Kirish Ro'yxatdan o'tish
13/05 00:00 Strasbur 2-1 Mets
13/05 00:00 Klermon 0-1 Lion
13/05 00:00 Nant 1-2 Lill
13/05 00:00 Monpelye 0-2 Monako
13/05 00:00 PSJ 1-3 Tuluza
13/05 00:00 Renn 1-1 Lans
13/05 00:00 Marsel 3-1 Loryan
13/05 00:00 Betis 3-2 Almeriya
13/05 19:00 Surxon 1-1 Dinamo
13/05 19:00 Nasaf 0-0 Bunyodkor
13/05 21:30 Lechche 0-2 Udineze
13/05 23:45 Fiorentina 2-1 Monsa
14/05 00:00 Aston Villa 3-3 Liverpul
14/05 00:00 Barselona 2-0 Real Sosyedad
14/05 19:00 Lokomotiv - OKMK
14/05 22:30 Osasuna - Malyorka
15/05 00:00 Tottenhem - Manchester Siti
15/05 00:30 Real Madrid - Alaves
15/05 01:00 Jirona - Vilyarreal
15/05 22:30 Sevilya - Kadis
15/05 22:30 Rayo Valyekano - Granada
15/05 23:45 Brayton - Chelsi
16/05 00:00 Man. Yunayted - Nyukasl
16/05 00:00 Reyms - Marsel
16/05 00:00 Nissa - PSJ

Loqaydlikka betoqat yulduz – Gonsalu Guedesh

Loqaydlikka betoqat yulduz – Gonsalu Guedesh

Baho:
+ | -

Mavsumni muvaffaqiyatli o‘tkazayotgan «Valensiya»ning jo‘shqin o‘yinlarini kuzatar ekansiz, xayolingizdan bir fikr o‘tishi aniq: dastlabki mavsumdayoq «ko‘rshapalaklar» yetakchisiga aylangan Gonsalu Guedesh nima uchun Parijdagi shohona hayotdan voz kechib, La-ligada bazo‘r ilinib qolgan jamoa sharafini himoya qilishga rozi bo‘ldi?

Ha, qishda Gonsalu di Mariya, Draks­ler, Lukas Moura, Fransiyaning iqtidorli yoshlari hamda parijlik boyvachchalar bilan bahslashish uchun «Barselona»ni tark etgandi.

Poytaxtdagi yarim yil mobaynida futbolchi va uning agenti Jorje Mendesh Parijdan jo‘yali ish chiqmasligini tushunib yetishlari lozim edi. Balki amalda shunday ham bo‘lgandir?!

«PSJ» Guedeshni yangi Ronaldu sifatida xarid qilgan, lekin Gonsalu Krishtianuga xos fazilatlarni namoyish etish o‘rniga, quruq shov-shuvdan boshqa hech narsani amalga oshirmadi.

Ronaldu faoliyatining ilk davridayoq yosh iqtidor sohibining miyasiga yorqin o‘yin­lar dasturini joylay oladigan ijodkor murabbiy va yuksak nufuz hamda cheksiz imkoniyatlarga ega bo‘lgan klub tasarrufiga o‘tgandi.

Guedeshni esa taqdir taktik mashg‘ulotlarida hatto Neymar ham mudrab o‘tiradigan Unai Emeri va «chala bitgan inshoot»ga ro‘para qildi. Bar­qaror ruhiyatga ega bo‘lmagan poytaxt jamoasi 4:0 hisobidagi yirik g‘alabadan so‘ng «Barselona»dan 1:6 hisobida mag‘lub bo‘lgan, murabbiydagi ishtiyoq esa batamom bo‘lmasada, anchayin so‘nib qolgandi.

Tabiiyki, bunday sharoit yuksak marralarni ko‘zlayotgan izzattalab iqtidor sohibi uchun munosib tramplin vazifasini bajara olmadi. Qolaversa, bevosita Gu­edeshning o‘zi bilan bog‘liq o‘ta jiddiy muammo ham berkinmachoq o‘ynashga ishora qilardi.

