Kirish Ro'yxatdan o'tish
27/12 01:00 Liverpul 3-1 Lester
28/12 00:30 Brayton 0-0 Brentford
28/12 01:15 Arsenal 1-0 Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter
29/12 00:45 Lasio - Atalanta
29/12 16:30 Udineze - Torino
29/12 19:00 Napoli - Venetsiya
29/12 19:30 Lester - Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem - Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas - Sautgempton
29/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem - Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul

«Borussiya» Dortmund reanimatori

«Borussiya» Dortmund reanimatori

Baho:
+ | -

Mantiqqa zid, tafakkur qabul qila olmaydigan voqealar ba’zan futbol olamida ham uchrab turadi.

Taajjubki, mavsum boshidan buyon g‘alaba nima ekanini bilmay kelayotgan «Kyoln» o‘z xaloskori bo‘lmish Peter Shtegerni ko‘chaga chiqarib qo‘ygach, hurriyat sharafiga dastlabki zafarini qayd etdi.

Ha, kayfiyat joyida bo‘lsa, hatto «taka» ham «bo‘ri»ni g‘ajib tashlashga qodir! Ishsiz qolgan Shteger esa Avstriyaga qaytishga majbur bo‘ldi.

Biroq o‘z yurtida onasi bilan bir piyola choy ichishga ulgurmay, yana Germaniyaga yo‘l oldi – Kyolnda yaroqsiz bo‘lib qolgan murabbiyni Dortmundda quchoq ochib kutib olishdi.

Buni qarangki, omadsiz Shteger bilan bog‘liq ikkinchi paradoks ham uzoq kuttirib qo‘ymadi – «chalajon» «Borussiya» D. qatorasiga ikki g‘alabaga erishib, mavqeiga mos o‘ringa ko‘tarilib oldi!

Xo‘sh, ko‘pchilikka notanish bo‘lgan Peter Shteger kim va u Bundesligaga qanday kelib qoldi?

Ma’lumot uchun

Peter SHTEGER

Tug‘ilgan sanasi va manzili: 1966 yil 11 aprel (51 yosh), Vena (Avstriya)

Futbolchilik faoliyatida Avstriyaning «Favoriten», «Forverts», «Fyorst»,  «Austriya», «Tirol», «Rapid», LASK «Admira Vakker» va «Unterzibenbrunn»  klublarida yarim himoyachi sifatida o‘ynagan. Avstriyaning 4 karra chempioni va mamlakat kubogining 4 karra sohibi. Shuningdek, Avstriya milliy jamoasi safida 65 marta maydonga tushib, 15ta gol urgan.

2007-2013 yillar oralig‘ida «Fyorst», GAK,  «Viner-Noyshtadt» va «Austriya» klublarida sport direktori va bosh murabbiy lavozimlarida ishlab, 2 marta Avstriya chempioni bo‘lgan. 2013-2017 yillarda  Germaniyaning «Kyoln» jamoasini boshqardi. 2017 yilning dekabridan «Borussiya» D. bosh murabbiyi.

2013 yilda qarzlar botqog‘iga g‘arq bo‘lgan «Kyoln» o‘z faoliyatini yakunlash, muxlislar esa mustaqil ravishda pul to‘plash bilan uning tarqatib yuborilishiga yo‘l qo‘ymaslik tadorigini ko‘rayotgan edilar. O‘shanda «takalar» ikkinchi ligada risoladagidek to‘p sura olmasdan, autsayderlar safiga tushib qolishgandi.

Ana shu qaltis vaziyatda mutasaddilar avstriyalik Peter Shtegerga ishonch bildirishdi. «Bunga qadar xorijdan ko‘plab takliflar olgan bo‘lsamda, chetga chiqishning iloji bo‘lmagandi. Shu sababli Avstriyada ishlab yurgandim. «Kyoln» varianti yuzaga kelganida esa xorijda ishlash imkoniyatiga ega edim. Shu sababli uzoq o‘ylab o‘tirmadim»,-dedi Peter.

Shtegerning murabbiylik fao­liya­ti qiziqarli va ajablanarli. U o‘z vaqtida sport direktori bo‘lishni orzu qilgan va 2000 yillarda aynan shu vazifada ishlagan. 2004|2005 yillar mavsumida uning «Austriya»si omadsizlikka duch kelib, bosh murabbiy Gyunter Kron­shteyner iste’foga chiqarildi.

