Kirish Ro'yxatdan o'tish
20/05 00:00 Loryan 5-0 Klermon
20/05 00:00 Monako 4-0 Nant
20/05 00:00 Lill 2-2 Nissa
20/05 00:00 Lion 2-1 Strasbur
20/05 00:00 Reyms 2-1 Renn
20/05 00:00 Lans 2-2 Monpelye
20/05 00:00 Tuluza 0-3 Brest
20/05 00:00 Gavr 1-2 Marsel
20/05 00:00 Mets 0-2 PSJ
20/05 19:00 Dinamo 1-1 Paxtakor
20/05 19:00 Surxon 0-1 Nasaf
20/05 21:30 Salernitana 1-2 Verona
20/05 23:45 Bolonya 3-3 Yuventus

Orzu sari qadam yoxud Bolt endi «Borussiya» futbolchisiga aylanadimi?

Orzu sari qadam yoxud Bolt endi «Borussiya» futbolchisiga aylanadimi?

Baho:
+ | -

Yamaykalik afsonaviy sprinter Dortmund klubining mashg‘ulotida to‘laqonli ishtirok etdi. Ko‘pchilik biladi, yengil atletika qiroli (8 karra Olimpiada va 11 karra jahon chempioni) professional futbolchi sifatida ham o‘zini ko‘rsatmoqchi.

Yamayka faxri bu orzu yo‘lida allaqachon jiddiy harakatga kirishgan ham. Qiziq, u futbolchilar orasida qanday ko‘rindi?

«SE» nashri Boltning aynan «Borussiya»dagi mashg‘ulotiga to‘xtalish barobarida uning atrofida yuz berayotgan va kuzatilishi kutilayotgan voqealarga e’tibor qaratdi.

NIMA BO‘LDI?

100 va 200 metr masofaga yugurish bo‘yicha 31 yoshli jahon rekordchisi «Borussiya» mashg‘ulotiga qo‘shilgan payt havo ancha sovuq edi - chamasi minus 5 daraja. 2017 yilgi jahon chempionatidan so‘ng yengil atletika bilan xayrlashgan sportchi umumiy guruhda to‘laqonli ishladi. Ya’ni unga hech qanday imtiyoz berilgani yo‘q.

Bolt xususan, chigalyozdi mashqlaridan so‘ng o‘tkazilgan ikki tomonlama o‘yinda ham qatnashdi. To‘g‘ri, u maydonda goho sprinterlik qobiliyatini ko‘z-ko‘z qilishdan tiyilmadi. Ya’ni harakatlarida futbolga xos usullardan ko‘ra, yengil atletika «qurol»lari yaqqolroq sezildi.

Muhimi, Useyn «Borussiya» futbolchilaridan ajralib qolmadi. Misol uchun, hamma qatori yig‘ma darvozani ko‘tarib, belgilangan joyga o‘rnatdi, penalti tepishda mahorati chakki emasligini ko‘rsatdi.

Bitta farqi shuki, mashg‘ulotdan so‘ng futbolchilar darhol tarqalishdi, Bolt esa majburiyat yuzasidan jurnalistlar bilan gaplashishga vaqt ajratdi.

Aytish joiz, Dortmund klubi rahbariyati qaroriga ko‘ra, mashg‘ulot jarayoni ochiq bo‘ldi va yamaykalik sportchining futbolchilar davrasidagi ishini chamasi 1500 muxlis bevosita kuzatib bordi.

BUNGACHA NIMA BO‘LGANDI?

Ko‘pchilikka ma’lum, Bolt yengil atletika ichida «qaynayotgan» pallalarda ham o‘z salohiyatini katta futbolda sinab ko‘rish orzusini yashirmagan, bu borada takror-takror gapirgan. «Manchester Yunayted»ga oshufta sobiq sprinter nega aynan «Borussiya»da yuribdi? Gap shundaki, Dortmund va Manchester jamoalari yagona texnik homiyga ega.

Bolt yengil atletika bo‘yicha oxirgi jahon chempionatida biroz «oqsadi». Ya’ni 2017 yilning avgustida Londonda tashkillashtirilgan musobaqaning 100 metr masofaga yugurish yo‘nalishida atigi bronza medalini qo‘lga kiritdi. Vaholanki, bu masofa uning uchun eng qulayi hisoblanardi.

Boz ustiga, Useyn 4x100 metrga yugurish estafetasining final bosqichida jarohatga yo‘liqdi. Yamaykalik sportchi shundan so‘ng tiklanish jarayoniga ancha vaqt sarfladi va qishda yana futbolchilik orzusi haqida gapira boshladi. Bu safar gaplari ancha jiddiy edi.

Xullas, yil avvalida mart oyigacha sabr qilishi va ke-yin Dortmundga yo‘l olishini aytgan Bolt futbolga reja bo‘yicha qadam tashlamoqda. To‘g‘ri, uning kelajagi, xususan, «MYU»da o‘ynash-o‘ynamasligi aniq emas - barchasi mashg‘ulotlar jarayoniga bog‘liq. Aytishlaricha, sport yulduzini shaxsan ser Aleks Fergyuson qo‘llab-quvvatlamoqda.

Darvoqe, Useyn fevralda ijtimoiy tarmoq orqali professional futbol klubi bilan rasman shartnoma tuzgani haqida xabar berib, chinakam shov-shuv ko‘targandi. Boz ustiga, u Chempionlar Ligasi darajasidagi jamoa safiga qo‘shilganini qo‘shimcha qilgandi. Natijada hamma Boltga o‘z eshigini ochgan klub nomini topishga urindi.

Ko‘pchilik «Borussiya» D. va «MYU»ni tilga olgani tushunarli, shuningdek, JARning «Mamelodi Sandaunz» jamoasi varianti ham muhokama qilindi. Keyinroq Boltning 23 martdan «Borussiya» mashg‘ulotlariga kirishishi va 10 iyun kuni «Old Trafford»da tashkillashtiriladigan xayriya o‘yi-nida ishtirok etishi rasman tasdiqlandi.

Aytgancha, yamaykalik sportchi «Borussiya» mashg‘ulotlariga qo‘shilishdan 2 kuncha oldin Shveysariyada bo‘lib, Diyego Maradona va Joze Mourinyo jamoalari o‘rtasidagi shou uchrashuvida maydonga tushdi.

Ushbu tijorat o‘yini mini maydonda o‘tkazildi va unda Aleksey Smertin, Marko Materassi, Ernan Krespo, Roberto Karlos, David Trezege, Marsel Desayi, Patrik Klyuyvert, Demyen Daff kabi sobiq futbolchilar qatori FIFA prezidenti Janni Infantino ham to‘p surdi.

ENDI NIMA BO‘LADI?

DAVOMI

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 00:15, 02.04.2018.
O'qildi: 6880 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.