Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

ESINGIZDAMI: O‘zbek futboli tarixidagi eng sharmandali o‘yin

ESINGIZDAMI: O‘zbek futboli tarixidagi eng sharmandali o‘yin

Baho:
+ | -

Futbolimizning chorak asrlik tarixida o‘ziga yarasha quvonchli g‘alabalari ham, alamli mag‘lubiyatlari ham bo‘lgan. Ba’zi natijalar muayyan o‘yindagi xatolar yoki omadni, ba’zilari esa, ayni palladagi futbolimizning umumiy holatini namoyon qilar edi. Livandagi Yaponiyadan uchragan mag‘lubiyatimiz qaysi toifaga kirishini aniq aytish qiyin, zero bunday natijalarning faqat bir yoki ikki sababi bo‘lmasa kerak.

O‘zbekiston MTJ – Yaponiya MTJ – 1:8

17 oktyabr 2000. Sayda. Munisipal stadioni.

Gollar: Sergey Lushan 29' - Morishima 7', Nishizava 14', 49', Takaxara 18', 20', 26', 57', Kitajima 79' ,            

Nishizava 5' daqiqada penaltini aniq amalga oshira olmadi.

Hakam:  Shamsul Maydin (Singapur)

O‘ZBEKISTON: Pavel Bugalo, Baxtiyor Ashurmatov, Abdumajid Toirov (Otabek Shomurodov,60), Sergey Lushan, Davron Fayziyev, Nikolay Shirshov, Mirjalol Qosimov, Fevzi Davletov (Sergey Lebedev, 37), Aleksandr Xvastunov, Muxtor Qurbonov (Igor Shkvirin, 46), Maksim Shaskix Bosh murabbiy: Yuriy Sarkisyan

YAPONIYA: Kavaguchi, Morioka, Xattori, Nishizava, Nanami, Morishima (Ono, 70), Nakamura, Inamoto (Mochizuki, 79), Nakazava, Miojin (Kitajima, 46), Takaxara  Bosh murabbiy: Filipp Trusye

Ogohlantirishlar: Bugalo, Ashurmatov, Toirov, Lushan, Shirshov, Shaskix – Xattori, Inamoto

O‘zbekiston terma jamoasi o‘zining ilk yirik musobaqasini ajoyib tarzda o‘tkazib, g‘alaba qozondi. Bu g‘alaba aynan Yaponiyada ro‘y berdi, o‘sha turnirda vakillarimiz maydon egalariga ro‘para kelishmagandi. Keyin kunchiqar yurt vakillari bilan ko‘p to‘qnashdik, jumladan, terma jamoamiz Osiyo kuboklari tarixidagi dastlabki mag‘lubiyatiga aynan yaponlardan uchradi (BAA-96, 0:4). Jahon chempionatlari saralash bahslarida ilk urinishdayoq so‘nggi bosqichga yetib kelgan jamoamiz hal qiluvchi guruhdagi dastlabki uchrashuvini Yaponiyada o‘tkazib, yana yirik mag‘lubiyat alamini tortdi – 3:6. Toshkentdagi o‘yinda esa jamoalar bittadan darvozalarni ishg‘ol qildilar.

Ushbu jamoalarning navbatdagi to‘qnashuvi futbolimiz uchun sharmandalikning cho‘qqisi sifatida esda qoldi va o‘zbek muxlisining sabr-qanoati aynan o‘sha uchrashuvda eng qattiq sinovga duch keldi. O‘sha yillarda yaponlar bizdan shu darajada oldinda edilar, deyishdan yiroqman, ammo futbolga bo‘lgan noto‘g‘ri munosabat, ko‘ngildagidek tayyorgarlik ko‘ra olmaslik, ko‘p jihatlarga panjara ortidan qarash oqibatida aynan o‘sha oqshomda, o‘sha turnirda terma jamoamiz tarixidagi eng ayanchi ahvolga tushib qolgandilar.

