Kirish Ro'yxatdan o'tish
28/12 00:30 Brayton 0-0 Brentford
28/12 01:15 Arsenal 1-0 Ipsvich
28/12 19:00 Empoli 1-2 Jenoa
28/12 19:00 Parma 2-1 Monsa
28/12 22:00 Kalyari 0-3 Inter
29/12 00:45 Lasio - Atalanta
29/12 16:30 Udineze - Torino
29/12 19:00 Napoli - Venetsiya
29/12 19:30 Lester - Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem - Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas - Sautgempton
29/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem - Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul
30/12 00:45 Milan - Roma
30/12 22:30 Komo - Lechche

Madridning yangi javohiri — Asensioga nazar

Madridning yangi javohiri — Asensioga nazar

Baho:
+ | -

"Real" darvozaboni Keylor Navasdan mashg‘ulotlarda qaysi futbolchining zarbasi xavfliroq ekanini so‘rashganda, Ronaldu yoki Beyl, hatto Kroosni emas, aynan Asensioni tilga olgan edi. O‘shanda jurnalist uchun bu javob biroz g‘ayritabiiy tuyulgandir, ammo hozir bu haqida nafaqat Navas, balki butun dunyo gapirmoqda.

O‘tgan mavsum oxirida "Bavariya" va "Yuventus" darvozalarini ishg‘ol qilgan yosh futbolchi yangi mavsumni juda kuchli boshladi - "Barselona"da darvozasiga kiritilgan bir-biridan chiroyli ikki golning orqasidan, La Ligadagi ilk qiyin uchrashuvda dubl qayd etib, jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi. Yulduzlarni Madridga olib kelishni yaxshi ko‘radigan Florentino Peres, sevimli mashg‘ulotini yig‘ishtirib Markoning ketidan shartnoma ko‘tarib yuribdi - u yerda futbolchini sotib olmoqchi bo‘lgan jamoa 500 million yevro to‘lab qo‘yishi kerakligi yozib qo‘yilgan. Zo‘r-a?

"Men juda ko‘p iqtidorli bolalarni ko‘rganman, ammo bolaning to‘p bilan bunday narsalarni qila olishini umrimda ko‘rmagandim, - deydi skaut Klemente Marin, - "9 yoshidayoq Marko shakllangan futbolchi edi. U o‘zidan ikki barobar katta bolalar bilan o‘ynar, yo‘q, ularga to‘p olib berib turmas  edi, aksincha, ular Marko uchun o‘ynardilar"

Marko Asensio 1996 yilning yanvarida Malyorkada tug‘ilgan. Otasi - ispan, onasi - gollandiyalik. To‘rt yoshida onasidan ayrilgan Marko yetti yoshida mahalliy "Plajes de Kalvia" futbol maktabida o‘ynay boshladi. Oradan uch yil o‘tib, yuqorida tilga olganimiz Klemente Marin uni "Malyorka" akademiyasiga boshlab bordi.

Aynan shu yerda Asensio professional seleksionerlar nazariga tushdi, 17 yoshida esa, "Malyorka"da ilk mavsumini o‘tkazgan futbolchi bilan katta klublar qiziqa boshladilar. Hammasi transfer qiymatiga bog‘liq bo‘lib qolgandi. "Malyorka" futbolchi uchun 4 million yevrodan oshiqroq summani qo‘lga kiritishni, shu bilan birga yana bir mavsum ijarada o‘ynatishni talab qilardi. Sport.es portalida yozilishicha, "Barselona" futbolchini qo‘lga kiritishga yaqin bo‘lgan, hatto Asensio u yerga borib, o‘zi uchun uy tanlab ham qo‘ygandi. Ammo so‘nggi pallada kelishuv amalga oshmay qoldi. Kataloniyaliklar 4.5 million yevroni bir necha yilda bo‘lib-bo‘lib to‘lashni istayotgandi, shu pallada 3.9 million naqd pul bilan "Real" paydo bo‘ldi va futbolchini ilib ketdi. Madridliklarning Marko yana bir yil "Malyorka"da qolishga rozi bo‘lganliklari hammani qoniqtirar edi.

Valeriy Karpin Asensioni hujum ortida, hamda ikki qanot hujumida ham sinab ko‘rdi. Jamoa tezkor qarshi hujumga asoslangan futbol o‘ynar, bu sxema uchun Asensio juda mos kelardi. Yozda u 19 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatiga bordi va turnirning eng qiymatli futbolchisi sifatida e’tirof etildi. Madridda esa, uni Rafa Benites kutib turardi.

