«Roma» va Italiya terma jamoasining sobiq o‘yinchisi Franchesko Totti Moskvaga tashrif buyurdi. Bundan unumli foydalangan championat.som muxbirlari italiyalik futbol afsonasi bilan suhbat uyushtirishdi.
Quyida ana shu intervyuni o‘qishingiz mumkin.
- Moskvaga ilk bora 2001 yili kelgandingiz. O‘shanda «Roma» «Lokomotiv»ga qarshi bahs olib borgan. O‘tgan davr mobaynida shahar o‘zgaribdimi?
- Kecha tunda uchib keldim. Shu bois ham shaharni tomosha qilishga imkon tug‘ilmadi. Lekin Moskva juda chiroyli shahar ekanligini bilaman. Imkoni tug‘ildi deguncha shaharni aylanib chiqaman.
— Qachon? Qaytishingizdan oldinmi?
— Yozda Moskvada «Afsonalar superkubogi» bo‘lib o‘tadi. Unda terma jamoalarning faxriy o‘yinchilari o‘ynashadi. Buning ustiga keyingi safar Moskvaga oilamni ham olib kelmoqchiman.
- Moskvada hozir diqqat markazidasiz. Charchatib ham yuborishgandir?
- Italiyada bundan ham qiyin (kuladi). Lekin haqiqatan xorijda ham oson emas. Shaxsiy hayotingizda bu turli noqulayliklarni keltirib chiqaradi. Rimning janubiy tarafida istiqomat qilaman. Chunki markazda yashashning iloji yo‘q.
Bir necha yillardan buyon Via del Korso (Rimning mashhur ko‘chalaridan biri) ko‘chasiga bormayman. Boshqa tarafdan ko‘chalarni aylanish uchun vaqtim yo‘q. Hattoki dam olish kunlarimda ham ishim juda ko‘p. Ammo muxlislar e’tiborida bo‘lish yoqimli.
- Rim mehmonlari uchun Franchesko Totti qanday maslahatlar beradi - qayerga borish, nimani ko‘rish kerak?
- Rimning hamma joyida yaxshi. Buni rimlik bo‘lganim uchun aytmayapman. Bu - fakt. Qayerga qaramang qandaydir yodgorlik, favvora yoki chiroyli binoni ko‘rasiz. Bundan tashqari, dengiz, tog‘lar. Bu - inson uchun, sayyohlar uchun kerakli jihat.
- Rimda kim mashhurroq: sizmi yoki Rim papasi?
- (Oq futbolkasini ko‘rsatib) Albatta, men. Ko‘rib turibsiz-ku, oq kiyimdaman. Lekin, bu - hazil. Albatta, papa mashhurroq.
- Faoliyatingizni yakunlagan kuningizning ertasiga nima qildingiz?
- Oxirgi 25 yildagi dastlabki ta’tilimga chiqdim. Ta’tilni oilam bilan birga o‘tkazdim.
- Kutilmagan savol: oxirgi marta qachon qo‘shiq aytgansiz?
- Qo‘shiq aytmaganim yaxshiroq (kuladi).
— Nima uchun?
— Agar kuylasam, atrofdagilarning barchasi qochib ketadi. Shu bois ham faqat eshitaman.
— Masalan qanday qo‘shiqlarni eshitasiz?
— Oxirgi paytlarda kichik qizim bilan asosan bolalar qo‘shiqlarini tinglayapman. Umuman olganda, uch nafar farzandim bor. 12 yildan buyon farzandlarimni tarbiyalayapman. Shuning uchun ham, bolalar qo‘shiqlari va ertaklarining bir nechtasini bilaman.
- Kimni tarbiyalashga ko‘proq vaqt va kuchingizni sarflagansiz: o‘z farzandlaringiznimi yoki Antonio Kassanoni?
- Ikkisi ham birdek qiyin bo‘lgan (kuladi). Doim mashg‘ulotlar bazasida edim. Uyimdagidan ko‘ra u yerda ko‘p vaqtimni o‘tkazganman. Lekin, baribir, oilam uchun, bolalarim uchun qalbimni berganman.
Akmal ESHONXONOV tayyorladi