O‘sha paytlarda milliy chempionatda to‘p suruvchilar va legionerlar o‘rtasida sezilarli tafovut yuzaga kelgandi. Ularga bo‘lgan munosabat borasida ham, mahorat bobida ham. Tasavvur qiling, hozirgi oliy ligamizdan “Paxtakor”, “Lokomotiv” va “Bunyodkor” jamoalari olib tashlaylik. Bu klublarda to‘p surayotgan futbolchilarni legionerlar deb fikr yuritaylik. Oliy ligamiz qanday bo‘ladi, sizningcha? Chempionlikka da’vogarlar soni keskin oshib ketadi, to‘g‘ri. Tabiiy ravishda stadionga ko‘proq muxlis tashrif buyurishi mumkin, rost. O‘sha paytlarda ham shunaqa edi. Samarqandda, Xorazmda 30-40 minglab tomoshabin tashrif buyurishardi. Ammo saviya-chi? Oliy ligada barqaror klubning o‘zi yo‘q edi. Jumladan 2000-yilgi chempionat g‘olibi “Do‘stlik” jamoasi o‘sha mavsumda o‘tkazgan 30 uchrashuvdan 10 tasini yuta olmagan, hatto Samarqandda 2:6 hisobida mag‘lubiyatga uchragandi. Milliy chempionatimizda javlon urayotgan futbolchilar xalqaro o‘yinlar talabiga javob bera olishmasdi  Tanganing narigi tomoni – milliy futbolchilarimizga bo‘lgan e’tibor legionerlarga qaraganda ancha past edi. Xullas, futbolimiz, milliy klublarimiz ichki planda yaxshi ko‘ringan va ko‘pchilikni jalb qilgan bo‘lsa-da, professionallikdan ancha uzoqda edilar, xalqaro maydonda orqada qolib ketgandilar. Bu o‘rinda Braziliya yoki Fransiya uslubini qo‘llab ham bo‘lmasdi, chunki bizning ularchalik futbolchilar yetishtirish fabrikamiz ham yo‘q, Rossiyada to‘p surayotgan futbolchilarimiz ham barmoq bilan sanoqli edi. Rossiya futboli rivojlanish tezligi biznikidan yuqori, agar shu ketishda bo‘lsa, Rossiya futboli saviyasidagi futbolchilarni yetishtirishda davom etishga qodir bo‘lmay qolardik. Shunday bo‘ldi ham. Yaxshi legioner yetishib chiqishi uchun, avvalo ichki chempionat saviyali bo‘lishi kerakligi oynadek ravshan.

Terma jamoamiz asosini tashkil qiluvchi legionerlarni yig‘ib, tayyorgarlik o‘tkazish katta muammo edi. Osiyo musobaqalari FIFA kunlariga ko‘pincha to‘g‘ri kelmas, yagona yo‘l esa biror FIFA kunida legionerlarni yig‘ib o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazib turish edi va buni rahbarlarimiz qilishni negadir xohlashmasdi, mayli bu haqida keyinroq.    

Livan-2000 final bosqichiga yo‘llanma olish biz uchun osonlikcha bo‘lmagandi. Besh jamoadan iborat saralash guruhi barcha uchrashuvlarni BAA da o‘tkazgan va milliy terma jamoamiz maydon egalari qarshiligini yengishlari shart edi. Taqvimni o‘zlari uchun ancha qulay qilib olgan BAA terma jamoasini Shaskixning yagona goli evaziga yenggan Mahmud Rahimov shogirdlari Livan yo‘llanmasini qo‘lga kiritishgandi.

Mahmud Rahimovga 2000-yilni ko‘rish nasib etmadi, u shakllantirgan ajoyib jamoa arosatda qoldi. Uning o‘rniga jamoani qabul qilib olgan Viktor Borisov boshchiligida jamoamiz 2000 yilning fevralida bitta o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdi (Mo‘g‘uliston 8:1). Keyin esa rossiyalik taniqli mutaxassisi Pavel Sadirin taklif etildi. Katta tayyorgarlik rejasi ishlab chiqildi, ammo Tailand bilan o‘yinda (0:2) jamoani maydonga olib tushgan Sadirin kutilmaganda juftakni rostlab qoldi.

Deyarli bir yil davomida biror marta ham yig‘ilmagan terma jamoamizni Livan o‘yinlariga tayyorlashga hech kim jazm etmadi. Chunki, vaqt ikki oydan ham kam qolgandi. Tayyorgarlik sifatida bir nechta o‘rtoqlik uchrashuvlari ham yordam bermasligi aniq edi, sababi, yig‘inlarda boshqa o‘yinchilar, asosiy o‘yinlarda umuman boshqalarning qatnashishi tajribadan o‘tgan edi. Milliy chempionatda eng yaxshi natijaga erishgan va o‘zbek futbolini besh qo‘ldek biladigan Sarkisyan nomzodida to‘xtaldi. Yuriy Vazgenovich yo‘q deya olmadi va natijada eng sharmandali natijamizning aybdorlaridan biri bo‘lib qoldi.

Livandagi turnir oldidan terma jamoamizga tayyorgarlik o‘yinlari tashkil qilib berildi, ammo... Tailand va BAA terma jamoalariga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvlarda faqatgina milliy chempionat futbolchilari qatnashdilar va o‘sha o‘yinlarda o‘ynagan 11 (!) futbolchi keyinchalik Livanda maydonga tushmadi. Tanish manzara, shundaymi? Tanish, chunki, bu biror eski surat emas, doimiy aksimiz.

