Osiyo chempionlar ligasining 2-turini Toshkentning "Lokomotiv" klubi safarda o‘tkazdi. "Temiryo‘lchilar" Eronda "Zob Ohan" mehmoni bo‘lib, imkoniyatni boy berdi.
Toshkentliklar ilk daqiqalardan Isfahonga hujumkor o‘yin namoyish qilib, g‘alaba qozonish uchun tashrif buyurishganini namoyish eta boshlashdi. Mehmonlar tomonidan qo‘llanilayotgan yuqori pressing Amir G‘alinoiy shogirdlariga ancha muammo yaratdi. Birinchi bo‘lim tugashiga 5 daqiqa qolganida "Lokomotiv" hisobni ochishga juda yaqin keldi. Maydon egalari burchak zarbasini amalga oshirgan paytda vakillarimiz to‘pni egallab, tezkor qarshi hujumga o‘tishdi. Bikmayev maydon markazidan raqibning 2-3 nafar himoyachisini aldab o‘tib ketdi va jarima maydonchasiga kirayotgan To‘xtaxo‘jayevga uzatma berdi. Butun maydonni katta tezlikda bosib o‘tgan Islom, afsuski, kuchli zarba bera olmadi. Eronlik posbon to‘pni egallab oldi.
Ikkinchi bo‘limning starti "Zob Ohan" uchun omadli keldi. Jarimadan yetkazilgan uzatmani Murtazo Tabriziy bosh bilan yaqin masofadan darvozamizga joylab qo‘ydi. Bu isfahonliklarning bahsdagi ilk xavfli vaziyati edi va ular bundan samarali foydalanishdi.
O‘yinning 67-daqiqasida "Zob Ohan" himoyachisi o‘z jarima maydonchasi ichida Ikrom Aliboyevni ochiqchasiga chalib yiqitdi. Ammo hakam penalti belgilashga jazm etmadi.
Toshkentliklar ko‘p vaziyatlarda olis masofalardan zarbalar yo‘llashdi. Ammo zarbalarning aksariyati noaniq chiqqanini ta’kidlash lozim.
Qo‘shib berilgan daqiqalarda navbatdagi standart vaziyat "Zob Ohan"ga omad keltirdi. Burchakdan yetkazilgan uzatmani qaytarishda Cho Sun Je qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi. Muhammadrizo Husayniy esa ushbu "sovg‘a"dan unumli foydalanib, yaqin masofadan darvozani ishg‘ol etdi.
Shu tariqa, tengma-teng kechgan o‘yinda maydon egalari standartlardan samarali foydalanishdi, hakam "Loko" foydasiga yaqqol penalti belgilamadi, natijada "Zob Ohan" o‘z uyida g‘alaba qozondi.
OCHL, "V" guruhi, 2-tur
"ZOB OHAN" - "LOKOMOTIV" 2:0 (0:0)
Gollar: Mustafo Tabriziy (47), Muhammadrizo Husayniy (90+2)
Ogohlantirishlar: Ikrom Aliboyev (37), Oleg Zoteev (72)
“Zob Ohan”: 12.Muhammad Rashid Mazaxiriy, 34.Milad Faxriddin (Muhammad Sattoriy 73), 88.Hamid Buhamdam, 6.Holid Shafeiy, 2.Muhammad Najadmahdiy, 7.Sayid Muhammad Riza Xusayniy, 8.Qosim Hadodifar (Mahdi Rajabzoda 79), 11.Murtazo Tabriziy (Vohid Muhammadzoda 90+1), 99.Kiros, 10.Baxtiyor Rahmoniy.
"Lokomotiv": 1.Ignatiy Nesterov, 4.Bobur Yo‘ldoshev, 5.Kaxi Maxaradze, 7.Sadriddin Abdullayev (Sanjar Shoahmedov 79), 8.SHerzod Karimov (Sardor Rashidov 67), 9.Ikrom Aliboyev, 10.Marat Bikmayev, 15.Sardor Mirzayev, 20.Islom To‘xtaxo‘jayev, 28.SHuhrat Muhammadiyev, 33.Oleg Zoteev (CHo Suk Je 88).