Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Ashgabat–2017: O‘zbekiston delegasiya to‘rtinchi o‘ringa chiqib oldi

Ashgabat–2017: O‘zbekiston delegasiya to‘rtinchi o‘ringa chiqib oldi

Baho:
+ | -
Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida davom etayotgan Jang san’ati va yopiq inshootlardagi V Osiyo o‘yinlarining beshinchi kuni O‘zbekiston delegasiyasi uchun har jihatdan samarali va unumli bo‘ldi.
 
Bunga qadar o‘zbekistonlik sportchilar medallar jamg‘arish masalasida mezbonlardan so‘ng Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Tailand, BAA, Hindiston delegasiyalarini oldinga o‘tkazib yuborib umujamoa hisobida sakkizinchi o‘ringa joylashib olishgandi.
 
Beshinchi kungi bellashuvlarda terma jamoamiz a’zolari 4 ta oltin, 7 ta kumush va 7 ta bronza medallarini qo‘lga kiritib, umumiy 57 ta medal bilan kuchli uchlikka ko‘tarilib olishdi.
 
To‘rtta medaldan uchtasini delegasiya hisobiga belbog‘li kurashning klassik usulida gilamga chiqqan polvonlar keltirishgan bo‘lishsa, yana bitta oltin O‘zbek milliy sporti — kurash bo‘yicha bellashuvlarda qo‘lga kiritildi.
 
Final bahslariga yetti nafar sportchi yetib keldi. Ulardan uchtasi hal qiluvchi bahsda g‘alaba qozonib oltin medallarga sazovor bo‘ldi. To‘rttasi esa kumush medal bilan kifoyalandi.
 
Oltin medalga ega chiqqan uchchala sportchi ham finalda mezbonlar ustidan zafar quchishdi. Vazni 70 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar bahsida Xusniddin Ro‘ziyev turkmanistonlik Xangeldi Allakovni, -90 kg vazn toifasida Obidali Mavlonov mezbonlarning yana bir vakili Ovazgeldi Berdiyevni, eng og‘ir vazndagi Sherzod Rahimov esa Axal Ballarovni taslim qilib, shohsupaning eng yuqorisiga ko‘tarilishdi.
 
Shuningdek, musobaqada kurash bo‘yicha bellashuvlar ham start oldi. O‘zbek milliy sporti bo‘yicha tashkil etilgan bahslarning birinchi Rinata Ilmatova (+87 kg.), Rahima Yo‘ldosheva (-87 kg.) va Iskandar Hakimjonovlar (-60 kg.) orasida faqatgina Rahima Yo‘ldosheva finalga qadar yetib keldi. Hal qiluvchi bahsda Rahima turkmanistonlik Shirin Kubayevani mag‘lub etib oltin medalga ega chiqdi.
 
-50 kg vazn toifasida Shahzoda Ergasheva kecha, 20 sentyabr kuni musobaqadagi uchinchi kumush medalini qo‘lga kiritdi. Bunga qadar an’anaviy va belbog‘li kurashning erkin usullarida ikkinchi o‘rinni egallagan Shahzoda bu safar belbog‘li kurashning klassik yo‘nalishida ham kumush medaliga loyiq ko‘rildi.
 
-65 kg vazn toifasidagi Dilafruz Mamajonova Osiyo o‘yinlarida ikkitadan kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritishga ulgurdi. Kecha Dilafruz finalda mezbon sportchi Gulnar Xayitbayevaga imkoniyatni boy berib delegasiya hisobiga navbatdagi kumush medalini qo‘shib qo‘ydi.
 
Shuningdek, Islomjon Qo‘ldoshev (-100 kg.) va Eldor Ne’matov (-80 kg.)lar kechagi bahslar yakuniga ko‘ra shohsupaga ko‘tarilib, kumush medalini qo‘lga kiritishdi.
 
Osiyo o‘yinlarida og‘ir atletika bo‘yicha ham bahslar boshlandi. Kecha ikkita vazn toifasida bellashuvlar bo‘lib o‘tdi va ularning har ikkalasida o‘zbekistonliklar kumush medallarga ega chiqishdi.
 
Qizlar o‘rtasida -58 kg vazn toifasida chiqish qilgan Muattar Nabiyeva dast ko‘tarishda 94 kg, siltab ko‘tarishda 118 kg, umumiy 212 kg tosh ko‘tarib ikkinchi o‘rinni egalladi va kumush medaliga loyiq ko‘rildi.
 
Erkaklar o‘rtasida -69 kg vazn toifasida bahslarga kirishgan Rio-2016 Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi Doston Yoqubov dast ko‘tarishda 139 kg, siltab ko‘tarishda 177 kg, summada 316 kg og‘irlikni o‘ziga bo‘ysundirib ikkinchi o‘rinni egalladi va delegasiya hisobiga kumush medalni qo‘shib qo‘ydi.
 
Yengil atletika bo‘yicha bellashuvlarning so‘nggi kunida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari bittadan kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritishdi. Yadro uloqtirish bahslarida Yelena Smolyanova 15.60 metr natijasi bilan kumush medaliga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, Marat Xaydarov ko‘pkurash bahslarida bronza medali bilan taqdirlandi.
 
Yengil atletika bo‘yicha musobaqalar yakuniga yetdi va kecha, 21 sentyabr kuni terma jamoa a’zolari Toshkentga yetib kelishdi. Osiyo o‘yinlarida yengil atletikachilar tomonidan 1 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medali qo‘lga kiritildi.
 
Belbog‘li kurashning klassik usulida Odiljon Suyunov (+100 kg.), Xusan Nosirov (-55 kg.), Fayzulla Ummatov (-60 kg.) va Havasxon Jo‘raqo‘ziyeva   (-65 kg.), muaytayda Ubbiniyaz Tureniyazov  (-81 kg.) va taekvondo bo‘yicha o‘tkazilgan bahslarda Niyoz Po‘latov     (-58 kg.) bronza medallariga ega chiqishdi.
 
Ayni paytda O‘zbekiston delegasiyasi hisobida 10 ta oltin, 17 ta kumush va 36 ta bronza, umumiy 63 ta medal bor.
 
Delegasiya ushbu natija evaziga Turkmaniston, Tailand va Eron delegasiyalaridan so‘ng to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi. Kuchli oltikka shuningdek Qozog‘iston va Xitoy delegasiyalari ham kirishgan.    Akmalxon Eshonxonov
Manba: www.qalampir.uz
Kiritildi: 10:39, 22.09.2017.
O'qildi: 4540 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.