16 mart kuni “Qo‘qon-1912” jamoasi superliga 3-tur doirasida Bekobodning “Metallurg” klubi mehmoni bo‘ladi. Mazkur uchrashuvga doir ma’lumotlar bilan tanishtirib o‘tamiz.
17-to‘qnashuv
O‘zbekiston chempionatida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan bekobodliklar bilan shu kunga qadar 16 marta maydonga tushganmiz. Mazkur uchrashuvlarning sakkiztasida vakillarimizning qo‘li baland kelgan. Oltita bahsda “Metallurg” g‘alaba qozongan. Ikkita o‘yinda durang natija qayd etilgan.
To‘plar nisbati – 27-24 jamoamiz foydasiga. O‘zaro o‘yinlarda “Qo‘qon-1912” 26 ochkoni qo‘lga kiritgan. Bekobodliklar hisobida 20 ochko mavjud .
Yirik g‘alabalar
Vakillarimiz ushbu jamoani uch marta yirik hisobda dog‘da qoldirishgan - 1999 yilda 5:1, 2003 yilda 4:0, 2017 yilda 3:0. O‘z navbatida “Metallurg” ham ikki marta jamoamizni yirik hisobda mag‘lub etgan – 2000 yilda 6:1, 2017 yilda 3:0.
O‘zaro o‘yinlarda qayd etilgan duranglar esa ushbu jamoalarning birinchi va ikkinchi uchrashuvlarida ya’ni, 1998 yildagi bahslarda qayd etilgan. 19 yildan beri bu klublar to‘qnashuvida durang natija kuzatilayotgani yo‘q.
Bekoboddagi o‘yinlar haqida
Jamoalarning Bekobodda o‘tkazilgan sakkizta o‘yinida olti marta mezbonlar zafar quchishgan. Jamoamizning Bekoboddagi bahslarida bitta g‘alaba va bitta durang natija qayd etilgan. “Qo‘qon-1912” klubi 2002 yilda Bekoboddan uch ochko bilan qaytgan.
Bekobodda o‘tgan uchrashuvlar:
22.09.2017 Metallurg – Qo‘qon 1912 3:0
30.04.2016 Metallurg – Qo‘qon 1912 3:1
06.06.2015 Metallurg – Qo‘qon 1912 2:1
14.05.2003 Metallurg – Qo‘qon 1912 3:1
23.03.2002 Metallurg – Qo‘qon 1912 0:2
20.09.2000 Metallurg – Temiryo‘lchi 6:1
18.04.1999 Metallurg – Temiryo‘lchi 2:0
29.05.1998 Metallurg – Temiryo‘lchi 1:1
Raqibimiz haqida
“Metallurg” jamoasi tarixi 1945 yilga borib taqaladi. Ikkinchi jahon urushi poyoniga yetgandan so‘ng, O‘zbekistonning metallurglar shahrida N.F.Ruskiy, A.Kuchkin, V.Li, V.Pak singari fidoyi insonlar tashabbusi bilan futbol jamoasi tashkil etilgan.
1945 yildan 1969 yilga qadar jamoaning nomi “Bekobod” deb yuritilgan bo‘lsa, 1969 yildan 1992 yilgacha “Sementchi” nomi ostida musobaqalarda ishtirok etgan. 1992-1998 yillarda bekobodliklar jamoasi “Ma’danchi” deb nomlangan. 1998 yildan e’tiboran Bekobod jamoasi “Metallurg” nomini olgan.
Jamoa turli musobaqalarda, jumladan, sobiq Ittifoq chempionati ikkinchi ligasida, Toshkent viloyati birinchiligi va Kubogi, KFK respublika jamoalari Birinchiligi va Kubogida, kasaba uyushma qo‘mitalari jamoalari o‘rtasidagi Respublika birinchiligida, “Millionlar Kubogi”da va boshqa musobaqalarda qatnashgan.
1991 yildan e’tiboran “Metallurg” futbol jamoasi O‘zbekiston birinchiligi va Kuboklarida muntazam ishtirok etib kelmoqda.
“Metallurg” jamoasi 1997 yilda O‘zbekiston birinchiligida 2-o‘rinni egallab, 1998 yilgi mavsumdan e’tiboran O‘zbekiston chempionatida (Oliy liga) qatnashish huquqiga sazovor bo‘ldi.
Jamoaning eng yaxshi natijasi 5-o‘rin. 2002 yilda “Metallurg” O‘zbekiston chempionatida beshinchi o‘ringa sazovor bo‘lgan.
Sobiq futbolchilar
O‘tgan mavsumni “Qo‘qon-1912” jamoasida o‘tkazgan Nikita Ribkin endilikda bekobodliklar safida hakarat qilmoqda. Nikita sobiq jamoasiga qarshi o‘yinda maydonga tushishi mumkin.
Murabbiylar
Yana bir qiziq ma’lumot. Ushbu jamoalarni boshqarayotgan har ikki bosh murabbiy – Andrey Shipilov va No‘’mon Hasanovlar “Paxtakor” jamoasida birga ishlashgan. Ushbu bahs ularning bosh murabbiylikdagi birinchi to‘qnashuvi bo‘ladi.
Hakamlar
“Metallurg”(Bekobod) – “Qo‘qon-1912” (Qo‘qon) o‘rtasidagi uchrashuvni Vadim Agishev boshchiligidagi hakamlar guruhi boshqarib boradigan bo‘lishdi.
“Metallurg” – “Qo‘qon-1912”
Hakamlar: V. Agishev (Toshkent), T. Galeev (Toshkent), A. Sidorov (Toshkent), B. Yulcharayev (Guliston).
Nazoratchi – I. Nexochin (Namangan).
Komissar - R. Chernikov