"Real" tarkibida mavsumoldi yig‘inlarda o‘zini ko‘rsata olgan bo‘lsa-da, murabbiy unga muntazam o‘yin amaliyotini va’da qila olmas edi. Natijada futbolchi "Espanyol"ga ijaraga berildi. Kataloniyadagi bu mavsum Marko uchun muvaffaqiyatli kechdi, u 34 o‘yinda maydonga tushib, 13 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Bu borada u La Ligada faqat Messi, Suares va Kokedan ortda qoldi xolos. Va nihoyat o‘tgan yilning yozida "Real"ga qaytib, to‘laqonli jamoa a’zosi bo‘lganidan keyingi voqealar esa, hammaga ma’lum.

Shu o‘rinda Marko Asensioning aynan qay darajadagi futbolchi bo‘lishida ushbu mavsum hal qiluvchi rol o‘ynaydi deb bemalol aytish mumkin. Bilasizmi, yosh futbolchining haqiqiy yulduz darajasiga chiqishida ikkinchi mavsum faktori juda muhim ahamiyat kasb etadi. Gap faqat ruhiyatda emas, buning o‘ziga yarasha mantiqiy sabablari ham bor.

Misol uchun, Madrid klubiga qarshi tayyorlanayotgan jamoa raqibning asosiy o‘yinchilariga qarshi ham tayyorlanadi. Ronalduning ustunligi nimada, Modrich qanday harakatlar qiladi, Benzemaning qaysi jihatlari xavfliroq, Beylni qanday yopish kerak - raqib mana shu savollar ustidan izlanadi va imkon qadar, futbolchilarning o‘sha ustunliklarini yo‘qqa chiqarishga harakat qiladi. Bu holatda albatta, asosiy tarkib futbolchilariga qiyinroq bo‘ladi.

Marko Asensio esa, aksariyat hollarda qo‘shimcha kuch sifatida o‘zini ko‘rsatdi. "Bavariya" va "Yuventus" bilan o‘yinlarda  deyarli hal bo‘lgan paytda maydonga tushdi. "Kamp Nou"da u gol urganida hech kim u bilan ishi ham bo‘lmagandi, kataloniyaliklar butun jamoa bo‘lib oldinga tashlangandilar. Aytmoqchimanki, qachonki raqib ham Asensioni "Real"ning muhim o‘yinchisi sifatida tan olsa va unga qarshi ham taktik tayyorgarliklar olib borishni boshlasa, uning tezligini, xavfli zarbalarini oldini olish choralarini ko‘ra boshlasa, futbolchiga yanada qiyinroq bo‘ladi. Aynan o‘shanda Asensioning haqiqiy kuchi sinovdan o‘tadi. Hozircha Marko bu borada Markus Reshford yoki Kilian Mbappelardan orqada deyish mumkindir balki.   

"Malyorka"ning ishlarini yuritadigan mashhur yurist Toni Roka shu yilning bahorida klub Asensioni erta sotib yuborganini aytar ekan, futbolchi hozirda 50 million yevroda kam emasligini ta’kidlagan edi. Bechora Toni "Real" Marko uchun 350 million tovon puli belgilab qo‘yganini bilganida, qay ahvolga tushdi ekan-a? Buning ustiga shundoq ham yaqinda tuzilgan shartnomani Peres qaytadan imzolamoqchi. O‘zgaradigan punkt esa bitta - tovon puli endi 350 emas, 500 millionni tashkil qilishi kerak ekan. Neymarning shov-shuvli transferidan keyin Peres ham qo‘rqib qolgani tabiiy. Yildan yilga tentaklarcha o‘sib borayotgan transfer bozori uchun 350 million ham oddiy bahoga aylanib qolishidan xavotirda Peres.

Asosiy tarkibda ko‘proq maydonga tushishni istayotgan Asensio esa, yangi shartnomaga shoshilmayapti. Rostan ham, e’tibor bersak, hozirda Krishtianu Ronaldu diskvalifikasiyadan so‘ng, maydonga qaytadigan bo‘lsa, Asensio kimning o‘rniga maydonga tushadi? Asosiyda tushmaydigan bo‘lsa APL ga qaytib ketmoqchi bo‘layotgan Beyldan voz kechiladimi yoki bosh murabbiyning "yoqimtoyi" Benzema zaxiraga o‘tiradimi? Hali bu savollarga aniq javob bo‘lmasa-da, bir narsa aniq - Marko Asensioning futbol osmonida charaqlashi uning o‘zigagina xos zarbalaridan ham tez va aqldan ozdiruvchi bo‘lmoqda.

Qahramon Aslanov tayyorladi.

Manba: tribuna.uz
Kiritildi: 10:31, 29.08.2017.
O'qildi: 11485 marta.
Fikrlar: 9 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.