Kevin de Bryuyne bugungi «Manchester Siti»da mexanizmni harakatga soluvchi motor vazifasini o‘tamoqda. Belgiyalik mallavoy bejiz turli reytinglarda oldingi o‘rinlardan joy olmayapti.
Xususan, ko‘plab tahlilchilar yilning ramziy jamoasi markaziy himoyasiga aynan Kevinni munosib ko‘rishmoqda.
Rossiyaning «Futbol» haftanomasi ham mavsum sarhisobi jarayonidan chetda qolmay, o‘z qarashi bo‘yicha ramziy termani shakllantirdi va superja-moaning markaziy yarim himoyasiga qo‘yilgan Kevin de Bryuyneni alohida e’tirof etdi.
BIOGRAFIYA
Kevin tug‘ilgan Gent shahrida futbolni juda ardoqlashadi. Mallasoch bolakay 6 yoshga yetmay turib, to‘p ortidan yugura boshlaganida shahardagi muhitning ta’siri katta, albatta.
Oradan 2 yil o‘tib, 8 yoshli de Bryuyneni «Gent» akademiyasiga qabul qilishgan, biroq yigitcha keyinroq «Genk» safiga qo‘shilgan. Qahramonimiz Belgiya oliy divizionidagi ilk o‘yinini 2009 yili aynan shu jamoa safida o‘tkazadi. Xavbek navbatdagi mavsumni asosiy tarkibda boshlaydi va darhol Yevropaning ilg‘or klublari nazariga tushadi.
2012 yilga kelib, Kevin «Chelsi» bilan to‘laqonli shartnoma tuzadi, ammo o‘sha vaqtdagi bosh murabbiy Joze Mourinyo nafratiga duch keladi. Aniqrog‘i, portugaliyalik mutaxassis bilan sira kelisholmaydi.
Oqibatda belgiyalik yarim himoyachini «Verder»ga jo‘natishadi - ijara. Asosiysi, de Bryuyne «musiqachilar» ijrosidagi o‘yin ritmiga muammosiz moslashib, 10ta gol urish barobarida 9ta samarali uzatma muallifiga aylanadi. Shu statistikasi natijasida yana diqqat markaziga tushgan futbolchi yakunda «Volfsburg» taklifini qabul qiladi.
«Bo‘rilar» safidagi birinchi mavsum Kevin uchun burilish nuqtasiga aylanadi - Bundesligada eng yaxshi assistent bo‘lgan belgiyalikni chempionatning bosh laureati sifatida e’tirof etishadi. Tabiiyki, «Volfsburg» tobora yorqinroq tovlanayotgan «marvarid»ni uzoq saqlab qololmasdi.
Xullas, de Bryuyne megaklublar nishoniga tushdi. Bu kurashda esa «Manchester Siti» rahbariyati hammadan ildamroq harakatlanib, tarixdagi eng kuchli jamoa tuzishga kirishgan Xosep Gvardiola talabiga muvofiq, belgiyalik ijrochini yana Angliyaga qaytardi. Kataloniyalik mutaxassis aynan o‘yinni nozik tushunadigan futbolchiga ehtiyojmand edi.
Belgiya termasi vakili o‘sha vaqt bejiz «Siti»ning eng qimmatbaho xaridi bo‘lmadi - 74 mln. yevro. Mana, «shaharliklar» joriy mavsum barcha sovrinlarni yutish uchun real imkoniyatga egalar va bunda de Bryuynening ulushi katta. Aytgancha, Kevin yozda mahbubasi Mishel Lakrua bilan nihoyat, nikohdan o‘tdi. Ularda bir yoshli o‘g‘illari ham bor.
SUPERQOBILIYAT
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.