Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Til masalasi yoxud nima uchun «Olmaliq» AGMKga aylandi?

Til masalasi yoxud nima uchun «Olmaliq» AGMKga aylandi?

Baho:
+ | -

O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kunni yaxshi eslayman. Maktabda, hammaning oldida e’lon qilingandi. Xursand bo‘lganman.

Ammo ahamiyatini to‘liq tushunganman, deb ayta olmayman. Chunki, endigina 9 yoshda edim. Bo‘lib o‘tgan voqea esa ulkan va tarixiy ahamiyati jihatidan ming yillarga tatigulik ediki, o‘sha vaqtda ko‘lamini his qila olmaganman.

Balki, hozirgacha his qilmasman. Ammo mana shu chala-yarim tushuncham bilan ham faxrga to‘lganim rost. O‘zbekistonlikman, axir.

Shundan buyon ko‘p suvlar oqib o‘tdi. O‘tgan hafta «Olmaliq» futbol klubining nomi o‘zgardi - endi uni AGMK deb ataymiz. Bu qisqartma so‘z, uzaytirganda esa taxminan shunday bo‘lsa kerak - «Almalikskiy gorno-metallurgicheskiy kombinat». Nima uchun taxminan?

Chunki kompyuterimda ruscha harf terib bo‘lmaydi, faqat o‘zbekcha va inglizcha. O‘zbekcha - tushunarli, ingliz tili esa xalqaro til. Boshqasiga hech ehtiyoj bo‘lmagan. Shunday ekan, modomiki, xato qilgan bo‘lsam, uzr.

Garchi odatda o‘zbek tilida xato yozganda uzr so‘rashmasa hamki, men o‘zimga buni ep ko‘rmadim. O‘zbekchada qanaqa yozishgani haqida esa quyiroqda gaplashamiz. Hozir yana AGMK masalasiga qaytsak...

Xullas, «O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili haqida»gi Qonuni qabul qilinganidan so‘ng 29 yil o‘tib O‘zbekiston chempionatida AGMK deb atalmish klub ishtirok etadi. OTMK emas, aynan AGMK. Kim va nimaga asoslanib bunday qaror qabul qilinganini bilmayman, ammo hujjat ishlari allaqachon taxt qilib qo‘yilgan. Endi orqaga qaytarish juda qiyin.

Balki o‘tgan vaqtni sarhisob qilar bo‘lsak, bu juda katta fojia emasdir. Chunki undan-da fojialiroq bo‘lgan holatlar yetarli. Masalan, ko‘plab tashkilotlarda hozirgacha hujjat ishlari Davlat tilida yuritilmaydi. Biror joyga Davlat tilida ariza ko‘tarib borsangiz, qosh chimirib, ensa qotiradiganni o‘zingiz ham necha martalab ko‘rgansiz.

Shunday ekan, O‘zbekiston chempionatida Almalikskiy gorno-metallurgicheskiy kombinat jamoasi ishtirok etsa nima qilibdi? Kim bunga qarshi bo‘ladi? O‘zbekiston futbol federasiyasimi? Yoki Professional futbol ligasimi? Qaysi O‘FF va PFL haqida gapiryapmiz, o‘tgan hafta yangi mavsum reglamentini rus tilida chiqargan tashkilotmi?

Nima uchun O‘zbekiston chempionatida ishtirok etadigan jamoa nomi o‘zbek tilida emasligini ular aytsinmi? Masalan, «Qo‘qon-1912» klubining rasmiy sayti nomi www.kokand1912.uz bo‘lib kelmoqda. Ammo bundan kimga qanday og‘irlik tushdi?

Aytishlaricha, «Olmaliq»ni AGMK deb nomlashda hech qanday qonunbuzarlik yo‘q ekan. Balki. Nomni qabul qilishdan avval huquqshunoslar bilan obdon maslahatlashilgan bo‘lsa kerak. Shunday ekan, qonunchilik borasida biror e’tiroz bildirish niyatimiz ham yo‘q. Ammo bu dunyoda qonundan tashqari axloq me’yori ham bor emasmi? Milliy g‘urur-chi? O‘ziga nisbatan hurmat-chi?

Boshqalardan hurmat talab qiladigan inson, avvalo, o‘zini hurmat qilishi shart. Buni birinchi bo‘lib men aytmayapman va shunchaki balandparvoz gap ham emas.

Qolaversa, bu naqlni bir insonmas, butun boshli millatga ham qo‘llasa bo‘ladi. Ammo faqat o‘zimdan kelib chiqib gapirmoqchiman-ki, kimningdir izzat-nafsiga tegib ketmayin. Agar bo‘lsa, albatta...

Bu masalaga avval ham ko‘p to‘xtalganman. Bizda - O‘zbekistonimizda nafaqat tashkilot yoki futbol klublari, balki aksariyat kishilarning ism-sharifi ham to‘g‘ri yozilmagan. Kimningdir nomini yozib, masalani chuqurlashtirmaslik uchun yana «falonchi» va «fismadonchi»dan kelib qo‘ya qolamiz.

100 yil oldin «Falonchijon» yoki «Fismadonchixon» bo‘lganlar hozir «Palanchidjan» va «Pismadanchixan»ga aylangan. DAVOMI

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 11:19, 15.01.2018.
O'qildi: 4218 marta.
Fikrlar: 7 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.