Toshkentning «Lokomotiv» jamoasi yangi mavsumga tayyorgarlikni BAAning Dubay shahrida davom ettirmoqda. Ikki karra O‘zbekiston chempioni yig‘in doirasida bir nechta nazorat o‘yinlarida ham maydonga tushyapti.
Shuningdek, «Lokomotiv» rahbariyati 2018 yilgi mavsum oldidan o‘z tarkibini mahoratli futbolchilar bilan to‘ldirishda davom etmoqda. «Temiryo‘lchilar» so‘nggi yillarda Serbiya chempionatida faoliyat olib borgan yarim himoyachini o‘z safiga qo‘shib olib, u bilan ikki yillik shartnoma imzoladi.
G‘ofurov yangi jamoasida 19-raqam ostida harakat qiladi. Biz Dubayga yetib kelgan Husniddin bilan bog‘lanib, undan intervyu oldik.
- Husniddin, transferingiz qay tarzda amalga oshdi?
- Bu osonlikcha ro‘y berdi, deyolmayman. O‘ziga yarasha qiyinchiliklari bo‘ldi. Boisi, menda boshqa takliflar ham yetarli edi. Ana shu takliflarni obdon o‘rganib chiqqach, «Lokomotiv»ni tanladim.
- Serbiya klubi bilan shartnomangiz yakunlangandimi? Ular osonlikcha qo‘yib yuborishdimi?
- Bitim muddati hali yakuniga yetmagandi. Lekin biz klub rahbariyati bilan o‘zaro kelishgan holda shartnomani bekor qildik.
- «Lokomotiv» variantini tanlashingizda qaysi omil asosiy sabab bo‘lib xizmat qildi?
- Variantlar orasida «Lokomotiv» eng ideali. Vaholanki, boshqa xorij klubida ham paydo bo‘lishim mumkin edi.
- «Lokomotiv»dan tashqari yana qaysi jamoa haqida ko‘proq o‘yladingiz?
- Endi bu haqda gapirish befoyda bo‘lsa kerak. Kamida Serbiyada qolardim.
- Yangi klubingizda raqobat juda kuchli bo‘ladi. Bu haqda ham o‘ylab ko‘rdingizmi?
- Men raqobatdan qo‘rqmayman. Aksincha, uning borligidan hamisha xursand bo‘lganman.
- «Lokomotiv» bosh murabbiyi bilan gaplashdingizmi? U sizning zimmangizga qanday talablar yukladi?
- Kuni kecha «Lokomotiv» ixtiyoriga yetib keldim. Mirko Yelichich bilan gaplashdim. Lekin hali vazifa yuklatilmadi. Hozircha umumiy mashg‘ulotda ishtirok etyapman.
- Har holda 5 yilga yaqin Serbiyada o‘ynadingiz. Mashg‘ulotlarda farq sezdingizmi?
- 2-3 kunda farq bilinsa kerak. Hozircha o‘zim bilgan umumiy mashg‘ulotlarda qatnashyapman.
- Serbiyada o‘tgan yillaringiz haqida umumiy fikr bildirsangiz.
- Men bu onlarni uzoq vaqt eslab qolaman. Faoliyatimdagi yorqin damlar Serbiya chempionatida o‘tdi, deb bemalol ayta olaman. U yerda juda yaqin insonlarim bor. Albatta, vaqt topildi deguncha Serbiyaga boraman.
- Adashmasak, mahalliy tilni ham yaxshigina o‘zlashtirib olgandingiz?
- Ha, xuddi shunday. Bu menga «Lokomotiv»da ham asqotyapti. Bosh murabbiy bilan serb tilida gaplashyapmiz.
- Sizni Yelichichning shaxsan o‘zi taklif qildimi?
- Ochig‘i, buni bilmayman. Agentlar menga «Lokomotiv»dan taklif bo‘layotganini aytishgandi.
- Agentingiz yevropalik edi. U mazkur jarayonda ishtirok etdimi?
- Ha, qatnashdi.
- O‘zbek futbolidagi o‘zgarishlarni kuzatib boryapsizmi?
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.