Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

12 jamoalik milliy chempionat va uning afzalliklari

12 jamoalik milliy chempionat va uning afzalliklari

Baho:
+ | -

Birinchi liga karvonboshisi «Sementchi» kelgusi mavsum uchun Oliy liga yo‘llanmasini allaqachon hal qildi. Bu haqda mabodo yozilgan bo‘lsa ham, shaxsan mening biror joyda mening ko‘zim tushmadi. Chunki ko‘nikib ketganmiz, «Sementchi» kelgusi mavsum oliy ligada o‘ynash-o‘ynamasligining o‘ziyoq mavhum narsa. Balki «Neftchi»ning o‘rniga o‘ynar. Bu yoqda hali Farg‘onaning «Istiqlol» klubi ham o‘tgan yili «Norin» «Navbahor»ni «sug‘urtalagani» kabi zaxiradagi askardek tayyor turibdi.

Oliy ligada jamoalar sonini qisqartirib, jon saqlovchi o‘rtamiyonalar uchun «bemalol yashash» uchun sharoitni yo‘q qilish kerakligi haqida jurnalistlarimiz, jamoatchilik yozaverib charchadi. Ha, to‘g‘ri kelmaydi bizga 16–18 talik chempionat. Hatto 14 taligi ham. Biz ko‘zni chirt yumib, 12 ta jamoa qatnashadigan, 4 davralik tizimga o‘tishimiz kerak. Tamom-vassalom.

Bu haqda O‘FFning yangi prezidenti Umid Ahmadjonovga ham taklif sifatida yozib berganman, aniq ishonamanki, bunday takliflar boshqa hamkasblarim tomonidan ham yangragan. Bu kabi takliflarni keyingi 7–8 yildan beri tinimsiz berib kelamiz. To‘g‘risini tan olish kerak, o‘zaro gurunglarda «Paxtakor»ning o‘sha vaqtda O‘FFga ta’sir kuchi haddan yuqori bo‘lgan Samvel Babayan boshchiligidagi rahbariyati tomonidan bu takliflar keskin rad etib kelinayotgan edi. Endi Babayan otdan tushdi, egarning ustida bo‘lsa ham, uning gapini ham birov bir tiyinga olmaydi. O‘FFda esa rahbariyat almashdi, keling, 12 jamoalik chempionatning afzalliklari haqida yana bir bor batafsil fikr yuritaylik.

12 jamoalik chempionat. Uning o‘tkazilish tartibi qanday?

12 jamoalik chempionat mutlaqo yangilik emas. Bunday formatdan UYEFAda Ukraina, Qozog‘iston, Shotlandiya, Vengriya, Slovakiya, Irlandiya, Shimoliy Irlandiya, Uels va Finlandiyada, Osiyo qit’asida Janubiy Koreya, BAA, Qatar, Iordaniya, Malayziya, Livan va Pokistonda foydalanib kelinmoqda. Isroil, Bolgariya va Daniya kabi davlatlarda 14 ta jamoa ishtirok etayogan bo‘lsa-da, chempionat 1-2-davralardan so‘ng 6 ta yuqorilik va 8 ta quyi jamoalarga ajratilib davom ettiriladi.

Yaqinda federasiyamiz prezidenti BAA va Qatar davlatlarida bo‘lib hamkorlik memorandumi imzolab keldi. Ushbu davlatlardan milliy chempionatni o‘tkazish borasida tajriba almashish ham yo‘lga qo‘yilishi kerak. Qolaversa, yon qo‘shnimiz — Qozog‘istonda aynan shu formatda chempionat o‘tadi, Janubiy Koreyanikidek Osiyoning eng grand milliy chempionatlaridan biri shunaqa formatda. Ukrainada ham 16 talik, 14 talik formatlar ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘lganidan so‘ng, alal-oqibat mana shu format ma’qul deb topildi. Iqtisodiy qudrati, hududiy kattaligi jihatdan bizga yaqin bo‘lgan mamlakatlarda milliy chempionatlar mana shunday ixcham formatda o‘tkazilmoqda.

Taklif etilayotgan 12 jamoalik chempionat formati hozirgisidan biroz farq qiladi. Dastlab jamoalar 1-2-davralarda uy-safar tizimida 11 tadan 22 ta tur o‘tkazishadi. So‘ngra yuqori oltilik va pastki oltilikka bo‘linib, uy-safar tizimida 5 tadan yana 10 tur o‘tkaziladi. Bir jamoa chempionat davomida jami bo‘lib 32 ta o‘yinda maydonga tushadi.