Terma jamoamizning Livanga borajak tarkib bilan o‘tkazgan yagona o‘rtoqlik uchrashuvi Toshkentda Turkmaniston terma jamoasiga qarshi o‘tkazildi, o‘yin 3:0 hisobida vakillarimiz foydasiga yakunlandi. 

Osiyo Kubogi-2000 dagi dastlabki tur esa Qatarga qarshi kechdi. O‘sha uchrashuvni vakillarimiz o‘ta bo‘sh o‘tkazdilar. Faqatgina qatarliklarning o‘nlab vaziyatlardan foydalana olmaganliklari va o‘yin oxirlarida Mirjalol Qosimovning jarimadan hisobni tenglashtirganligi tufayli bir ochkoga ega bo‘ldik. Yaponlar esa Saudiyaliklarni 4:1 hisobida ortda qoldirishdi.

Tarixida ilk bor JCH-98 da mundial ishtirokchisiga aylangan Yaponiya terma jamoasi tarkibi yosharish davrini boshdan kechirayotgandi. Qandaydir 20 soniyada to‘p o‘tkazib yuborib,  JCH-94 dan quruq qolgan yaponlar futbolga katta mablag‘ tashlashdi.  Uzoq yillik tayyorgarlik bosqichi, tashkil etilgan professional J-liganing sharofati bilan mamlakat futbolida sezilarli o‘sish kuzatildi, proyektning ilk mevalari esa Kavaguchi, Miura, Nakata, Nanami kabilar bo‘lishdi. Murabbiy Filip Trusye Livanga JCH da qatnashgan ko‘pgina futbolchilarni chaqirmay, barchaning ajablanishiga sabab bo‘lgandi. Hatto Italiya A-seriyasini ko‘zga ko‘ringan futbolchilaridan biri Xidetoshi Nakata ham tarkibdan chetda qolgandi. Ushbu turnir Nakamura, Ono, Takaxara kabi yangi, yosh yulduzlarni kashf etib berdi va yaponlar ushbu turnirda boshqalardan bir kalla yuqori saviyada o‘yin ko‘rsatishdi.

Ikkinchi turga Sarkisyan bir nechta o‘zgarishlarni amalga oshirdi. Jumladan, Qatarga qarshi o‘yinda asosiy tarkibda harakat qilgan Fyodorov, Shomurodov, Lebedev, R.Do‘rmonov, Rahmonqulovlar zaxirada qoldirildilar, ularning o‘rniga Toirov, Lushan, Davletov, Xvastunov va Qurbonovlar harakat qildilar.

O‘yin yaponlarning tezkor hujumlari ostida boshlandi. 5-daqiqadayoq Bugalo o‘yin qoidasini buzdi va darvozamizga penalti belgilandi. Nishizavaning zarbasini Bugalo qaytardi va shu kuni omad vakillarimiz tomonida bo‘ladigandek edi. Ruhiy jihatdan ham terma jamoamiz ozuqa olgandi. Ammo o‘sha kungi O‘zbekiston na kelgan omadni o‘z tomoniga og‘dira olishga, na ruhiy ustunlikdan natija yasay olishga qodir emasdi. O‘sha hujumdayoq burchak to‘pini yaponlar golga aylantirishdi. Jamoa sardori Morishima hisobni ochdi. Oradan yetti daqiqa o‘tib Nishizava to‘p kiritdi va o‘z xatosini to‘g‘riladi.

Keyin esa Takaxaraning yulduzli onlari boshlandi. 10 daqiqa ichida ushbu hujumchi Bugalo darvozasini uch bor aniq nishonga oldi. Gollar ham, nima desam bo‘larkin, haligi “Barselona” uradi-ku, “Real”ga ham urgandi, o‘shanaqa edi. Ya’ni yarim himoya chizig‘imiz juda tezlikda bosib o‘tilar va bitta pas bilan Takaxara Bugalo qarshisida qolardi.

Beshinchi gol kiritilgach, vakillarimiz ham onda sonda hujum qila boshladilar. Shunday hujumlarning birida burchakdan oshirilgan to‘pni Sergey Lushan boshi bilan darvozaga aniq yo‘lladi va hisobni qisqartirdi. O‘yinni qutqarib qolish ilojsiz bo‘lsa-da, ko‘proq to‘p kiritish lozim edi, chunki, Saudiya terma jamoasi ham Qatar bilan durang o‘ynagan va agar yaponlar shunday o‘ynashni davom etsalar, to‘plar nisbati ikkinchi jamoani aniqlab berishi mumkin edi. Ammo...

