Ayni kunlarda futbol bo‘yicha jahon chempionati start oldi. Ha, biz orziqib kutgan mundialdagi ishtirokimizni hozirgi avlod futbolchilari ro‘yobga chiqarishdi. 18 iyun kuni milliy terma jamoamiz Kolumbiyaga qarshi maydonga chiqadi.
Shu o‘rinda biz muxlislarga futbol bo‘yicha milliy terma jamoamiz vakillarini qaysi bokschilarimizga o‘xshatgan bo‘lardingiz, degan savol bilan murojaat qilamiz. Ijtimoiy tarmoqlarimizda bemalol fikrlaringizni bildirishingiz mumkin. Bizning variant esa quyidagicha, 4-3-3 taktikasini tanladik.
Demak, boshladik...
Darvozaga Bahodir Jalolov (O‘tkir Yusupov)
- Ikki karra Olimpiada chempioni bo‘lgan bokschimizning bu pozisiyani egallashi barchaga tushunarliki, darvozabonlarning eng muhim jihati bu bo‘yining balandligida... Asosan jarima zarbalari, burchak to‘plarida bu jihat juda asqotadi. Qolaversa, yurtdoshimiz o‘zining “jeb” zarbalari orqali deyarli raqibini yoniga yo‘latmaydi. Bu o‘ziga xos himoyalanish xususiyati yaxshi rivojlanganligidan dalolatdir. Darvozabonning asosiy vazifasi esa, barchaga ma’lum. Yusupov esa, bu borada benazir hisoblanadi.
O‘ng qanot himoyachisi, Abdumalik Halokov (Hojiakbar Alijonov)
- Ma’lumki, Hojiakbar hujumga qo‘shilish, himoyalanish borasida imkoniyatlari yuqori, bir so‘z bilan aytganda texnikasi ajoyib ko‘rinish olgan himoyachi. Abdumalikni ham qanday “uklon”lar bilan himoyalanishi va tezkorligini yaxshi bilasiz. Qolaversa, u terma jamoamizdagi eng texnikasi yuqori bokschi sanaladi. Shundan kelib chiqib, bu chiziqqa Halokovni qo‘yishga qaror qildik.
Chap qanot himoyachisi, Akmaljon Isroilov (Farruh Sayfiyev)
- Bu bokschimiz ham juda mehnatsevarligi, o‘zining ustida ko‘p ishlashi natijasida ushbu darajaga yetib keldi. Farruh terma jamoadagi eng ko‘p yuguradigan va to‘xtash neligini bilmaydigan futbolchi desak yanglishmagan bo‘lamiz. Akmaljon Isroilov ham xuddi shunday va u ringga chiqqanidan so‘ng uni to‘xtatishni imkonini qilish, raqiblar uchun juda qiyinchilik tug‘diradi.
Markaziy himoyachi, Isroil Madrimov (Abduqodir Husanov)
- Bu chiziqda shubhasiz, himoyalanish xususiyati mukammal bo‘lishi lozim. Madrimovda esa, bu juda yaxshi rivojlangan. Qolaversa, Abduqodir futbolchilarimiz safida jahon OAV orasida eng ko‘p tilga olinayotgan bo‘lsa, Isroil Madrimov esa bokschilarimiz orasida jahon matbuoti va mutaxassislarni e’tiborini eng ko‘p tortayotgani desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Qisqasi biz shu variantda to‘xtadik.
Markaziy himoyachi, Bektemir Meliqo‘ziyev (Rustam Ashurmatov)
- Bu joyga biroz o‘ylanishga majbur bo‘ldik. Bektemirni himoyaviy jang ko‘rsatadi deb o‘ylamayman. Shunday bo‘lsa-da, bu chiziqda yakkakurashlarda g‘olib chiqa oladigan, gabarit jihatidan mukammal bo‘lishi kerakligini inobatga olib, ushbu variantini tanladik. Rustam ham yakkakurashlarda ko‘p bora g‘olib chiqqaniga guvoh bo‘lganmiz va unda ham yaxshigina zarba bor.
Tayanch yarim himoyachi, To‘rabek Habibullayev (Otabek Shukurov)
- Bu chiziq egasining kardiosi mukammal va jismonan baquvvat bo‘lishi kerak bo‘ladi. Bu xususiyatlar To‘rabek Habibullayevda ajoyib shakllangan. Shuning uchun mazkur variantga uni mos tushadi, deb o‘yladik. Qolaversa, har ikkisida kutilmagan qaqshatqich zarbalar mavjud. Bunga To‘rabekning nokautli g‘labalari va Shukurovning uzoq masofadan urgan gollari yaqqol misol bo‘la oladi.