Mavsumni yakunlash vazifasini mutasaddilar Peter zimmasiga yukladilar. Shu tariqa Shteger «Austriya»ni boshqara boshladi. Jamoa «Rapid»ni quvib yeta olmagan bo‘lsada, mavsumni kuchlilar qatorida yakunladi.

Oradan yetti yil o‘tgach, Shteger «Austriya»ga chinakam bosh murabbiy sifatida qaytdi va jamoani ortiqcha qiyinchiliklarsiz shohsupaga olib chiqdi. Biroq muxlislar xursandchiligi uzoqqa chOzilmadi - murabbiy «Kyoln» taklifini qabul qildi.

Nemislar Peterdan tashqari jamoaning eng yaxshi to‘purari Filipp Xozinerni ham olib ketishlari oydinlashgach, muxlislar o‘rtasidagi noroziliklar kuchayib ketdi. Oqibatda Shteger Germaniyaga yo‘l oladigan bo‘ldi: «Qayerda bo‘lishimdan qat’iy nazar, men «Austriya» va uning muxlislarini hurmat qilaman.

Shu bois, jamoani Xozinerdan judo qilishga vijdonim yo‘l qo‘ymaydi. Boz ustiga, «Austriya» YECHLda ishtirok etadi». Darvoqe, o‘shanda hujumchi «Kyoln» tarkibiga o‘tdi va suyukli ustoziga sovg‘a sifatida «Gamburg» darvozasini ishg‘ol etdi. Ammo u avvalgi Filipp emasdi: 2015 yilning qishida saraton xastaligi tufayli jarrohlar uning buyragini olib tashlashdi. Shteger esa «takalar»­ni haqiqiy serkadek boshqarib, elitaga olib chiqdi.

Ammo kuchlilar safida muammolarga duch kela boshladi: 2014|2015 yillar mavsumining dastlabki 4 uchrashuvidan 3tasini jamoa nursiz duranglar bilan yakunladi. Shundan keyin muxlislar bosh murabbiyni tanqid qila boshladilar. U esa omadsizlikda aybi yo‘qligini isbotlashga urindi: «Agar e’tibor bersangiz, so‘nggi 15 yil ichida jamoa 5 marta Bundesligadan tushib ketdi.

Saviyali futbolchilarning yetishmasligi oqibatida biz hujumkor tarkibni shakllantira olmayapmiz». Shtegerning qanchalik haq ekani tez orada ma’lum bo‘ldi: «Kyoln» mavsumni ortiqcha muammolarsiz yakunladi, uning himoya chizig‘i ishonchlilik bobida Bundesligada beshinchi natijani qayd etdi. Biroq eng g‘aroyib voqealar hali oldinda edi.

- Himoyada harakatlanish hujumdagidek qiziqarli emas. Ammo bizga hozir hammasidan ko‘ra natija muhimroq!, - Peter aynan shu aqidaga amal qilgan holda ishlay boshladi. Albatta, ba’zan himoyalanish hujum qilishga qaraganda qiyinroq bo‘lardi. Lekin murabbiy o‘z shogird­lari qalbida ishtiyoq cho‘g‘ini alangalata oldi.

Har bir uchrashuv arafasida va o‘yindan keyin futbolchilar bilan doira tashkil etish va ularni jangga chorlash Shteger uchun an’anaga aylandi. Natijada chinakam mo‘’jiza bo‘y ko‘rsata boshladi: 2016|2017 yillar mavsumini ko‘tarinki kayfiyatda boshlagan «takalar» ketma-ket g‘alabalar evaziga ikkinchi o‘ringa chiqib olishdi.

Biroq dekabrga kelib uzoq davom etgan pasayish davri boshlandi: jamoa qatorasiga 6ta uchrashuvni mag‘lubiyat bilan yakunlab quyi pog‘onalarga tushib ketdi. Jamoani «uyg‘otish» lozimligini tushungan murabbiy yana o‘ziga xos nostandart qaror qabul qildi. Ya’ni ikkinchi davraga puxta tayyorgarlik ko‘rishni maqsad qilganlar issiq o‘lkalarga jo‘nab ketishdi. Peter esa shogirdlarini Kyolnda olib qoldi.