Ikkinchi taymda vakillarimizda hujum qilish tugul, raqibga qarshilik ko‘rsatishga ham kuch topa olmadilar. Ikkinchi taymning dastlabki o‘n daqiqasida yana o‘sha Nishizava va Takaxaralar bittadan to‘p kiritib, hisobni 7:1 holatiga keltirib qo‘ydilar.

Esimda, Takaxara to‘p kirityapti-yu, qo‘lini ham ko‘tarmayapti, go‘yo qo‘l ko‘tarib nishonlash gol urishdan-da qiyin ishdek. O‘sha uchrashuvni sharhlash “baxtiga” muyassar bo‘lgan Davlat aka Turdaliyev ham e’tiborlarini o‘yindan chetga olib, futbolimizdagi muammolar, bu mag‘lubiyatga sabab bo‘lgan holatlar haqida gapirishga tushib ketgandilar. Hatto bir vaziyatda yaponlar navbatdagi golni kiritdilar, shunda sharhlovchimiz mulohazalarini to‘xtatishni ham lozim topmagan va:

“Sizlar e’tibor bermanglar, bu yerda gol bo‘lib turaveradi, biz esa fikrimizni davom ettiraylik...” – deyishga majbur bo‘lgandi. Uchrashuvning ikkinchi taymida maydonga tushgan Kitajima o‘yin tugashiga o‘n daqiqa qolganda oxirgi golni kiritdi va o‘yinga yakun yasadi.

Guruh bosqichining so‘nggi turida terma jamoamiz Saudiya Arabistoniga qarshi maydonga tushdi. Uchrashuvda arablar 5:0 hisobida g‘alaba qozonishdi va chorak finalga yo‘l olishdi. Terma jamoamiz esa o‘sha turnirni eng yomon jamoa sifatida yakunladi. Ushbu turnirga, terma jamoaga bo‘lgan munosabat hatto ba’zi futbolchilar orasida ham ko‘ngildagidek bo‘lmaganini keyinchalik Sarkisyan ham tilga olib o‘tgandi. Hatto so‘nggi tur oldidan u Maksim Shaskixga “mayli, hech bo‘lmasa, bugun maydonda o‘ynab ber, agar guruhdan chiqsak, sening Kiyevga ketishingga ruxsat beraman” deyishga majbur bo‘lgan ekan.

Livandagi turnir yakunlangach, O‘FF da keng qamrovli islohotlar olib borildi. Federasiya vise-prezidentligiga Baxtiyor Rahimov tayinlandi, taniqli mutaxassis Vladimir Salkov bosh murabbiylikka keldi, ko‘pgina chet ellik futbolchilar yurtimiz fuqaroligini qabul qilib o‘ynay boshladilar. Xullas, JCH-2002 saralash bahslari oldidan terma jamoamiz butun mamlakat miqyosidagi mavzuga aylandi. Ammo yana qandaydir noto‘g‘ri yo‘nalish tanladiki, JCH-2002 ham muxlislarimiz uchun armonga aylandi. Buyog‘i umuman boshqa mavzu...

Endi yuqoridagi protokolga bir qarang. Terma jamoamiz tarkibini ko‘zdan kechiring. Mirjalol Qosimov shu yerda, Maksimning o‘sha “Real” darvozasiga gol kiritib yurgan paytlari, yoshi o‘tgan bo‘lsa-da Xirosima yulduzlari ham bor, ammo natijaga e’tibor bering, ishonish qiyin. Ya’ni, bu natija o‘sha davrdagi futbolimizning umumiy holatini aks etmasdi, menimcha.

Shunday xulosaga keldimki, xalqaro futbolda muvaffaqiyatning zamirida eng avvalo munosabat yotar ekan. Ma’lum musobaqaga, jamoaga, futbolchilarga bo‘lgan umumiy munosabat. Muxlislarning futbolchilarga munosabati. Futbolchilaring jamoaga, yurtiga bo‘lgan munosabati. Murabbiyning munosabati. Rahbarlarning o‘sha turnirga bo‘lgan munosabati. Raqibga munosabat. O‘zaro munosabat.

Xullas, qachonki mana shu munosabatlarning barchasi to‘g‘ri va sidqidildan yo‘lga qo‘yilsa, har bir harakat asosida fidoyilik va xalqqa hurmat yotsa, shundagina biror natijaga erishish mumkin bo‘lar ekan. Aks holda sharmandalik bizni har bir ko‘chada kutib olar ekan. Sharmandalik bu faqat 1:8 emas, ayrimlar uchun hatto durang ham sharmandalik. Hamma gap sharmandalikka bo‘lgan munosabatda, ya’ni inson o‘z qadrini qanchalik yuqori qo‘yishida.

Manba: kun.uz
Kiritildi: 14:32, 25.09.2017.
O'qildi: 21007 marta.
Fikrlar: 26 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.