Balki 22 ta o‘yin o‘tkazilganidan so‘ng, jamoalar yuqori va pastki oltilikka bo‘lingandan so‘ng, 3-4-davralarda faqatgina o‘z guruhida qatnashayotgan jamoalar bilan 1-2-davralarda bo‘lgan uchrashuvlar hisobi va ochkosi saqlanib qolishi kerakdir. Bunisi alohida o‘rganiladigan masala.

Xullas, yuqori oltilikda 1-o‘rinni egallagan jamoa chempion bo‘ladi. 2-3-o‘rinlarga kumush va bronza medallari topshiriladi. Pastki oltilikda 11-12-o‘rinni egallagan jamoalar Birinchi ligaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushib ketadi. 10-o‘rindagi jamoa Birinchi liganing uchinchi o‘rnini egallagan jamoaga qarshi neytral maydonda Oliy ligada qolish o‘yinida maydonga chiqadi.

Xo‘sh, bunday formatdan maqsad nima?

Avvalo, yil davomida chempionatdagi o‘yinlar sonini kamaytirmasdan, uni yangi sifat darajasiga olib chiqish. «Lokomotiv», «Bunyodkor», «Paxtakor», «Nasaf», «Buxoro» kabi klublar ishtirokida o‘yinlar bir mavsumda 4 martadan bo‘lib o‘tishi albatta chempionatga bo‘lgan qiziqishni kuchaytiradi. Ushbu o‘yinlarning har biri TV orqali ham namoyish etilishi ham yurtimizda shiddatli futbolning targ‘ib etilishiga sabab bo‘ladi.

12 talik chempionatda bir turda 6 ta o‘yin bo‘lib o‘tadi. O‘yinlarni juma, shanba va yakshanba kunlariga orasida 2 soat farqi bilan ikkitadan qo‘yib (aytaylik, biri soat 16:00 da boshlansa, keyingi o‘yin 18:00 da), bemalol hammasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirdagi teletranslyasiya bilan qoplab olish mumkin.

Ma’lumki, butun jahonda ligalar va klublar asosan teletranslyasiyalardan daromad qiladi. Futbolimizni ham shu yo‘l bilan daromad topishga o‘tkazish fursati yetmadimikan? Shiddatli, ko‘rimli o‘yinlar ko‘paygach va ular jonli efirda namoyish etilsa, PFLga ham jiddiy tashkilotlardan reklama va homiylik qilish uchun taklif tusha boshlaydi, bu aniq.

Ayni paytda klublarning ma’lum bir viloyat yoki shahar nomidan chempionatda qatnashishi, ularning mahalliylashgani emas, klub brendini yaratishga e’tibor kuchayadi. Chunki jamoalar soni ko‘p bo‘lsa va biror tumanning o‘rtamiyona bir jamoasi o‘z maydonida futbol o‘ynayversa-yu, ularni targ‘ib etishning imkoni bo‘lmasa — futbol bu joyda rivojlanmaydi. E’tibor berganmisiz, «Barselona», «Real» kabi jamoalar boshqa stadionlarga safarga borganida ham stadionda ularni qo‘llab-quvvatlovchi mahalliy muxlislar bo‘ladi.

12 ta jamoa ishtirokidagi o‘yinlarning barchasini jonli efirdagi teletranslyasiya bilan qoplab olish yo‘li bilan o‘sha o‘yinlarning har biri TVda muhokama va tahlil (Rossiyadagidek) etilishiga erishamiz. Qolaversa, nopok hakamlarimiz ham o‘z ustlarida ishlab, hozirgidek, TVda olib ko‘rsatilmaydigan chekkadagi o‘yinlarida bilgan nayranglarini qila olmaydi. Bu tomondan ham barchasi nazorat ostida bo‘ladi. Jamoatchilik va muxlislar nazorati ortadi.

Masalan, ayni paytda aytaylik, «Dinamo» tarkibida biror yosh, iqtidorli futbolchi yetishib chiqayotgan bo‘lsa, uni samarqandlik muxlislardan boshqa hech kim tanimaydi. Ozginayu-sozgina chempionatda barcha futbolchilar mutaxassislar va muxlislar e’tibori ostida bo‘ladi.

Milliy futbolimiz muxlislariga ham hech kim ko‘rmaydigan «Qizilqum»-«Metallurg», «So‘g‘diyona»-»Olmaliq» kabi o‘yinlardan ko‘ra, barcha ko‘radigan «Nasaf»-«Bunyodkor», «Lokomotiv»-«Paxtakor» kabi shiddatli o‘yinlar bir mavsumda 4 marta bo‘lgani afzalroq.

