Navbatdagi «uik-end» turli-tuman voqealarga boy bo‘ldi: Angliyada jamoalar o‘rtasidagi murosasizlik ayrim fanatlarga ham yuqdi, Ispaniyada kasbdoshlari o‘z vazifalarini ado etayotgan paytda Messi rafiqasining «xet-trik»iga «assistentlik» qildi. Italiyada Davide Astorining bevaqt vafoti tufayli to‘xtab qolgan chempionat davom ettirildi.
Angliya. Qit’aning markaziy qarama-qarshiligi
«Old Trafford»da bo‘lib o‘tgan «MYU»-«Liverpul» o‘rtasidagi bahs nafaqat APL, balki barcha top-chempionatlarda haftaning markaziy uchrashuvi sifatida e’tirof etildi. Biroq sovrinlar borasida yaqqol yetakchilik qilayotgan ikki jamoa o‘rtasidagi bahs ishonchni to‘la oqlamadi. Ya’ni, Yurgen Kloppning hujumkor uslubi Joze Mourinyoning «avtobus»i qarshisida ojiz qoldi. Vaholanki, mezbonlar o‘yin arafasida Pogbadek mahorat sohibining xizmatidan foydalana olmaydigan bo‘lib qolishgandi. «Benazir» ta’biri bilan aytganda, fransiyalik yarim himoyachi oxirgi mashg‘ulotning so‘nggi daqiqalarida jarohat olgandi. Ammo bu yo‘qotish «qizil iblislar»ning samarali harakatlariga ta’sir etmadi. Birinchi bo‘limning o‘zida Reshfordning ikki aniq zarbasi Loris Kariusni dog‘da qoldirdi. Shundan keyin Mourinyo o‘z shogirdlariga «avtobus»ni puxta joylashtirish ko‘rsatmasini berdi. Natijada mehmonlar mustahkam himoyani yorib o‘ta olishmadi. Faqat Erik Bayining avtogolidan keyin o‘yinga bo‘lgan qiziqish jonlandi. To‘g‘ri, «Liverpul» Saloh va Mane yordamida bir qator xavfli hujumlarni uyushtirdi. Biroq ish aniq zarbagacha yetib bormadi. Qolaversa, uchrashuv hakami «MYU» darvozasiga penalti belgilashi mumkin bo‘lgan vaziyatda bunga jur’at etmadi. Avvaliga Valensiyaning jarima maydonchasi ichida qo‘l bilan o‘ynagani e’tibordan chetda qoldi. Keyin Manening Fellayni tomonidan yiqitilishi ham jazosiz qoldi. Xullas, «MYU» o‘z mavqeini mustahkamlab oldi. Ajablanarli tomoni shundaki, Kloppdek izlanuvchan murabbiy hanuzgacha noshud darvozabonlarga ishonch bildirmoqda.
London jamoalaridan uchtasi («Chelsi», «Arsenal», «Tottenxem») nihoyat g‘alaba qozonishdi. «Vest Xem» esa o‘z maydonida «Bernli»dan yirik (0:3) hisobda mag‘lub bo‘ldi. Shu bois, stadionda g‘ayritabiiy voqealar kuzatildi - alamiga chidolmagan muxlislardan biri maydonga sakrab tushib, suyukli jamoasining yarim himoyachisi Mark Noublga tashlandi. O‘zini yo‘qotib qo‘ymagan futbolchi muxlisni kurash uslubi bilan maydonga qulatdi. Boshqa bir «shovvoz» burchak bayroqchasini yulib olib, maydon markazidan maxsus loja tomon yo‘l oldi. Uning sheriklari ham lojaga yaqinlashib, «Vest Xem» sohibidan klubni sotib yuborishni talab qila boshladilar. Mag‘lubiyat «bolg‘achilar»ni autsayderlarga yaqinlashtirib qo‘ydi.
Ispaniya. Messining oilaviy «xet-trik»i
La-liga peshqadami bu turda Malagaga safar uyushtirib, ortiqcha qiyinchiliksiz navbatdagi 3 ochkoni qo‘lga kiritdi. Qolaversa, o‘zining yorqin yulduzi - Lionel Messini uzrli sababga ko‘ra o‘yindan ozod qildi - hujumchining oilasida uchinchi o‘g‘il dunyoga keldi. Leo esa rafiqasining o‘ziga xos «xet-trik»iga «assistent»lik qildi. O‘sha oqshom uning o‘rniga Suares bilan Koutinyo «Malaga» darvozasini ishg‘ol etishdi. Parij safaridan horg‘in, lekin ko‘tarinki kayfiyatda qaytgan «Real» bu turda yevrokubok yo‘llanmasi uchun kurashayotgan «Eybar»ni qiyinchilik bilan bo‘lsada, mahv etdi. E’tiborlisi, muhim g‘alabaga jamoa Ronalduning «dubl»i evaziga erishdi. Joriy yilni sermahsul o‘tkazayotgan portugaliyalik mergan Primeraning sakkiz uchrashuvida 14ta gol urdi, faqat bir marta maydonni golsiz tark etdi. «Qirollik klubi»ga uchinchi pog‘onani bo‘shatib bergan, lekin ta’qibni to‘xtatmagan «Valensiya» ham safardan ishonchli g‘alaba (2:0) bilan qaytdi. Boz ustiga, «ko‘rshapalaklar» o‘zlarining eng yaqin ta’qibchilari - «Sevilya»ni yengishdi. Uchrashuvda Rodrigo «dubl»ga erishdi. «Atletiko» esa bu turda «Selta»ni qabul qilib, yirik (3:0) g‘alabani rasmiylashtirdi. Darvoqe, bahsda hisobni ochgan Antuan Grizmann oxirgi 4ta uchrashuvda sakkkiz marta raqib darvozabonlarini ranjitdi. U fevral oyida Primeraning eng yaxshi futbolchisi unvoniga sazovor bo‘ldi.
Germaniya. «Bavariya» shahdam odimlamoqda
Ortda qolgan har bir tur bundesliga grandini nurli cho‘qqiga yetaklamoqda. Bu gal Yupp Xaynkess shogirdlari «Alyans Arena»dagi 75000 muxlisga 6ta javobsiz gol sovg‘a qilishdi. Qizig‘i, «xet-trik»ka erishgan Levandovski o‘z hisobiga «poker»ni yozib qo‘yishi ham mumkin edi. Biroq u bitta penaltidan unumli foydalana olmadi. Riberi «dubl»ni qayd etgan bo‘lsa, Robben yagona gol bilan kifoyalandi. Myunxenda sharmandali mag‘lubiyatni qabul qilgan «Gamburg» esa aftidan quyi divizionga tushib ketadigan ko‘rinadi. Shu paytgacha jamoa bunday omadsizlikka duch kelmagandi. Hozirda klub prezidenti va sport direktori direktorlar kengashining qaroriga ko‘ra klubni tark etishdi. Bu holat vaziyatni yanada chigallashtiradi. Chempionatda qatorasiga to‘rtinchi g‘alabaga erishgan «Shalke» ikkinchi o‘rinni saqlab qoldi. Jamoa «Mayns» maydonidan muhim g‘alaba (1:0) bilan qaytdi.
«Borussiya» D.ning qiyin (3:2) g‘alabasida esa Mishi Batshuayi muhim rol o‘ynadi. Dortmundliklar safida olti marta maydonga tushgan hujumchi 5ta gol urdi. Debyutant uchun yuksak natija!
Italiya. Peshqadam o‘zgardi
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.