«Ishdan ko‘ngli to‘lmay qolgan kezlari o‘jar bo‘lib qolardi. Bir kuni bitta nokni kun bo‘yi ko‘tarib yurdi, yeyishdan bosh tortdi. Faqat murabbiylar uni tarkibdan chetlatish bilan qo‘rqitishganidan keyingina mevani yeyishga majbur bo‘ldi», - deya hikoya qilgandi erkaklar futbolidagi kamsonli ayol murabbiylardan biri Elena Koshta.

Katta futbol sari eltadigan tramplinni Guedesh Parijda topdi. «Benfika»da asosiy tarkibga o‘tish bilan bog‘liq masalalarda Jorje Jezushning ko‘rsatmalari asqotar, mutaxassis shogirdiga taktik vaziyatlar mohiyati, to‘g‘ri himoyalanish, qulay pozisiya tanlash sirlarini erinmay tushuntirardi.

Hatto murabbiy almashganida, uni o‘zi uchun noqulay bo‘lgan hujum chizig‘iga o‘tkazishganida ham Gonsaluni zaxiraga o‘tqazib qo‘ymay, o‘z o‘yinini topib olishini kutishgandi.

Ana shunday katta e’tiborga ko‘nikib qolgan futbolchi Parijda sovuq loqaydlikka duch keldi. Hech kim uni Jezushdek qo‘llab-quvvatlamadi, Fergyuson Ronalduga saboq berganidek ustozlik qilishni istamadi. Xullas, Guedesh Parijni ayni paytida tark etdi - Neymar, uning ortidan Mbappe joy olgan jamoada o‘z pozisiyasining 5- yoki 6- nomzodi bo‘lib o‘tirishdan ne foyda? Jorje Mendesh esa mijoziga juda mos variantni tavsiya eta oldi.

So‘nggi paytlarda taniqli agent uchun bozori kasodga uchragan portugaliyalik futbolchi va murabbiylarni tiqishtirish nuqtasiga aylangan «Valensiya» Gonsaluning tashrifiga e’tiroz bildirmadi.

Shuningdek, jamoa yozda o‘zidagi noshudlik va sustkashlikni tag-tomiri bilan qurita oladigan hayotbaxsh vosita - Marselino Toralni safiga qo‘shib olishga muvaffaq bo‘ldi.

O‘ziga xos falsafaga ega bu murabbiy uchun tezlik, to‘pni imkon qadar ildamlik bilan oldingi chiziqqa yetkazish va hujumchilardagi universalizm muhim ahamiyatga ega edi.

Shu bois oldingi chiziqning har ikki qanoti va markazda o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazgan Gonsalu Marselino uslubiga uzukka qo‘yilgan ko‘zdek mos tushdi. Oqibatda, La-ligada «Barselona» va «Real»­ga munosib qarshilik ko‘rsatishga qodir yangi kuch paydo bo‘ldi.

Darhaqiqat, Marselinoning «Valensiya»si Simeonening «Atletiko»sidan o‘zib ketdi. Guedesh esa grand­lar ko‘ngliga g‘ulg‘ula soladigan qudratli kuchga aylandi.

Bir oy ichida amalga oshirilgan kelishuv barchaga manfaat keltirdi. Guedesh ajoyib shaharda muntazam izlanuvchan, shogirdlari bilan alohida suhbatlashish va o‘z uslubi uchun taktik kuzatuvlardan erinmaydigan ijodkor murabbiy qo‘l ostida to‘p surmoqda.

Marselinoning «Valensiya»si avvalgi pragmatik jamoaga umuman o‘xshamaydi: futbolchilarning chiziq bo‘ylab joylashuvida tez-tez uzilishlar ko‘zga tashlanadi, Kondogbiyaning tayanch hududi avvalgidek pand berib turadi. Ammo oldingi chiziq hozirda «ko‘rshapalaklar»ning faxriga aylandi.

Jamoa chempionatning 14ta uchrashuvida 33ta gol urdi! Faqat peshqadam «Barsa» uchta golga oldinda. Muvaffaqiyatning siri shundaki, Marselino shogirdlari hujumni tezkorlik bilan amalga oshiradilar, uzatmalar keskinligi yuqori, orqa chiziqdan uyushtiriladigan reyd­lar ko‘p.

