Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Izzatbek G‘aniyev: «Xorijdagi faoliyatimni davom ettirmoqchiman»

Izzatbek G‘aniyev: «Xorijdagi faoliyatimni davom ettirmoqchiman»

Baho:
+ | -

«Neftchi», «Qo‘qon-1912» va «So‘g‘diyona» kabi klublardagi o‘yinlari orqali tanilgan Izzatbek G‘aniyev ortda qolgan mavsumni Bahrayn chempionatida o‘tkazdi.

Farg‘onalik futbolchi «Al-Hala» jamoasi safida faoliyat olib bordi. Yaqinda muxbirimiz ayni payt oilasi davrasida hordiq chiqarayotgan yarim himoyachini suhbatga tortib, uning kelgusidagi rejalari bilan qiziqdi.

Mazkur intervyu davomida G‘aniyev Bahrayn futboli haqidagi fikrlari va faoliyatini qayerda davom ettirishi xususida gapirdi.

- Izzatbek, futbolga ilk qadamlarni qachon va qayerda tashlagansiz?

- Asli farg‘onalikman. Maktabning boshlang‘ich sinfida o‘qiyotgan kezlarim ota-onam Farg‘onadagi futbol maktabi to‘garagiga olib borishgan. O‘sha yerda millionlar o‘yinidagi ilk ko‘nikmalarni olganman.

Birinchi murabbiyim - Murodil Abdurazzoqov. Ilk bor aynan shu mutaxassis qo‘l ostida shug‘ullanganman. Keyinchalik esa taqdirim «Neftchi» jamoasi bilan bog‘langan.

- Biroq bu klub tarkibida uzoq vaqt ushlanib qolmadingiz...

- Ha, shunday. 2010 yilda «Neft-chi» menga professional shartnoma taklif qildi. O‘sha payt endigina 17 yoshga to‘lgandim. Farg‘ona jamoasi safida bir qator tajribali futbolchilardan ko‘p narsa o‘rgandim.

Lekin Yuriy Sarkisyan «Neftchi»ni tark etgach, aksariyat o‘yinchilar qatori men ham boshqa klubga yo‘l oldim. Dastlab «Qo‘qon-1912», so‘ngra «So‘g‘diyona» tarkibida faoliyat yuritdim.

- Keyin Bahrayn chempionatiga borib, «Al-Hala» a’zosiga aylandingiz. Ushbu klub safida tez-tez maydonga tusha boshlagandingiz...

- Ha, keyinchalik Bahrayn chempionatiga o‘tish imkoni tug‘ildi va «Al-Hala» bilan shartnoma imzoladim. Bu jamoaga ko‘nikishda qiynalmadim. Murabbiy ham muntazam o‘ynash imkonini taqdim etdi.

Chempionat doirasidagi ko‘plab uchrashuvlarda to‘p surib, hattoki, «Muharraq» klubi bilan bo‘lgan bahsda raqib darvozasini ishg‘ol etishga ham erishdim.

- Lekin jamoangiz mavsum yakunida oliy divizionni tark etdi. Bunga nima sabab bo‘ldi?

- «Al-Hala»ning o‘sha muvaffaqiyatsizligiga sabab bisyor. Aslida u yerda yaxshi jamoa shakllanayotgandi. Biroq ko‘plab o‘yinlarda omad va tajriba o‘z so‘zini aytdi va yakunda ikkinchi divizionga tushib ketdik.

So‘ngra rahbariyat klub oldiga yana elitaga qaytish vazifasini qo‘ydi. Asosiy o‘yinchilarni olib qolishga harakat qilishdi. Menga ham yangi shartnoma taklif etishdi. Biroq quyi ligada o‘ynashni istamadim.

- Bahrayn chempionatida ma’lum muddat to‘p surdingiz. U yerdagi shart-sharoit, tashkilotchilik va umuman, futbol atmosferasi bilan yaqindan tanishdingiz. Mazkur birinchilikdan qanday taassurotlar qoldi?

- Menga ushbu mamlakat va uning futboli juda ma’qul keldi. Aksariyat jamoalarda juda yaxshi shart-sharoitlar muhayyo qilingan. Futbolchidan faqat maydonga chiqish va o‘zining nimalarga qodir ekanini ko‘rsatish talab etiladi, xolos.

Tashkilotchilik bo‘yicha hech qanday muammoni payqamadim, chempionat saviyasi ham yomon emas.

- Til borasida muammoga duch kelmadingizmi?

- Bahraynda o‘ynagan paytim bu masalada aytarli qiynalmadim. Sababi, inglizchadan oz bo‘lsada xabarim bor. Ba’zida biror nimani tushunmay qolsam, tarjimon xizmatiga murojaat qilgan vaqtlarim ham bo‘ldi. Lekin jamoadoshlarim va murabbiylar bilan til topishishda umuman qiynalmadim.

- Ilk marta legioner sifatida o‘ynadingiz. Xorijda to‘p surish futbolchiga qanday mas’uliyat yuklashini his etgandirsiz?

- Albatta. Legioner sifatida o‘ynash qiyin. Zero u birinchi galda mahalliy futbolchilardan ajralib turishi, ulardan bir bosh ustun bo‘lishi lozim.

Nafaqat o‘yin payti, balki mashg‘ulotlarda ham boshqalardan ko‘ra ko‘proq ter to‘kishi shart. Xorijda to‘p suradiganlarga oson emasligini o‘z misolimda tushunib yetdim.

- Bahraynda to‘p surgan paytingizda oliy ligani kuzatib bordingizmi?

- Ha, milliy chempionatimizdagi yangiliklar va o‘yinlar natijalari bilan internet orqali tanishib turdim. O‘ylashimcha, ortda qolgan mavsum ancha qiziqarli tarzda kechdi. Ko‘plab uchrashuvlarda kutilmagan natijalar qayd etilgani hayron qoldirdi.

- Endilikda nimalar bilan bandsiz? Yangi mavsumni milliy chempionatimiz jamoalaridan birida o‘tkazasizmi?

- Hozir oilam davrasidaman. O‘zim yakka tartibda shug‘ullanib turibman. Katta ehtimol bilan kelasi mavsumni ham xorij chempionatlaridan birida o‘tkazaman.

Ayni payt bir nechta jamoalardan chorlovlar bor, muzokaralar olib borilyapti. O‘zimga qolsa, faoliyatimni arab mamlakatlaridan birida davom ettiraman.

 InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda. 
Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 19:09, 05.01.2018.
O'qildi: 3506 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.