Tan olaylik, yurtimizda Osiyo futboliga qiziqish u qadar baland emas.
Ehtimol, bunga yetarli axborot yo‘qligi ham sababdir. Shuni e’tiborga olib, qit’amiz futboliga aloqador ba’zi yangiliklarni ham yoritib borishga harakat qilyapmiz.
Chunonchi, bu matbuotning vazifasi sanaladi.
Saudiya Arabistoni
Stadionga ayollar kiritilganda... Saudiya Arabistoni tarixida ilk marta ayollarning stadionga kirishlariga ruxsat berildi. Aniqrog‘i, poytaxt - Ar-Riyodda joylashgan «Qirol Fahd» stadionida mamlakat mustaqilligi shodiyonalarini ayollar ham tomosha qilishdi.
Bilasiz, Saudiyada shar’iat qonunlari amalda. Xususan, erkaklar va ayollarning jamoat tadbirlarida birga o‘tirishlari mumkin emas. Masalan, stadion va kinoteatrga birga kirishlari taqiqlangan. «Umid qilamanki, biz ham sport inshootlariga hech qanday cheklovsiz kira olamiz.
Ayollar va erkaklarga bir xil huquq taqdim etilishini kutyapman», - dedi Tabuk shahrida yashovchi Um Abdulrahmon AFRga bergan intervyusida.
Legionerlar soni ortadi. Saudiya Arabistoni futboli rahbariyati mahalliy ligani yanada erkinlashtirish yo‘lidan bormoqchi. AFP xabariga ko‘ra, davlatga tegishli klublarni xususiy mulkdorlarga sotish uchun ruxsat berildi.
Shuningdek, legionerlar limiti 4 nafardan 6 nafarga oshirildi. Ayni payt «Al-Tavon» klubi bundan to‘liq foydalanishga ulgurdi.
Saudiya Arabistoni yuqori divizionida 14ta jamoa bori. Mahalliy pro-liga sovrindorlariga binoyidek mukofot puli belgilangan: 1-o‘rin sohibiga - 3,8 mln. rial, 2-o‘rin sohibiga - 2 mln. rial, 3-o‘rin sohibiga - 1 mln. rial.
Qolgan har bir jamoa turnir jadvalidagi o‘rniga qarab, moliyaviy rag‘bat oladi.
Xitoy Xalq Respublikasi
Translyasiya narxi tushadi, chunki... Xitoy chempionati rahbariyati super-liga translyasiyasi narxini tushirsa kerak. Oldinroq translyasiya huquqi 1 milliard funtga baholangan edi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, Setanta Sports Eurasia telekompaniyasi Markaziy Osiyo (xususan, O‘zbekiston) va Rossiyaga mazkur chempionat o‘yinlarini uzatish huquqiga ega.
Xitoy futboli mutasaddilari ligada moliyaviy tartib o‘rnatmoqchilar. Super-liga bosh homiysi - Ping An Insurance kompaniyasi 2017 yil uchun naq 199,65 mln. yuan ajratgan.
Narxning pasayishiga sabab sifatida chempionatda legionerlarga cheklov qo‘-yilgani ko‘rsatilmoqda. Eslatma, bungacha Xitoyda legionerlar uchun 100 foizli soliq joriy etilishi aytilgandi.
Karlos Teves ishonchni oqlamadi. «Shanxay Shenxua» klubi xo‘jayini U Syaoxay argentinalik hujumchi Karlos Tevesdan ko‘p narsa kutgandi.
«Yuqori saviyali yulduzni taklif qilish chog‘i Tevesning barcha talablarimizga mos tushishiga ishongandik. Biroq u jismoniy holatiga e’tibor bermay qo‘ydi va yaxshi tayyorgarlik ko‘rmadi. Natijada ishonchimizni oqlamadi», - dedi klub egasi.
Aytish o‘rinli, Teves joriy mavsum 13ta o‘yinda maydonga tushib, 3ta gol urdi. Avvalroq klub bosh murabbiyi futbolchi ortiqcha vazn orttirganini aytib, uni asosiy tarkibdan chetga surgandi.
Aniqrog‘i, Teves kolumbiyalik Freddi Guarin kabi yoshlar jamoasiga «badarg‘a» qilindi. Darvoqe, Karlos Teves dunyoda eng ko‘p maosh oluvchi futbolchilardan biri hisoblanadi. Taxminlarga ko‘ra, uning yillik mehnat haqi 30 mln. yevroga yaqin.
Fabio Kapello qancha maosh oladi? «Jiangsu Sunin» klubi 11 iyun kuni italiyalik Fabio Kapello bilan shartnoma tuzgandi.
Chempionatda ishlayotgan murabbiylar orasida yana bir Fabio bor - «Tyanjin Kuanjin» ustozi Kannavaro. Kapelloga kelsak, u Xitoydagi bir yarim yillik faoliyati davomida 13 mln. funt oladi.
«Jiangsu» ayni payt Xitoy chempionati turnir jadvalining oxirgi o‘rinlarida bormoqda. Kapello jamoa boshqaruvidagi 14ta o‘yinda atigi 4ta g‘alaba qayd etdi, xolos. U 2015 yilning iyulida Rossiya termasi bilan xayrlashagnidan buyon hech qayerda ishlamayotgandi.
Tailand
«Lester» xo‘jayini nega ayblanyapti? «Lester Siti» klubi sohibi Vishay Shrivaddanaprabxa va uning o‘g‘li Ayyavatt Tailandda korrupsiya ishi bo‘yicha ayblanmoqda.
«Forbs» jurnalining 2017 yil may oyidagi hisob-kitobiga ko‘ra, Vishay tailandlik milliarderlar orasida 7-o‘rinda bormoqda - boyligi 3,3 mlrd. dollarga baholangan.
The Guardian xabariga ko‘ra, Vishay va uning o‘g‘liga tegishli King Power kompaniyasi Bangkok aeroporti franshizasi orqali 327 mln. funtni hukumat g‘aznasidan yashirgan. Mazkur kompaniya 2007 va 2009 yillar ham Tailand aeroportlari bilan bog‘liq muammolarga uchragandi.
Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha davlat qo‘mitasi rahbari Charnchayn Isarasenarak ota-bola ishbilarmonni sudga berdi. Uning ma’lum qilishicha, King Power kompaniyasi aeroport rahbariyati bilan til biriktirib, bojsiz savdodan olingan daromaddan 15 foiz o‘rniga bor-yo‘g‘i 3 foiz soliq to‘lagan.
King Power 2010 yili «Lester»ni 39 mln. funtga sotib olgandi. Shu yil may oyida esa Belgiya ikkinchi divizioni ishtirokchisi «Aud-Xeverle Leven» klubini ham xarid qildi.