Yarim himoyachi, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev (Odil Hamrobekov)
- Shubhasiz, har ikkisining maydonni va ringni xis qilishi va ko‘ra bilishi jihatidan o‘xshashlik mavjud. Qolaversa, Asadxo‘ja Hamrobekov singari juda ko‘p “mehnat qiladi. Ha, bu borada bir-biriga zid keluvchi jihatlar ham mavjud. Ya’ni Asadxo‘ja texnikasi yuqori bo‘lgan bokschi sanalsa, Hamrobekov bu borada kamtarroq. Ammo, ularni birlashtirib turuvchi eng asosiy omil, yuqorida aytib o‘tganimdek, juda mehnatkashligi va o‘z ustida ishlashdan to‘xtamasligida, bu mezon tanlovimizning asosiy sababi bo‘ldi.
Yarim himoyachi, Shahram G‘iyosov (Jaloliddin Masharipov)
- Ularni o‘zaro bog‘lab turadigan jihati universalligida desak bo‘ladi. Jalol markazda, qanotda, hujumda ham birdek foydali... Shahram ham aqlli jang o‘tkazadi. Vaziyatga qarab, taktikalarni almashtira oladi. Qolaversa, har ikkisida ham ajoyib zarbalar bor. Farqi bittasi oyoqda zarba bersa, ikkinchisi musht bilan yo‘llaydi. :)
Chap qanot hujumchisi, Murodjon Ahmadaliyev (Oston O‘runov)
- Ularning o‘zaro o‘xshashlik jihatlaridan biri, universal zarbachilardan ekanligi desak bo‘ladi. Murodjon asosiy zarbani chap qo‘lda yo‘llasa-da, o‘ng qo‘li ham chapidan aslo qolishmaydi. Oston ham har ikki oyog‘ida birdek zarba yo‘llashga qodir. Qolaversa, ularning o‘ylangan zarbalarining aksariyati ijobiy natija, ya’ni GOL va nokaut bilan yakunlanishini inobatga olib, shu qarorni to‘g‘ri deb o‘yladik.
O‘ng qanot hujumchisi, Hasanboy Do‘smatov (Abbos Fayzullayev)
- Fayzullayevning eng katta yutug‘i deya, uning tezkorligi va texnikasi yuqoriligini aytishimiz mumkin. Bu darajaga kim mos tushishi mumkin? Albatta, Hasanboy Do‘smatov (har holda, biz shunday o‘yladik)! Har ikkisida bu jihatlar uyg‘unligi mavjud. Shuningdek, ularning bo‘y-basti ham o‘xshash,nima dedingiz?
Markaziy hujumchi, Fazliddin G‘oyibnazarov (Eldor Shomurodov)
- Ha ularning eng uyg‘un jihati bu ulkan tajribada ekanligi, desak adashmaymiz. Shuningdek, Fazliddin faoliyati mobaynida “El kapitano” nomini olgan va unda yetakchilik xususiyati mavjud ekanligi sir emas. “Shoma” ham jamoaning sardori va yetakchisi. Shunday ekan, ularning mazkur birlashtirib turuvchi jihatlarini inobatga olgan holda, ushbu variant eng to‘g‘risi deb bildik.
Murabbiy, To‘lqin Qilichev (Fabio Kannavaro)
- Bu yerga boshqa variant bo‘lmasa kerak. Faqat, Kannavaroni qo‘liga “sehrli arg‘amchi” berish kerak xolos.
Shuningdek, zahirada Javohir Ummataliyev ( Akmal Mozgovoy), Fazliddin Erkinboyev (Igor Sergeev), ( Jahongir Zokirov (Umarbek Eshmuroov) lar ham bor.
Albatta, bu o‘ziga xos o‘xshatish bo‘lsa-da, zamirida bir oz haqiqat bor. Ularning maydon va ringdagi harakatlari, uslublari, mehnatkashligi va yana bir qator xususiyatlari bunga misol bo‘la oladi va shundan kelib chiqqan holda, ularni uyg‘un tarzda chiziqlarga qo‘yishga harakat qildik. Shu o‘rinda bu shaxsiy qarashlarimiz mahsuli ekanligini to‘g‘ri tushunasiz.O‘z o‘rnida esa, futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoamizga O‘zbekiston boks federasiyasi va barcha bokschilar oilasi nomidan omad va zafarlar tilaymiz. Olg‘a O‘zbekiston!













