Kirish Ro'yxatdan o'tish

«Yuventus» – «Real»: ikki karra revansh

«Yuventus» – «Real»: ikki karra revansh

Baho:
+ | -

Yanami?

Yevropa chempionlar ligasining chorak finaliga qur’a tashlanib, bu ikki jamoa bir-biriga ro‘baro‘ bo‘lganida, Madrid va Turinda birday «Yanami?» degan savol paydo bo‘ldi.

Ko‘pchilik o‘tgan yilgi tarixiy finalni eslaydi. Kardiffdagi final bahsida 4:1 hisobi qayd etilgan edi. O‘shandan buyon Turin revansh o‘tida yonayotgan bo‘lsa, madridliklar buyuk g‘alabadan rohatlanishda davom etishmoqda.

Ammo statistikaga e’tibor qaratsak, so‘nggi to‘rt yil ichida «Real»ni pley-offdan chiqarib yuborgan yagona jamoa aynan «Yuventus» ekan. 1992 yili turnir formati o‘zgarganidan buyon «qirollik klubi» vakillari «Yuventus»ni biror marta chempionlar ligasining pley-off bahslaridan chiqarib yubora olmagan. Gap final haqida ketganda, umuman boshqa manzara – «Yuventus» ikki marta (1998, 2017) taslim etilgan. Turinliklarning alami ichida: ular ikkita final uchun revansh olishlari lozim.

Kim kimga to‘qnash keladi?

«Yuventus» so‘nggi yillarda ancha tartibli o‘yin ko‘rsatmoqda. Mavsumdagi holat va maydonda kim bo‘lishidan qat’i nazar, bu ikki jamoa doimo o‘z oldiga eng yuksak maqsadlarni qo‘yadi.

«Yuventus» o‘tgan mavsumlardan farqli ravishda himoyada Leonardo Bonuchchi va Dani Alvessiz o‘ynaydi. Qolganlari o‘sha-o‘sha finalgacha yetib borgan jamoa: Buffon, Kellini, Dibala va Iguain. Birinchi o‘yinni «Yuventus»ning ikki muhim futbolchisi Miralem Piyanich va Mehdi Benatialar sariq kartochka tufayli o‘tkazib yuborishga majbur. Ilk o‘yinda bor e’tiborni Iguainga qaratish maqsadga muvofiq. Uning o‘zi uchun qadrdon bo‘lgan «Santyago Bernabeu»ga yillar o‘tib ilk bora kelishi. Argentinalik futbolchi har doimgidan-da kuchliroq o‘ynayotgani madridliklarni cho‘chitayotgan bo‘lishi turgan gap.

«Real»da hammasi joyida desa ham bo‘ladi. So‘nggi o‘yinda bosh murabbiy Zidan jamoa yetakchilariga dam berdi. Asosiy tarkib himoyachilari Ramos, Marselo, Karvaxal, markazdagi Isko, hujumchi Ronaldu «Las-Palmas»ga qarshi o‘yin qaydnomasiga kiritilmagan bo‘lsa, Modrich va Kazemiro o‘yin vaqtida zaxiraga olindi. Faqatgina o‘sha o‘yinda himoyachi Nacho jarohat olib maydonni sheriklariga nisbatan oldinroq tark etdi.

So‘nggi o‘yinlar

Ichki chempionatning so‘nggi besh o‘yinidan to‘rttasida g‘alaba qozongan «Yuventus» faqatgina SPAL bilan o‘yinda nursiz durang qayd etdi. «Real»da to‘rtta g‘alaba va bir mag‘lubiyat bor.

«Yuventus» A seriyada karvonboshlik qilayotgan bo‘lsa, «Real» «Atletiko»dan 4, «Barselona»dan 13 ochko ortda qolib, turnir jadvalida uchinchi o‘rinda bormoqda. «Yuventus» Italiya chempionatining 2018 yilgi bahslarida o‘z darvozasidan bittagina to‘p olib chiqdi. U ham bo‘lsa so‘nggi turda «Milan» bilan o‘yinda ro‘y berdi. «Qirollik klubi» quruq o‘yinlari bilan maqtana olmaydi. Ular so‘nggi turda 3:0 hisobida g‘alaba qozonishdi.

Chempionlar ligasining guruh o‘yinlarida har ikki klub ham ikkinchi o‘rin bilan pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. 1/8 finalda «Yuventus» guruh o‘yinlarida «Real» uchun bosh og‘rig‘i bo‘lgan «Tottenxem»ni qiyinchiliksiz yenggan bo‘lsa, madridliklar UYEFA bosh og‘rig‘i PSJga duch kelishdi. O‘yin oldidan parijliklarning favorit deya jar solinishi «Real» foydasiga ishladi.

 O‘zaro o‘yinlar statistikasi

Jamoalar o‘zaro 19 bor maydonga tushishgan. Ularning to‘qqiztasida «Real» g‘alaba qozongan bo‘lsa, sakkizta o‘yinda «Yuventus»ning qo‘li baland kelgan.

O‘yinlar 3 aprel kuni Turinda, 11 aprelda Madridda bo‘lib o‘tadi.

Manba: www.xabar.uz
Kiritildi: 19:22, 02.04.2018.
O'qildi: 10916 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.