- Raqiblarimiz Germaniyaga qaytishgach, bu yerdagi sovuq iqlimga moslashish uchun ortiqcha kuch sarflab, vaqtdan yutqazishadi. Biz esa izg‘iringa chiniqqan va kurashga chanqoq holda maydonga tushamiz, - deb izoh bergandi murabbiy bu antiqa rejasiga.

Darhaqiqat, 2017 yilning dastlabki bellashuvlarida «takalar» «bo‘rilar»dan ustun keldilar, «Darm­shtadt» parchalab (6:1) tashlandi! Mavsum yakunida «Kyoln» uzoq yillardan beri ilk marta YEL yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. 20 may kuni jamoa «Mayns» ustidan 2:0 hisobida ishonchli g‘alabaga erishgandi.

Muxlislar o‘sha kuni Shtegerga qo‘shiq orqali murojaat qilishdi: «Bizning Vengerimiz bo‘lib qol!» Samimiy mulozamatdan murabbiyning ko‘ngli tog‘dek ko‘tarilgan bo‘lsada, xolis baho berish qobiliyatini yo‘qotib qo‘ymadi: «Murabbiy hayoti turli bos­qichlardan iborat.

Bunga biz «Borussiya» M.dagi Yulius Shubert misolida yaqqol ishonch hosil qildik. Bugun sen qahramonsan, lekin ertaga seni ko‘chaga chiqarib qo‘­yishlari hech gap emas. Shunday ekan, doimo har qanday vaziyatga tayyor turishing shart!

Ajabo, nahotki o‘sha quvonchli pallada «Kyoln»dagi oxirgi g‘alabasini nishonlayotgani murabbiyning ko‘ng­lidan o‘tgan bo‘lsa? Oradan yetti oy o‘tgan bo‘lsa hamki, uning sadoqatli shogirdlari g‘alaba nima ekanini bilmay kelishdi, chempionatdagi barcha antirekordlar yangilandi, jamoa YELdan juda barvaqt chiqib ketdi.

Oqibatda muvaffaqiyatsizlikdan ke­yin yuz berishi muqarrar bo‘lgan voqea amalga oshdi - 3 dekabr kuni Peter Shteger iste’foga chiqarildi. «Ortda qolgan yillar davomida shahar va jamoa muxlislari qalbimdan joy olishdi. Imkoniyatga ega bo‘lishim bilan Kyoln­ga albatta kelaman!», - degancha jamoa bilan xayrlashgan mutaxassis ona shahri - Venaga uchib ketdi.

Nihoyat, o‘z uyida onasi bilan xotirjam choyxo‘rlikka imkon tug‘ildi. Biroq nogahoni qo‘ng‘iroq barchasini chippakka chiqardi. «Kechqurun yarim soatcha onam bilan diydorlashgandim. Shoshilinch tarzda Dortmundga uchishimga to‘g‘ri keldi. Shu bois volidam bilan bafurja suhbatlashish imkoni bo‘lmadi.

To‘satdan yuz bergan o‘zgarish uni ranjitmadi, aksincha, onam mendan juda mamnun ekanligini izhor etdi. Chunki endi «Borussiya»dek grand jamoani boshqaraman!» - dedi Shteger Dortmunddagi taqdimot marosimida.

Ha, boshi berk ko‘chaga kirib qolgan nomdor jamoa aynan Peterdek reanimator ko‘magiga muhtoj edi. Himoya chizig‘idagi nosozliklarni faqat Shteger bartaraf etishi mumkinligini nihoyat tushungan mutasaddilar vaqt­ni boy bermadilar.

Natijada autsayderni qoniqtirmagan mutaxassis rahbarligida «Borussiya» ikkita uchrashuvda yuz foizlik natija qayd etib, nufuziga mos o‘ringa ko‘tarilib oldi.

Qizig‘i, shundaki, Shtegerning iste’fosi «Kyoln»ga ham qo‘l keldi - «Alyans Arena»dagi mag‘lubiyat (0:1) uchun «takalar»ni ayblashga til aylanmaydi, «bo‘rilar»dan tortib olingan uch ochko esa mavsumdagi dastlabki g‘alabaning mahsuli bo‘lgani uchun qadr­lidir.

Mazkur ajabtovur o‘zgarishlar Bundesliga reanimatorining amaldagi va sobiq jamoasi natijalarini diqqat bilan kuzatishga da’vat etadi.

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 18:18, 06.01.2018.
O'qildi: 2385 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.