“LOKOMOTIV”
Jamoa yangi mavsumga tayyorgarlikni 2017 yilning 24 dekabrida, o‘z qarorgohida boshlagan. Ayni paytda Toshkentda mashg‘ulotlar olib borayotgan futbolchilar ertaga yig‘inni xorijda davom ettirish uchun BAAning Dubay shahriga jo‘nab ketishadi.
Klub bilan shartnomasi yakunlangan Olabiran Blessing, Muhammad Kone, Sherzod Fayziyev va Bobir Davlatovga ruxsat berilgan. Ayni paytda Farhod Bekmurodov kabi bir qator futbolchilar ko‘rikdan o‘tishmoqda. “Paxtakor” a’zosi Sherzod Karimov ham yangi mavsumni “temiryo‘lchilar” tarkibida davom ettirishni lozim topgan. Mavsum boshlangunga qadar turli amplualarga besh nafar tajribali futbolchilarni tarkibga qo‘shish ko‘zda tutilgan.
Jamoa yangi mavsumda JOMA brendi ostidagi oq va qizil sport kiyimlarida maydonga tushishni rejalashtirmoqda.
“PAXTAKOR”
Shota Arveladze shogirdlari yangi mavsumga tayyorgarlikni bira-to‘la xorijda boshlashni afzal bilishdi va 3 yanvarda Turkiyaning Belek shahriga safar etishdi. Yig‘in doirasida 7 yanvarda "Turgutluspor" (Turkiya, 3-liga), 11 yanvarda "Shanliurfaspor" (Turkiya, 2-liga), 15 yanvarda "Partizani" (Tirana, Albaniya Superligasi) va 20 yanvarda "Vardar" (SkopYE, Makedoniya yuqori ligasi) klublari bilan nazorat uchrashuvlari o‘tkazish rejalashtirilgan. Jamoa 21 yanvar kuni Turkiyadan qaytgach, tayyorgarlikning ikkinchi bosqichini Toshkentda davom ettiradi. Navbatdagi yig‘inlar jamoaning 30 yanvar kuni Qatar mamlakatining Doxa shahrida bo‘lib o‘tadigan Osiyo Chempionlar ligasi pley-offining “Al-Garafa” klubiga qarshi uchrashuvidan so‘ng ma’lum bo‘ladi.
Jamoani Sherzod Karimov (“Lokomotiv”), Igor Sergeev (“Al-Dafra” BAA), Davron Hoshimov, Javohir Sohibov, Behruz Sa’dillayevlar tark etishdi. Vladimir Kozak, Aleksandr Lobanov, Azim Ahmedov, Akbar Ismatullayev, Jamshid Iskanderov bilan shartnoma muddatlari yakunlangan va qayta shartnomalar imzolangan. Shuningdek, Bahrom Abdurahimov, Dilshod Rahmatullayev, Farruh Sayfiyev, Akmal Shorahmedov, Husniddin G‘ofurovlar bilan ikki yillik bitimlar tuzilgan.
Futbolchilar “Adidas” brendida, avvaldagidek, sariq-ko‘k va oq rangli formalarda to‘p surishi hal etilgan.
“BUNYODKOR”
Mirjalol Qosimov ustozligidagi jamoa dastlabki o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini 2017 yilning 22 dekabrida, klub qarorgohida boshlagan. Yig‘inlar to‘rt bosqichda rejalashtirilgan bo‘lib, ikkinchi yig‘in Toshkentda, 3 yanvarda boshlangan va 30 yanvargacha davom ettiriladi. Uchinchi yig‘in xorijda, 1-15 fevral kunlari BAAning Dubay shahrida tashkillashtiriladi. So‘nggi yig‘in esa 17 fevraldan to mavsum boshlangunga qadar Toshkentda davom etadi.
“Bunyodkor” FK bilan shartnomasi yakunlangan Otabek Shukurov BAAning “Sharja” klubiga o‘tdi. Shuningdek, shartnomasi tugagan xorijlik Vadim Chemirtan ham jamoani tark etgan. Ayni paytda jamoa bilan shug‘ullanayotgan futbolchilardan Murodjon Zuhurov, Javlon Ibrohimov, Shahzodbek Nurmatovlarning ham shartnomalari yakunlangan. Shu kunlarda ular bilan yangi bitim imzolanishi kutilmoqda. Qolaversa, klub murabbiylar shtabida bir nafardan yarim himoyachi va hujumchi taklif etish rejasi ham bor.
“Bunyodkor” 2018 yilda ham Germaniyaning JAKO kompaniyasi liboslarida harakat qiladi. Jamoa liboslari oq va to‘q ko‘k ranglarda bo‘ladi.
“MASH’AL”
Futbolchilar o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini 5 yanvarda Yangiyerda boshlashdi. Yangi bosqichga tayyorgarlik yig‘ini ikki bosqichda o‘tishi belgilangan. Dastlabkisi 5-20 yanvar kunlari Yangiyerning o‘zida, ikkinchisi 25 yanvardan 11 fevralgacha Farg‘onada.
Ayni paytda Zohir Qo‘ziboyev, Kenja To‘rayev, Umid Matmusayev, Tomoki Muramatsu, Shaxzod Shaymanov va Igor Timanyuklar jamoa yig‘inida ishtirok etishmayapti, ammo ular rasman jamoani tark etishganicha yo‘q. Yangilardan Akram Baxriddinov va Muxsin Ubaydullayev bilan shartnoma imzolangan. Shuningdek, mashg‘ulotlarda 15 nafarga yaqin ko‘rikdan o‘tayotganlar bor.
8 yanvarda “Qo‘qon-1912”, 13 yanvarda Qozog‘iston klublaridan biri, 17 yanvarda “Navbahor”, 18 yanvarda esa “So‘g‘diyona” jamoalari bilan o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushish rejalashtirilgan.
Futbolchilar yangi mavsumda “Patrik” firmasining oq, ko‘k va sariq ranglardagi sport kiyimlarida harakat qilishi ko‘zda tutilmoqda.
“QO‘QON-1912”
Jamoa yangi yilga qadar ilk yig‘inini o‘z qarorgohida o‘tkazgandi. Navbatdagi yig‘in 4 yanvar kuni Toshkentda boshlandi. To‘rt bosqichdan iborat tashkil etiladigan yig‘inlarning qolganlari Farg‘ona va Toshkent shaharlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 8 yanvarda “Mash’al”, 14 yanvarda “Navbahor”, 23 yanvarda esa “Buxoro” klublari bilan nazorat uchrashuvlari o‘tkazilishi belgilangan. 18 yanvarda ham bitta o‘rtoqlik o‘yini o‘tadi, biroq raqib nomi hozircha ma’lum emas.
F.Rayevas, N.Ribkin, A.Sidorovning ijara muddati tugadi va ular “Paxtakor”ga qaytishdi. Hozircha hech kim bilan shartnoma tuzilmadi.
Ayni paytda jamoa tarkibida Davron Hoshimov (“Paxtakor”), Bahodir Pardayev (J.Koreya), O‘tkir Yusupov (“Neftchi”), Igor Taran (“Sho‘rtan”), Muzaffar Abdullayev (“So‘g‘diyona”) kabi futbolchilar ko‘rikdan o‘tishmoqda. Mavsum boshlangunga qadar tarkibga ikki nafardan darvozabon, yarim himoyachi va hujumchi hamda bir nafar himoyachi taklif etishga ehtiyoj bor.
Jamoa yangi mavsumda qanday sport kiyimida maydonga tushishi hozircha ma’lum emas.