni jalb etaman, albatta. Aks holda, mavjud tarkib bilan maydonga tushishdan o‘zga choramiz qolmaydi. Lekin asosiy muammo bu emas...

- ...Unda nima?

- Shaxsan men uchun «Dinamo» va «Aleksandriya»ning tegishlicha CHL hamda YEL guruh bosqichiga chiqishi muhim edi. Bundan tashqari, terma jamoa a’zolarining so‘nggi pallalarda jarohatga yo‘liqmasliklari ham katta ahamiyat kasb etadi.

- Yordamchilaringiz - Mauro Tasotti va Andrea Maldera «Dinamo»ning «Yang Boyz»ga qarshi o‘yini xususida qanday hisobot berishgani ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy...

- Ular avvalo, maydonning yomon holatda ekanligini ta’kidlashdi. O‘ylashimcha, shu omil ham natijaga bevosita ta’sir qildi. Ya’ni futbolchilar maydonga moslashishda qiynalishdi. Umuman, «Dinamo» o‘yinini alohida izohlashni istamayman.

- Hujumchilar masalasiga qaytamiz: jamoangiz islandlarga qarshi uchrashuvda nominal hujumchisiz harakatlandi. Boshqacha aytsak, yarim himoyachi Viktor Kovalenko oldingi chiziqda soxta «9-raqam» rolini bajardi. Hozirgi vaziyatni nazarda tutsak, bu kabi eksperimentlar davomi etadimi?

- Agar hujumchilarimiz uchrashuv kuniga qadar yetarli amaliyotga ega bo‘lmasalar, turli tajribalarga qo‘l urishdan boshqa yo‘l topolmasam kerak.

- Umuman, Kovalenko yangi pozisiyada o‘z vazifasini uddalay oldimi?

- Tezkor harakatlarga asosiy ustunlik sifatida qarashimiz, yana jismoniy jihatdan raqiblardan kuchlilik qilishimiz shart. Chunki Ukraina chempionati barvaqtroq boshlandi. Qaytaraman, birinchi navbatda, yetarli ish hajmini bajarishga qodir o‘yinchilarga ishonch bildiramiz. Shuning barobarida klublarda maydonga tushmayotgan ba’zi futbolchilarni ham tarkibga qo‘shishga majburmiz. Faqat ulardan mashg‘ulotlar jarayonida o‘z salohiyatlarini ko‘rsatishlari talab etiladi. Qisqasi, yuqori saviyani namoyish etganlargagina imkoniyat beriladi.

- Ko‘pincha sizni asosan «Dinamo» va «Shaxtyor» vakillariga ishonch bildirishingiz tufayli tanqid qilishadi. Deylik, italiyalik kasbdoshingiz Jampyero Ventura milliy jamoaga «Atalanta», «Jenoa» va «Torino» kabi kamtarin klublardan ham muntazam futbolchi chaqirmoqda. Misol uchun, Doneskning «Olimpik» klubi Ukraina chempionatining start qismida o‘z darvozasidan gol qo‘yib yubormadi va turnir jadvalining yuqori bo‘g‘inida bormoqda. Nima, bu jamoa futbolchilarida terma jamoadan taklif olish imkoniyati yo‘qmi?

- Aslida bunday ayblov noo‘rin. Axir faqat top-klublar emas, bosh-qa jamoalar vakillariga ham o‘zlarini ko‘rsatishlari uchun imkoniyat taqdim etyapman. Misol tariqasida «Karpati» himoyachisi Nikolay Matviyenkoni aytishim mumkin.

- Biroq Matviyenko ham o‘sha vaqt shartnoma bo‘yicha «Shaxtyor» a’zosi edi...

- Fakt shuki, u «Karpati»da to‘p surardi. Tushuning, Ukraina Italiya emas. Yurtimizda har bir noyob iqtidor sohibi uchun chinakam raqobatni o‘rniga qo‘yadigan 2tagina jamoa bor. Ular mahoratli o‘yinchilarning 80 foizini o‘z saflariga qo‘shib oladilar, keyin boshqa klublarga ijara asosida yuboradilar. Masalan, «Vorskla», «Zarya» va «Aleksandriya» klublari safida ijarachilar ko‘p. Tan olaman, ayni payt «Olimpik» alohida e’tiborga loyiq. Umuman, mahalliy premyer-liganing har bir ishtirokchisi doimiy nazoratimizda. Yakuniy ro‘yxatni shakllantirish uchun hali vaqt yetarli. Tabiiyki, barcha nomzodlarni amalda sinab ko‘rganimdan keyingina qaror qabul qilaman. Ayrim pozisiyalar xususida muammolar bor va bu borada bosh qotiryapmiz. Qani edi, bizda ham xuddi o‘sha Italiyadagidek milliy jamoa saviyasiga javob beradigan nomzodlar safi keng bo‘lsa....

- Navbatdagi raqib - Turkiya termasi hozir ukrainaliklarga yaxshi tanish Mircha Luchesku rahbarligida shug‘ullanmoqda. Tushunarliki, ruminiyalik mutaxassis shogirdlaringiz imkoniyatini yaxshi biladi...

- Turklar Lucheskuni bosh murabbiy sifatida tayinlashgani haqidagi xabarni xotirjam qabul qildim. Oldimizda turgan vazifa - Mircha bilan bellashish emas, balki Turkiya termasini mahv etish. Raqibimiz ustozining ukrain futbolidan yaxshi xabardorligi - ayni haqiqat. Unga kuchli hurmat bilan yondashaman va omad tilayman. Faqat biz bilan o‘yin bundan mustasno, albatta.

