Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

U-23 OCH final. Vyetnam - O‘zbekiston. Prevyu

U-23 OCH final. Vyetnam - O‘zbekiston. Prevyu

Baho:
+ | -

Bugun O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi Osiyo chempionati finalida Vyetnamga qarshi maydonga tushadi. Har ikki terma jamoa finalga qadar bir qator kuchli raqiblar to‘sig‘idan o‘tishga muvaffaq bo‘lishgan.

Vyetnam terma jamoasi musobaqadagi ishtirokini "D" guruhida boshlagandi. Bu Tyen Dung shogirdlari guruhning dastlabki o‘yinida Janubiy Koreyaga 2:1 hisobida mag‘lub bo‘lishdi. Biroq keyingi turda sensasion tarzda Avstraliya terma jamoasi 1:0 hisobida taslim etishdi.

Guruhdagi uchinchi o‘yinda Suriya terma jamoasi bilan 0:0 hisobida durang qayd etgan vyetnamliklar 4 ochko bilan pley-off bosqichiga chiqishga muvaffaq bo‘lishdi.Agar so‘nggi turda Avstraliya Janubiy Koreya bilan durang o‘ynaganda ham, Vyetnam guruhda qolib ketgan bo‘lardi.

Chorak finalda Vyetnam terma jamoasi Iroqqa duch keldi. Asosiy vaqtdagi 3:3 hisobidan keyin penatltilar seriyasida omad Sharqiy Osiyo terma jamoasiga kulib boqdi - 5:3.

Yarim finalda Qatarga qarshi kechgan dramatik o‘yinning asosiy vaqti ham 2:2 hisobidagi durang bilan yakunlandi. Penaltilar seriyasida yana omad Vyetnam tomonda bo‘ldi - 4:3.

O‘zbekiston OTJ o‘z ishtirokini "A" guruhida boshlab, dastlabki turda Qatarga 1:0 hisobida imkoniyatni boy berdi. Keyin esa Xitoy va Ummon terma jamoalari bir xil 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratildi.

Chorak finaldan boshlab Ravshan Haydarov shogirdlari butunlay boshqacha o‘yin namoyish qilishni boshlashdi. Dastlab Yaponiya javobsiz 4ta gol qabul qilib olgan bo‘lsa, keyin Janubiy Koreya terma jamoasi darvozasiga ham 4ta gol kiritildi.

Mutaxassislar finalda O‘zbekiston terma jamoasini favorit sifatida e’tirof etishmoqda. Ammo Vyetnam ham bejizga finalga yetib kelmaganini isobtlashga urinishi aniq.SHu sababli o‘yin ancha qiziqarli kechishi kutilmoqda.

U-23 Osiyo chempionati finalidan oldin terma jamoamizning yetakchi futbolchilar haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tishga qaror qildik. 

Zabihullo O‘rinboyev. 1995 yil 30 mart kuni Toshkent shahrida tavallud topgan. O‘zbekiston Davlat Jismoniy tarbiya institutini tamomlagan. Faoliyatini "Bunyodkor" klubida boshlagan. 2017 yildan beri "Paxtakor" klubi a’zosi.

Zabihullo terma jamoamiz sardori sifatida har bir o‘yinda jamoadoshlarini oldinga boshlashga, o‘yin davomida ularning ruhiyatini ko‘tarishga harakat qilmoqda. Janubiy Koreyaga qarshi o‘yinda dastlabki golni kiritib, musobaqadagi gollari sonini ochishga muvaffaq bo‘ldi. Bugungi final o‘yinida ham Zabihullodan gol kutib qolamiz.

Dostonbek Hamdamov. 1994 yil 24 iyul kuni Toshkent viloyatida tug‘ilgan. O‘zbekiston Davlat Jismoniy tarbiya instituti talabasi. 2014 yildan beri "Bunyodkor" futbol klubida to‘p surib keladi. 2015 yil Osiyoning eng yaxshi yosh futbolchisi sifatida e’tirof etilgan.

Dostonbek Hamdamov terma jamoamiz tarkibida maydon markazini mustahkamlashda juda katta hajmdagi ishni amalga oshirmoqda. Raqibga pressing uyushtirishda ham juda faol. Yaponiyaga qarshi kechgan chorak finalda aynan pressing evaziga himoyachini xato qilishga majbur etib, terma jamoamizning ikkinchi golini kiritishga muvaffaq bo‘lgandi.

Javohir Sidiqov. 1996 yil 8 dekabr kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. O‘zbekiston Davlat Jismoniy tarbiya instituti talabasi.   Faoliyatini “Paxtakor” klubida boshlagan. 2016 yildan beri “Qo‘qon-1912” futbol klubi a’zosi.

Javohir Sidiqov ushbu musobaqada terma jamoamizning haqiqiy “javohir” futbolchisi bo‘lmoqda. Uning ajoyib paslari raqib himoyachilarini dog‘da qoldirib, terma jamoamiz futbolchilarini darvozabonlar bilan birga-bir vaziyatga olib chiqib qo‘ymoqda. Janubiy Koreyaga qarshi kechgan yarim finalda aynan Sidiqovning pasidan keyin Zabihullo O‘rinboyev hisobni ochishga muvaffaq bo‘lgandi.

Jasur Yaxshiboyev. 1996 yil 24 iyun kuni Toshkent viloyatida tug‘ilgan.  O‘zbekiston Davlat Jismoniy tarbiya instituti talabasi.  2015 yildan beri “Paxtakor” futbol klubi a’zosi.

Jasur Yaxshiboyev Xitoyda bo‘lib o‘tayotgan Osiyo chempionatining kashfiyotlaridan biri bo‘ldi. Ushbu futbolchining o‘ng qanotdagi hujumkor harakatlari, driblinglari ko‘plab muxlis va mutaxassislarning e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Eng muhimi Jaur Yaxshiboyev juda muhim gollari bilan terma jamoamizning g‘alabasiga o‘z hissasini qo‘shib kelyapti. U chorak finalda Yaponiya darvozasini ikki marta ishg‘ol qilib, dublga erishdi. Yarim finalda esa Janubiy Koreya darvozasiga terma jamoamizning uchinchi golini kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Bugun Jasurdan ham gol kutib qolamiz.

Eslatib o‘tamiz, U-23 Osiyo chempionati finalidan o‘rin olgan Vyetnam – O‘zbekiston uchrashuvi Toshkent vaqti bilan soat 13:00da boshlanadi. Final o‘yinini "Sport" telekanali jonli efirda namoyish etadi.

Manba: www.the-uff.com
Kiritildi: 11:33, 27.01.2018.
O'qildi: 5481 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.