Xabaringiz bor, bugun yarim tunda Marokash – O‘zbekiston terma jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Akram Komilov bilan suhbatlashdik.
-Marokash bilan bo‘ladigan o‘rtoqlik uchrashuvi oldidan nimalar deya olasiz?
-Bugungi o‘yin biz uchun yaxshi o‘tadi deb o‘ylayman, bu kabi uchrashuvlar keyinchalik bizning foydamizga ishlashi aniq. Masalan, ushbu o‘yinlar orqali o‘zimizga bo‘lgan ishonch ortadi.
-Marokash matbuotida O‘zbekiston terma jamoasini kuchsiz raqib deya atashmoqda. Bu xabarlarga qanday munosabat bildirasiz?
- Ularni gapiga qo‘shilmagan bo‘lardim. Mayli ular qanday gapirishni istashsa shunday gapiraverishsin. Men va jamoamiz bunaqangi gaplarga e’tibor bermaymiz. O‘z o‘yinimizni o‘ynashda davom etaveramiz.
- Sizning o‘yinlaringiz muxlislar tomonidan ijobiy baholanmoqda. Denísovning yo‘qligi jamoaga salbiy ta’sir ko‘rsatmayaptimi?
- Birinchi navbatda, menga shunchalik ishonch bildirib, milliy terma jamoaga chaqirganliklari uchun murabbiylarga katta rahmat aytmoqchiman. Bizni bor qiladigan ham, yo‘q qiladigan ham muxlislar. Ularga ham katta rahmat aytaman. Men to‘g‘rimda iliq so‘zlar aytilayotgani yaxshi, buni oqlash kerak bo‘ladi albatta.
Shuning uchun qo‘limdan kelgan barchasiga tayyorman. To‘g‘risi, Denisovning o‘yinlarini ko‘rib hayratga tushaman, u haqiqiy jangchi! Uning terma jamoadagi o‘rni bo‘lakcha, men hali uning darajasiga yetganimcha ancha mehnat qilishim kerak.
- Senegal bilan bo‘lgan uchrashuvdan so‘ng jamoadagi kayfiyat qanday va tiklanish jarayonlari haqida gapirsangiz?
- Birinchi uchrashuvdan so‘ng jamoadagi kayfiyat yaxshi. Hamma birgalikda harakat qilmoqda. Marokash bilan bo‘ladigan uchrashuvga qizg‘in tayyorgarlik ketmoqda.
- Terma jamoaga taklif qilingan yoshlar o‘zlarini ko‘rsata olishyaptimi?
- Ha, albatta, ular o‘zlarini ko‘rsatishmaganida terma jamoadan taklif olishmas edi. Biz yoshlar tajribali futbolchilardan o‘zimizga kerakli bo‘lgan narsalarni o‘rganayapmiz va bu natijasini beradi albatta.
- O‘zbekiston terma jamoasi murabbiylar shtabi necha kishidan iborat? Ular kimlar?
- Bosh murabbiy Timur Kapadze, yana Andrey Fyodorov, Agustin va Mirjalol Qosimovlar bor. Ular bizga o‘zlarini ko‘rsatmalarini berishmoqda.
- Marokashni qanday yutish mumkinligini ayta olasizmi?
- Marokashni jamoaviy o‘yinimiz bilan yutishimiz mumkin, buning uchun har bir futbolchi bir xil o‘ylashi va harakatlanishi kerak. Shunda jamoa g‘alaba qozonadi.
- Xorijiy klublardan takliflar bo‘ldimi?
- Ha bo‘ldi takliflar, bu sir bo‘la qolsin! Lekin bir narsani ayta olaman u jamoa Yevropa Chempionlar Ligasida o‘ynaydigan jamoa...
- Rad javobini berdingizmi? Nahotki!?
- Ha, chunki, “Bunyodkor” bilan amaldagi shartnomam bor. Qolaversa, og‘ir vaziyatda ularni tashlab keta olmayman.
- Bugungi uchrashuv siz uchun, qolaversa, milliy terma jamoa uchun juda muhim. Tajribali futbolchilar, xususan, Odil Ahmedov “qanotida” o‘ynash qanday kechadi?
- To‘g‘risini aytsam, Odil Ahmedov bilan terma jamoada o‘ynash niyatim bor edi. Xudoga shukur bu amalga oshmoqda.
Tajribali futbolchilar bilan maydonda birga bo‘lsang sen uchun jarayonlar osonroq kechadi. Sababi bilmaganlaringni ular o‘rgatadi. Shu boisdan ular bilan o‘ynash bir qarashda oson kechadi.
-Kimga o‘xshashni xohlaysiz?
- Jordi Alba!
-Jahondagi eng yaxshi futbolchi?
- Shubhasiz, Messi!
Ma’mur Parmonov suhbatlashdi