«Manchester Yunayted» klubi hujumchisi Antoni Marsyal jamoani tark etishi mumkin.
Futbolchining mankunianliklar bilan amaldagi shartnomasi 2019 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan. Shartnomada kelishuvni yana bir yilga uzaytirish mumkinligi haqida band bor.
Dekabrda fransiyalik o‘yinchining agenti «Manchester Yunayted» rahbariyati bilan uchrashgandi. O‘shanda ikki tomon amaldagi shartnomani uzaytirishi kutilgandi, biroq bu amalga oshmadi.
Hujumchi o‘ziga bo‘lgan bunday munosabatdan norozi. Marsyalning fikricha, «Manchester Yunayted» uning iqtidorini yetarli darajada baholamayapti. Yarim himoyachi Aleksis Sanchesning kelishi bilan Antonining yangi kelishuvi borasidagi muzokaralar to‘xtatib qo‘yildi. Shundan so‘ng, Manchesterdan uy sotib olish taraddudida yurgan Marsyal bu fikridan qaytgan.
22 yoshli fransiyalik o‘yinchiga «Tottenxem», «Inter» va «Real» klublaridan qiziqish bor. Madridliklar Garet Beyl boshqa klubga yo‘l oladigan bo‘lsa, uning o‘rnini Marsyal bilan to‘ldirishni mo‘lal qilmoqdalar.