Yana bir jihat: o‘yin uslubi eskirgan, kuchdan qolgan, jismoniy holati yaxshi bo‘lmagan qariya futbolchilar bot-bot maydonga tushavermaydi, unday o‘yinchilar xolis futbol muxlislari tomonidan ham aniqlanib, tanqid ostiga olinadi. Hozirgi sharoitda esa qariyalar yoshlarga o‘rin bo‘shatib berishga shoshilishmayapti.

Chempionat yangi formatga o‘tsa Birinchi ligaga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi

Ayni paytda Birinchi ligadan Oliy ligaga chiqib o‘ynayman degan, umuman, Oliy ligaga tortadigan  jamoaning o‘zi yo‘q. Jamoalar soni 18 tagacha oshirilsa u yerdagi xo‘jako‘rsinlikni tasavvur qilavering.

Oliy ligada 12 ta jamoa qoldirilsa, o‘z-o‘zidan, Birinchi ligada ham bir qator kuchli jamoalar to‘p sura boshlaydi. Faqat birinchi ligada ham jamoalar sonini 16 ta (2 davra, uy-safar tizimi — jami 30 ta o‘yin) bilan cheklab qo‘yish kerak.

Oliy liga to‘laqonli formatga o‘tib olgunga qadar, Birinchi ligada 2017 yilning faqat 1-o‘rinni egallagan g‘olibi (Bu «Sementchi») o‘tish turniri orqali Oliy liga yo‘llanmasi uchun kurashadi, 2018 yilda faqat 1-o‘rinni egallagan jamoa to‘g‘ridan-to‘g‘ri Oliy liga chiqadi. 2-o‘rin egasi esa Oliy ligada oxiridan to‘rtinchi jamoa bilan o‘tish o‘yinida yo‘llanma uchun kurashadi.

2019 yilgi mavsumdan boshlab 1-2-o‘rinni egallagan jamoalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Oliy liga yo‘llanmasini qo‘lga kiritishi, 3-o‘rin egasi esa Oliy ligada 10-o‘rinni egallagan jamoa bilan neytral maydonda o‘tish o‘yinida ishtirok etishi qat’iy qilib belgilab qo‘yiladi. Mavsum so‘ngida Birinchi ligadan Ikkinchi ligaga to‘rtta jamoa tushib ketishini ham. Ularning o‘rni Ikkinchi liganing to‘rt zonasida g‘olib bo‘lgan klublar bilan to‘ldiriladi. Bu haqda pastroqda.

Darvoqe, Birinchi ligada farm-klublarning ishtiroki qat’iy taqiqlanadi. Professional va yarim-professional klublarga ishtirok uchun ruxsat beriladi.

Yana bir taklif Ikkinchi liga borasida

Ayni paytda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri birinchiliklariga Ikkinchi liga maqomi berilgan. Bu borada ham o‘zgartirish qilish kerak, menimcha.

Ikkinchi ligani to‘rt zonaga bo‘lish lozim:

Sharqiy zona (Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlari),

Markaziy zona (Toshkent shahri, Toshkent viloyati, Sirdaryo va Jizzax viloyatlari),

Janubiy zona (Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari),

G‘arbiy zona (Navoiy, Buxoro, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi)

Har bir zonada 12 tadan jamoa chempionatda ishtirok etadi — jami 48 jamoa. Farm-klublar aynan mana shu ligada to‘p surishlari kerak va chempionat yakuniga ko‘ra 1-o‘rinni egallagan taqdirda ham Birinchi ligaga chiqish imkoniyatidan mahrum etilishi lozim. Har bir zonada chempion bo‘lgan jamoalar Birinchi ligaga yo‘llanma olishadi. Zonalarga a’zo viloyat soniga qarab 3 yoki 4 ta jamoa Uchinchi liga — viloyat chempionatiga tushirib yuboriladi va keyingi mavsum uchun viloyat chempionlari ularning o‘rniga chiqadi. Albatta, zonaning qaysidir hududidan jamoalar soni ko‘p yo kam bo‘lishi mumkin. Bu endi joylardagi futbolga bo‘lgan e’tiborga qarab shakllanadi, tenglikni majburiy saqlash shart emas.

