«Manchester Yunayted» bosh murabbiyi Joze Mourinyo JCH-2018 qur’asi natijalari borasida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
RT nashriga bergan intervyusida portugaliyalik mutaxassis e’tiborga molik ko‘plab jihatlar haqida gapirdi.
— Sizningcha, qur’a tashlash marosimi qanchalik qiziqarli chiqdi?
— Qur’a hamisha hissiyotli bo‘ladi. Kimga oson, kimga qiyin bo‘lganini keyinroq muhokama qilamiz. Menga Janni Infantinoning «Futbol - futbol kishilari uchun», degan gaplari yoqdi.
Marosimda haqiqiy futbol afsonalari, jumladan, do‘stim Diyego Maradonaning ishtirok etganini ko‘rish yoqimli bo‘ldi. Uning ajoyib sariq «kapalakcha»sini ko‘p eslab yuramiz.
— Mundialda qaysi guruhlarning o‘yinini kuzatish qiziqarli bo‘ladi va nima uchun?
— Birinchi o‘rinda o‘z klubimda o‘ynaydigan futbolchilarning terma jamoalariga e’tibor qarataman. Men uchun ularning kim bilan, qanday o‘ynashi muhim.
Shuningdek, qanchalik erta qaytishlarini bilish qiziq. O‘zingizga ma’lum, Angliyada mavsum juda erta boshlanadi. Premyer-liga o‘yinlari start olganida, shogirdlarim finalga chiqishgani uchun futbolchisiz qolishni istamayman.
Umid qilamanki, futbolchilarimiz orasida ham jahon chempioni bo‘ladi. Ammo qolganlarning bazaga tezroq qaytishlarini istayman. O‘yinchilarimizning aksariyati «G» guruhidan o‘rin olgan Belgiya va Angliya termalari safida o‘ynashadi.
Aynan ularning o‘yinlarini diqqat bilan kuzataman. Ishonchim komilki, bu jamoalar guruhdan osonlikcha chiqishadi. Shunday ekan, ularning tarkibidan o‘rin olgan futbolchilarimizni ko‘proq kutishimga to‘g‘ri keladi.
— Rossiya uchun qur’a qanday kechdi, deb hisoblaysiz?
— Urugvay, Misr, Saudiya Arabistoni. Menimcha, mundial mezbonlari Afrika qit’asi vakiliga jiddiy e’tibor qaratishlari kerak. Urugvay individual mahorati yuqori bo‘lgan futbolchilardan tashkil topgan kuchli jamoa.
Saudiya Arabistonida «pley-off» uchun kurashda tajriba yetishmaydi. Lekin Misr o‘zini ko‘rsatishga qodir. Tezkor, kreativ va jismonan baquvvat futbolchilar natijaga erishishlari mumkin.
Moskvadagi birinchi o‘yinga tashrif buyurib, Infantinoga omad tilashni istardim. Bir so‘z bilan aytganda, Rossiyaga oson bo‘lmaydi. Chunki guruhda atigi uchta o‘yin o‘tkaziladi. Lekin Saudiya Arabistoniga qarshi uchrashuvda mezbonlar uch ochko olishga majburlar.
— Sizga yaqin bo‘lgan Portugaliya va Angliya termalaridan nima kutyapsiz?
— Portugaliya - Yevropa chempioni. Shuning o‘ziyoq ko‘p narsani anglatib turibdi. Futbolchilar chempionlik uchun da’vogarlar qatorida ekanliklarini tushunishlari lozim.
Angliya esa jahondagi eng yaxshi ligaga ega. Ushbu terma futbolchilari har hafta yuqori saviyada to‘p surishadi. Inglizlarda ajoyib yosh avlod bor. Mazkur jamoa 1966 yildan buyon turnirda g‘olib chiqolmaydi.
Yarim finalda esa oxirgi marta 1990 yilda qatnashgandi. Lekin jamoa bosh murabbiyi shogirdlarining chempion bo‘lishga qodirliklarini aytmoqda. Uning so‘zini ham eshitib ko‘rish kerak.
— Qaysi jamoalar turnir kashfiyoti bo‘lishi mumkin? Favoritlar sifatida qaysi termalarni ko‘rsatasiz?
— Barcha jiddiy jamoalar Yevropa va Janubiy Amerikada. Braziliya va Argentina, Ispaniya va Germaniya, Fransiya va Portugaliya. Ular favoritlar.
O‘yin sifati, tajriba va an’analar ular foydasiga so‘zlamoqda. Belgiya ajoyib tarkibga ega, Angliya haqida ham shu gaplarni aytish mumkin. Yuqorida tilga olingan sakkiz jamoadan birortasi chempion bo‘lishiga ishonchim komil.
— Rossiyadagi jahon chempionati Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu uchun yakun bo‘ladimi? DAVOMI