Murabbiy uchun yugurish va tezlik zarbalar sifatidan ham muhimroq. Hujumkorlik samarasi asosan oldingi chiziqdagi kvartet - Guedesh, Rodrigo, Zaza va Soler yoki Pereyraning harakatlariga bog‘liq. Ular navbatma-navbat hujumga tashlanishadi, qulay pozisiyalarda «ochilishadi», uyushqoqlik bilan joy almashib turishadi.

Gonsalu ana shu hujumkor to‘rtlikdagi asosiy tutqich bermaydigan ijrochi. Murabbiy uni oldingi chiziqning barcha nuqtalarida sinab ko‘rdi, Guedeshdagi tezkorlik va dribling hamma pozisiyalarda o‘z samarasini berdi. U o‘zi xush ko‘rmaydigan chap qanotda ko‘proq manfaat keltirishiga murabbiyning ishonchi komil.

Odatda, o‘ng oyoqda o‘ynaydigan futbolchi so‘l qanotda muayyan noqulayliklarga duch keladi. Biroq Marselinoga aynan shu kerak: qisqa vaqt ichida markaziy hududdan o‘tib, to‘pni «ishchi» oyog‘iga o‘nglab olish muhimroq.

Gonsaluning tezkor reydlari raqib himoyachilarini chalg‘itadi, natijada sheriklari oldida bo‘shliq yuzaga keladi. Marselino jamoasining asosiy kuchi ana shunda. «Betis», «Sevilya» va «Real Sosyedad»ning himoya chizig‘i parchalanishida Guedesh bosh rolni ijro etgandi.

Albatta, Gonsaluni zararsizlantirish borasida raqiblar ancha bosh qotirdilar. «Sevilya» ustozi Eduardo Berisso o‘ng qanot himoya chizig‘ida avval Markadoni, keyin Korshyani Guedeshga qarshi qo‘yib, undan ikki metr masofada yurishlarini va Gonsaluning to‘pni qabul qilishiga imkon bermasliklarini uqtirgandi.

Guedesh esa o‘z yo‘nalishini o‘zgartirib, markazdan olg‘a intildi va darvozani zabt etdi. «Leganes»ning himoya chizig‘i ham bu chaqqon yetakchini to‘xtata olmadi. Hozircha Gonsalu o‘z hisobiga 3ta gol va 5ta samarali uzatmani yozib qo‘ydi.

Shunchalik ko‘klarga ko‘tarib maqtanayotgan «yangi Ronaldu» uchun bu ko‘rsatkich yetarli emas, albatta. Biroq ushbu futbolchining tezkor reydlari va hayratomuz kombinasiyalari evaziga «Valensiya» peshqadamni izma-iz ta’qib etmoqda.

Aynan kataloniyaliklar bilan kechgan markaziy bahsda ham Guedesh muhim rol o‘ynadi. «Valensiya»ning sobiq yulduzlaridan bo‘lgan David Albelda dastlabki kunlardayoq Gonsaluning mahoratiga yuksak baho bergandi:

«U yashindek tezkor futbolchi. Ana shu fazilati evaziga nafaqat «Valensiya», balki La-liganing eng samarali o‘yinchisi bo‘lib oldi».

To‘g‘ri, samara ko‘lamini yanada oshirish lozim - Marselinoning hisob-kitoblariga ko‘ra, shohsupaga ko‘tarilish uchun 90 ochko jamg‘arish kerak.

Bu barchaga yaxshi tanish bo‘lgan Ronaldudek yulduz uchun ham anchayin mushkul vazifa, uning yangi izdoshi esa yanada qiynalishi aniq. Guedesh qaytadan gurkirab qad rostlayotgan «Valensiya»da ishtiyoq bilan to‘p surmoqda, ortida ta’qibchilari yo‘q.

Qolaversa, Marselinodek izlanuvchan murabbiyning ko‘magi, diqqat-e’tibori va g‘amxo‘rligidan yetarlicha bahramand bo‘lmoqda.

Shunday ekan, o‘tgan mavsumni jadvalning ikkinchi yarmida yakunlagan, lekin hozir chempionlikka da’vogarlik qilayotgan «Valensiya»dan yanada shiddatliroq parvozni kutib qolamiz.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 19:34, 17.12.2017.
O'qildi: 1798 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.