Bunday liga nimaga kerak, deganlarga: Ikkinchi liga o‘yinlari uchun ham yosh hakamlar tayyorlanadi. Futbol faqat to‘p tepishdan iborat emas-ku? Ular uchun Respublika seminarlari bo‘ladi, o‘quvlari o‘tkaziladi. Xullas, yurtimizda futbol hakamlari maktabining ravnaq topishi uchun katta qadam tashlanadi. Yosh hakamlar brigadalari sekin-asta Birinchi, Oliy liga va Kubok o‘yinlariga jalb qilinadi. Qolaversa, viloyat birinchiligidan nufuzliroq turnirda yosh futbolchilarning kamol topishi uchun katta imkoniyat ochiladi.

Hozirgi sharoitdan kelib chiqib yangi formatga larzalarsiz qanday o‘tish mumkin?

Ayni paytda hech ikkilanmasdan, kelgusi — 2018 yilgi chempionatda 14 ta jamoa qatnashishi qat’iy qilib belgilab qo‘yilishi lozim. Hozir «Obod» klubi musobaqalardan olingan. O‘ynamayapti. «Sho‘rtan» esa kelgusi mavsumni Birinchi ligada o‘tkazishi aniq. Birinchi ligada bu yilgi g‘olib «Sementchi» Oliy liganing 14-o‘rni egasi bilan neytral maydonda o‘tish o‘yinida kuch sinashishi kerak. G‘olib kelgusi mavsumda Oliy ligada o‘ynashi kerak. Bu bilan «Oliy liga–2018»da 14 ta jamoa qatnashishi ta’minlanadi.

Kelgusi — 2018 yilgi chempionatda 12-13-14-o‘rinlarni egallagan jamoalar Birinchi ligaga tushirib yuborilishi, 11-o‘rin egasi esa 2018 yilgi Birinchi ligada 2-o‘rin egasi bilan Oliy liga yo‘llanmasi uchun neytral maydonda o‘ynashi aniq qilib belgilanishi kerak.

2019 yilgi chempionatdan boshlab Oliy ligada 12 ta jamoa to‘p suradi va 12 talik chempionat formati to‘liq kuchga kiradi. Ana shu davrga borib, Birinchi va Ikkinchi ligalar ham to‘liq shakllangan bo‘ladi.

To‘g‘ri, chempionatini ayni ko‘rinishda qoldirilishi, 18-20 ta jamoalik chempionatlar o‘tkazish tarafdorlari ham bor. Bunaqasini ham boshdan o‘tkazganmiz. Ayniqsa 20 talik chempionatda Ja’far Irismetov 45 ta gol urib, uning bu ko‘rsatkichi dovrug‘ qozonib, «Spartak» (Moskva) tarkibiga borib qo‘shilganiyu, YECHLning muhim o‘yinida ishonchni oqlay olmagani ham yodimizda.

Takrorlayman, bizning sharoitda ko‘p jamoali chempionatdan foyda yo‘q, undan ko‘ra, chempionatni ixcham qilib, qizitish kerak. Ikki davralik tizimda 16 talik chempionatda 30 ta, 18 taligida 34 ta o‘yin o‘tkazish mumkin. Men taklif qilayotgan variantda ham bir mavsumda 32 ta o‘yin bo‘lib o‘tadi. Bu ayni paytdagisidan ham ko‘p.

Jamoalarni yanada ko‘proq o‘ynatish kerak bo‘lsa, misol uchun, Oliy liga jamoalari ishtirokida «PFL kubogi»ni ham tashkil etish mumkin. Ushbu kubokning O‘zbekiston kubogidan farqi shundaki, «O‘FF kubogi»da barcha ligalardagi jamoalar ishtirok etsa, «PFL kubogi» faqat Oliy liga jamoalari o‘rtasida o‘tkaziladi. 12 ta jamoa 3 guruhga 4 tadan bo‘linadi va guruhda uy-safar tizimida 6 tadan o‘yin, 3 ta guruh g‘olibi va 2-o‘rin egalari, shuningdek eng yaxshi natijaga erishgan ikkita 2-o‘rin egasi chorak final va yarim finallarda ham 2 tadan o‘yin o‘tkazadi. So‘ng final bo‘lib o‘tadi. Bu har bir jamoaga mavsumda qo‘shimcha yana 6 tadan 11 tagacha o‘yin o‘tkazish imkonini beradi.

Shuhrat Shokirjonov,
jurnalist

Manba: kun.uz
Kiritildi: 23:30, 28.10.2017.
O'qildi: 4072 marta.
Fikrlar: 8 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.