- Ukraina milliy jamoasini qabul qilgach, barcha yosh toifasidagi termalarda bitta tizimni yo‘lga qo‘yish g‘oyasini ilgari surdingiz. Islohotlar jarayoni qanday kechmoqda?

- Zarur ma’lumotlarni to‘plash bosqichiga keldik. Zero, loyihani amalga oshirish uchun avvalo, ma’lumotlar bazasini shakllantirish talab etiladi. Bu qisqa vaqt ichida bajariladigan ish emas. Kamida bir yil kerak. Hozir maxsus mutaxassislar guruhi ma’lumotlarni tahlil qilish bilan band. Deylik, o‘zim yoshlar jamoalari murabbiylari - Aleksandr Golovko va Vladimir Yezerskiy bilan doimiy aloqadaman. Birinchi navbatda, ularga  mustaqil ishlash imkoniyatini berish kerak. Shundan keyin o‘yin uslubiga tegishli o‘zgarishlar kiritamiz. Har bir murabbiy o‘z g‘oyalarini ilgari surish huquqiga ega. Qishda hammamiz to‘planib, amalga oshirilgan ishlar xususida federasiyaga hisobot beramiz. Bir qator muhim masalalar bo‘yicha kelishib olganmiz. Faqat «Chelsi»da malaka oshirish rejasi hali amalga oshmadi. Boisi, ayrim murabbiylarimiz viza olishga ulgurmadilar. Umid qilamanki, noyabr oyida Angliyaga boramiz.

- «Chelsi» italiyalik Antonio Konte rahbarligida chempionlikka erishdi. Vaqtida maydonda bevosita unga qarshi to‘p surgansiz, xususan, CHL finalida ham. O‘zaro munosabatlaringiz qanday?

- Yaxshi, agar uchrashib qolsak, miriqib suhbatlashamiz. Antonio ajoyib tayyorgarlik uslubiga ega va «Chelsi»ni sezilarli darajada o‘zgartirib, buni to‘liq isbotladi. Muhimi, Konte hech bir mayda jihatni ham e’tibordan qochirmaydi va ish uslubi ma’qul. O‘ylaymanki, murabbiylarimiz London safaridan zarur tajribaga ega bo‘lgan holda qaytadilar.

- Aytingchi, oxirgi vaqtlarda aynan qaysi uchrashuv sizda kuchliroq taassurot uyg‘otdi?

- Birinchi navbatda, «Barselona» - «PSJ» bahsi. O‘sha o‘yinni stadionda tomosha qildim va istalgan lahzada mo‘’jiza yuz berishi mumkinligini his qilib turdim. «Kamp Nou»dagi muhit shundan dalolat berayotgandi. Xullas, «Barsa» futbolchilar va muxlislar tomonidan vujudga kelgan maftunkor sharoit yordamida 6 daqiqa ichida 3ta gol urdi! CHL finali ham kuchli taassurot bag‘ishladi. Ochig‘i, «Real»ning ikkinchi bo‘limdagi ustunligi hayron qoldirdi. Chunki «Yuventus»ning har qanday bosimga dosh berishini kutgandim. Lekin barchasini «Real» o‘yinchilarining yuksak saviyasi hal qildi.

- Sizga yaqin «Milan» so‘nggi transferlar mavsumida faollik ko‘rsatdi. Montella jamoasidan nimalar kutyapsiz?

- To‘g‘risi, nima kutishni ham bilmayapman. Natijaga erishishning yo‘llari ko‘p. Unga puxta rejaga asosan yoki tasodifan erishish mumkin. Nazarimda, hozir «Milan» pala-partish harakatlarga ko‘milgan. Aniq reja ko‘zga tashlanmayapti. Aslida Montella o‘z nuqtai-nazari va muayyan tarkibga ega edi. Endi birdaniga shuncha futbolchi xarid qilindi. Qizig‘i, milanliklar muayyan pozisiyaga kimnidir taklif etib, bir oydan keyin ikkinchi nomzodni sotib olishyapti. Shu sababli transfer kampaniyasi qanday natija berishini aytolmayman. Lekin jonajon jamoamga omad tilayman, albatta.

- «Milan» anchadan buyon sovrinlardan chetda qolmoqda. Aytingchi, Silvio Berluskoni boshlagan oltin davr tugadimi?

- U klubni sotganidayoq klubning muayyan davri o‘tgani aniq bo‘ldi. Ko‘raylikchi, yangi davrda jamoa qanday natijalarga erisharkan?

- Sizdan avval «Milan»da asli ukrainalik Pyetro Verxovod to‘p surgandi. Uning otasi ukrainalik bo‘lib, urush payti Italiyada asirlikka tushgan va keyinchalik o‘sha yerda yashab qolgan. Xullas, uning o‘g‘li - Pyetro Italiyada slavyan avlodlari hurmati «shoh» taxallusini olgandi. Keyinchalik bunday e’tirof sizga nibatan ham ishlatildi. O‘zi Pyetro bilan shaxsan tanishmisiz?

- Hozir ham «Milan» afsonalari jamoasi a’zosiman. So‘nggi marta Xitoyga bordik. Xullas, faxriylar jamoasi o‘yinlari bahonasida Verxovod bilan ham ko‘rishyapman. U juda kamtarin inson va Ukraina haqida ham ko‘p suhbatlashganmiz. Zero, Pyetro Ukrainaga aslo befarq emas.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:02, 26.08.2017.
O'qildi: 4348 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.